Breaking News

Amerikalik o'qimishlilar soni rekord darajasiga yetgan


Ish o'rinlari yarmarkasida talabgorlar neft xizmati sohasiga hujjat topshirish uchun navbatda. Texas shtati, 2018-yil, 19-iyul.

AQSh tarixida ilk bor 25 yoshdan oshgan amerikalikning 90 foizi o’rta maktabni bitirgani qayd etildi. Ulardan uchdan bir qismi kamida oliy ma’lumotli. Magistratura va doktoranturada o’qiganlari ham talaygina.

1940-yil ko’rsatkichlarii bilan solishtirganda bu katta o’sish. AQSh Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, 1940-yillarda o'rta maktabni bitira olgan amerikaliklar soni 25 foizga ham yetmagan. O'sha davr yoshlarining 4,6 foizida bakalavr yoki undan yuqoriroq ma'lumoti bo’lgan.

Chet elda tug’ilgan amerikaliklar orasida o’rta ma’lumotga ega bo’lmagan yoshlar 2017-yilda 54 foizni tashkil etgan. Bu ko’rsatkich Lotin Amerikasidan kelganlar orasida yanada yuqori – 76 foiz.

Barcha irq va etnik guruhlarga mansub xorijda tug’ilganlar orasida o’rta ma’lumoti yo'qlar ko'proq bo'lsada, oliy ma’lumotlilar ko’rsatkichi Amerikada tug’ilganlarnikiga juda yaqin.

Amerikada tug’ilgan yoshlarning 34 foizida bakalavr diplomi bor. Xorijda tug’ilganlarda esa 33 foizni tashkil etadi.

1940-yillardan buyon o'rta maktabni tamomlaganlarga munosabat keskin o’zgargan. Bugungi zamonaviy AQSh mehnat bozorida, aksariyat hollarda, o’rta ma’lumotga egalik talab etiladi.

Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, 2007-2009-yillar inqirozi ko’plab amerikaliklarni ta'lim sari undagan.

Ana shu davrda ikki yillik kollejda o’quvchilar soni 33 foizga ortgan.

“Odatda, iqtisodiy qiyinchiklar davrida aksariyat yoshlar ishlash o’rniga yangi imkoniyat qidiradi yoki joriy ish faoliyatida o’sish maqsadida yana ta’lim olishga qaytadi”, - deydi Meykomb kolleji rahbari Jeyms Soyer. Michigan shtatining Vorren shahrida joylashgan bu kollejda yiliga 48 ming talabaga ta’lim beriladi.

2010-yilda mamlakat bo’ylab ikki yillik kollej o'quvchilari 29 foizni tashkil etgan. 2015-yilga kelib, 25 foizga tushgan.

Mehnat bozori o’sishi natijasida nisbatan kamroq amerikaliklar o’z ish o’rinlaridan kechib ta’lim olishga qaror qilgan. Shunga qaramay, ikki yillik kollejlarda o’qiydiganlar soni 2015-yilda 2006-yilga qaraganda 10 foizga ortgan.

“2009-2010-yillarda haqiqatdan ham talabalar soni ortdi va bu bevosita inqirozning natijasi edi. Hozirgi iqtisodning o’sishi, o'qishga talabgorlar sonini kamayishiga sabab bo'lyapti. Bu holat faqat bizning kollejda emas, barcha kollejlarda shu ahvol”, - deydi Jeyms Soyer.

Mutaxassislar fikricha, oliy ma’lumotli bo’lish o’zini oqlaydi. 2016-yilda o’rta maktabni bitirganlarning yillik daromadi 35 ming 615 dollarni tashkil etgan. Bakalavr diplomi borlar 65 ming 482 dollar, undan yuqori darajali ma'lumoti bo'lganlar yiliga 92 ming 525 dollar daromad qilgan.

Bu borada hanuz jinsiy notenglik kuzatiladi. Oliy ma’lumotli erkaklarning o’rtacha yillik daromadi 2016-yilda 79 ming 927 dollarni tashkil etgan. Bu ko’rsatkich aynan shunday ma'lumoti bo’lgan ayollarda 50 ming 856 dollar bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG