Breaking News

Qirg’iziston yoshlari muammolarni kamera orqali fosh etadi


“Kamera bolalar qo’lida”
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Qirgʻizistonning toʻrt hududida, jumladan, Oʻsh viloyatida yoshlar uchun yetti oydan beri “Kamera bolalar qoʻlida” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaga, asosan, maktab oʻquvchilari jalb etilgan. “Xalqaro tolerantlilik uchun” fondi vakili hamda mazkur loyihaning rahbari Erkin Qoʻchqorovning aytishicha, loyiha ishtirokchilari turli millat, jins hamda ijtimoiy qatlam vakillari boʻlgan yoshlardan iborat.

Unga koʻra, bu loyiha yoshlarning oʻzaro bir-birlarini yaqindan tanishi hamda birgalikda doʻstlik, tinchlik qurish, jamiyatdagi muammolarga birgalikda yechim izlashlari uchun sharoit tuzuvchi bir maydondir.

“Loyihaning maqsadlaridan biri yoshlar oʻz muammolarini qaror qabul qiluvchi shaxslarga oʻzlari tayyorlagan video lavhalar orqali yetkazish boʻlib hisoblanadi”, - deydi Qoʻchqorov.

Loyihaning Oʻsh viloyati boʻyicha muvofiqlashtiruvchilaridan biri Nazgul Abdukarim qizining aytishicha, loyihada gender masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shu bilan birga, ishtirokchilar faqatgina faol, aʼlochi oʻquvchilar emas.

“Loyihaga biroz bezori, yaxshi oʻqimaydigan, jamoatchilikka yaxshi qoʻshilolmagan yigit-qizlarni ham jalb qilganmiz”, - deydi Nazgul.

Qosimbek Burhonov Oʻzgan shahridagi maktablardan birida oʻqiydi. U “Kamera bolalar qoʻlida” loyihasidagi mashgʻulotlarda qatnashishdan avval maktabning faxrli oʻquvchilaridan boʻlmaganini, jamoat orasida ham doimo oʻz fikrini bildirishga qiynalib kelganini aytdi. Ayni paytda esa u oʻz doʻstlari bilan ota-onasiz qolib, ukalarini boqish uchun ishlashga majbur boʻlayotgan 15 yoshli yigitning muammolarini yoritish uchun film ishlamoqchi.

“Bu loyiha menga koʻp yordam berdi. Avvallari maktabga, darslarga qiziqmasdim. Lekin endi mening fikrim oʻzgardi. Atrofimga boshqacha qaray boshladim. Ehtimolki, bu loyihada qatnashmaganimda yomon yoʻllarga kirib ketishim mumkin edi”, - deydi u biz bilan suhbatda.

Qosimbekning sinfdoshlaridan yana biri Anora Murzabdullayeva esa turli shaharlarda oʻtkazilgan seminarlar vaqtida oʻzbek va qirgʻiz yoshlari oʻzaro suhbatlashib, bir-birlarini yaqindan tanib, avvalgi taassurotlari notoʻgʻri boʻlganini anglaganlarini gapirib berdi.

“Oldin ular (qirgʻiz yoshlari) ham tan oldi, sizlarni bunday deb oʻylamas edik, oʻzbek-qirgʻiz deb ajratar edik deyishdi. Bunaqa tushuncha toʻgʻrisi bizda ham yoʻq emasdi. Lekin ular bilan gaplashgandan keyin juda yaxshi doʻst boʻlib ketdik”, - dedi Anora.

Loyiha BMTning Tinchlik qurish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilib, Qurolli ixtiloflarni bartaraf etish boʻyicha global sheriklik (GPPAC) hamda Xalqaro tolerantlilik uchun fondi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Loyiha yakunida yoshlar tomonidan tayyorlangan filmlar televideniyelar hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG