Breaking News

78 yoshli Nensi Pelosi - AQSh Vakillar palatasi spikeri


Vashington, 3-yanvar, 2018
Vashington, 3-yanvar, 2018

78 yoshli demokrat Nensi Pelosi AQSh Vakillar palatasi spikeri etib saylandi. Oldin bu lavozimda xizmat qilgan, 2007-2011 yillar orasida. 47 yoshidan beri Kongressda va o'z partiyasi yetakchilaridan biri.

Pelosi spiker sifatida Prezident Tramp tanishtirgan siyosatni o'zgartirishga, Amerika iqtisodini ko'tarib, o'rta sinf manfaatlarini himoya qilishga va davlatning jahondagi nufuzini oshirishga va'da bermoqda.

U o'z nutqida Amerikaning ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollarning muhim o'ringa ega ekaniga to'xtaldi. O'rta sinf qatlamini demokratiyaning tayanch ustuni deb atadi. Amerika iqtisodiyoti har bir fuqaro manfaatiga xizmat qilishi kerakligini aytdi. Mamlakat xavfsizligini ta'minlash yo'lida xizmat qilayotgan barcha harbiylarga minnatdorchilik izhor etdi.

Spiker hukumat muayyan manfaatlarga emas, balki xalqqa xizmat qilishi lozim deb aytdi. Parlament ikki partiyaning teng ishtiroki asosida shaffoflik bilan faoliyat yuritishiga urg'u berdi.

Ikki haftadirki, hukumat faoliyati qisman to'xtagan. Spiker bu masalaga yechim topmoqchi.

Pelosi AQShning 40-prezidenti Ronald Reyganning so'nggi nutqidan iqtibos keltirdi: "Amerika eshiklarining begonalarga ochiq ekani uning qudratidan dalolat beradi".

Spikerlik qasamyodini keltirish uchun Pelosi nabiralari va tadbirga kelgan bolalarni yoniga chaqirdi.

Pelosi Kalifornitya shtatidan saylangan lekin asli Merilend shtatining Baltimor shahrida siyosatchilar oilasida ulg'aygan. Italyan-amerikaliklar avlodidan. Katolik. Pelosi besh farzandning onasi va bir necha nabiraning buvisi. Turmush o'rtog'i Pol Pelosi bankir.

Yangi Kongress: 435 a'zolik Vakillar palatasida 102 qonunchi ayol, 100 a'zolik Senatda esa 25 nafari. Senat respublikachilar qo'lida, Vakillar palatasi esa demokratlarniki.

Spiker lavozimi hokimiyatda prezident, vitse-prezidentdan keyingi uchunchi o'rinda. Agar biror sabab prezidentning o'rnini vitse-prezident egallay olmasa, rahbarlik spikerga o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG