Ekstremizm Qozog'iston uchun dolzarb masala

  • Amerika Ovozi

Hazrat Sulton masjidi, Ostona

Qozog’iston yaqinda Suriya bo’yicha tinchlik muzokaralariga mezbonlik qildi. Davlatning nufuzi oshdi. Shu bilan birga terrorizm mahalliy muammo ekaniga ham e’tibor qaratdi.

Qozog’iston yanvar oyida Suriya bo’yicha tinchlik muzokaralariga mezbonlik qildi. Bir tomondan bu voqea davlatning nufuzini oshirdi. Ikkinchi tomondan esa terrorizm masalasi mahalliy muammo ekaniga ham e’tibor qaratdi.

Muzokaralarda jangarilar qatnashmadi. Terrorist deb qaralgan guruhlar davraga taklif qilinmadi. Qozog’iston rasmiylari jangarilar bilan muloqot qilmasligini aytib keladi.

Qozog’istondan yuzlab yoshlar Suriya va Iroqdagi terror to’dalari safida yurgani tan olinadi. 2016-yilda mamlakatda yuz bergan xurujlar, deydi rasmiylar, Suriyadan turib buyurilgan.

“Islom qon to’kilishiga qarshi; islom – tinchlik”,- deydi Ostonadagi Hazrat Sulton masjidi imomi Serikboy Hoji O’roz. “Suriyaga ketganlar, afsuski, anchagina. Ayrimlari qaytdi. Jamiyatga qayta qo’shilishidan oldin qayta tarbiyalandi”.

“Suriya va Iroqda tinchlikka erishsak, Qozog’iston ham tinchroq bo’ladi”, - deydi Olim Shaumetov, Qozog’iston davlat reabilitatsiya markazi rahbari.

Bu markaz vataniga tinchlik izlab qaytgan sobiq jangarilar bilan ishlaydi. Terroristlarga qo’shilaman degan yoshlarni to’g’ri yo’lga qaytarishga urinadi.

“Radikalizm, xalqaro terror tizimlari, saytlar, mutaassiblikni targ’ib qiluvchi materiallarga qiziqqan yoshlar ko’p”, - deydi Shaumetov.

Pokistonga borib, al-Qoidaga qo’shilaman deb buning uddasidan chiqa olmagan yigit “Amerika Ovozi” bilan gaplashar ekan, o’zini Jonserik deb tanishtiradi. Asl ismi boshqacha.

“Og’aynilarim safiga bormoqchi edim”, - deydi u.

"Do’stlarim taqdiriga befarq emasman. Xavotir olaman. Ular yomon odamlar emas. Imkon bo’lganida, faqat yaxshi ishlar qilgan bo’lar edi ular. Men ulardan yuz o’gira olmayman”.

Hazrat Sulton masjidi “Hikmat” TV degan markaz ochib, ekstremizmga qarshi tashviqot olib boradi. Islomni terroristlardan o’rganmang, deydi.

"Maqsadimiz – radikalizmni yo’q qilish”, - deydi imom Serikboy Hoji O’roz. “Bu degani yosh avlod ongini tozalash kerak, buzilmaganlarini qora kuchlardan saqlash kerak”.

Namozdan keyin odatda yoshlar uchun alohida mashg’ulotlar taklif qilinadi. Islom va musulmonlik haqida nimaiki savol bo’lsa, imom va boshqa o’qimishli odamlar javob berishga harakat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG