Breaking News

Qozog'iston Suriyadan 400 ga yaqin bolani olib kelmoqchi


Qozog’iston Suriyadan 400 nafarga yaqin qozog`istonlik bolalarni olib chiqish harakatini boshlagan. O’zbekiston tomonining bu borada biror chora ko’rayotgani noma`lum, ammo Suriya va Iroq hududida qolgan o’zbekistonlik bolalar bundan bir necha barobarga ko’p deb baholanmoqda.

Sharhlovchilarga ko’ra, turli ekstremistik guruhlar safida jang qilganlar soni bo’yicha o’zbeklar yetakchilik qilishi inobatga olinsa, bugun Suriya va Iroq hududida qolgan yuzlab bolalarning taqdiri mavhumligi ayonlashadi. Hukumat bu borada jamoatchilikka izoh berishi kerak, deydi ular.

Qozog’iston diniy boshqarmasi rahbari Daniyar Yesinning matbuotdagi intervyusiga ko’ra, ayni paytda Qozog’iston hukumati 390 nafar qozog’istonlik bolani Suriyadan olib chiqish bo’yicha harakat boshlagan. Bolalar vataniga qaytarilgandan so’ng radikal diniy oqimdan zararlangan guruh sifatida reabilitatsiyadan o’tkazilishi ta’kidlanadi. Bolalarning yoshi, qachon va qanday sabablarga ko’ra Suriyaga borib qolgani haqida tafsilotlar yo’q, ammo ular Suriyada jang qilgan qozog’istonliklar oilasiga tegishli ekanligi taxmin qilinadi.

Suriyadagi o`zbekistonlik bolalar taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas, ammo kuzatuvchilar ularning sonini qozog'istonliklarga qaraganda bir necha barobar ko’pga baholashmoqda.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, Qozog’iston Suriyada qolgan fuqarolari, bolalar haqida aniq ma’lumotga ega ekan, O’zbekiston tomonida bunday ma’lumot bo’lmasligini tasavvur etish qiyin. Hukumat bu bolalar taqdirini aniqlashtirish yuzasidan zarur choralar ko’rishni boshlashi kerak.

“O’zbekiston maxsus xizmatlari bu borada aniq ma’lumotga ega emas, deb hisoblamayman, agar AQShlik ekspertlar tahlilidan kelib chiqib, 1,5 ming atrofidagi o`zbekistonlik Suriya hududida jang qilgan deb hisoblasak ham, gap bir necha yuz o’zek bolalari haqida borayotgani ayonlashadi. Bolalar otalarining qarori, jinoyati uchun javob berishmaydi, mayli hatto ularning onalarida javobgarlik bor deb ko’rilgan taqdirda ham. O’zbekiston bu bolalarni qutqarish, ularni olib chiqish uchun AQSh, Rossiya va boshqa tomonlar bilan muzokaralarni boshlashi kerak, bu bolalar O’zbekistonniki”, - deydi Alisher Ilhomov.

Rossiyalik ekspert Andrey Serenkoga ko’ra, Suriyadagi ekstremistik guruhlarga qo’shilgan jangarilar soni bo’yicha mintaqada o’zbeklar yetakchi, bu yuzlab o`zbekistonlik bolalar taqdiri mavhum qolayotganini anglatadi.

“Suriya va Iroqda O’zbekistonga tegishli bolalalar, oilalar ancha ko’pligini taxmin qilish mumkin. Ularni kim bu janggohdan olib chiqadi, O’zbekiston hukumatining o’zi bu bolalarni qabul qilishga tayyormi? Bu hammasi ochiq qolayotgan savol. Qolaversa, bu bolalarning aksariyati “Islomiy davlat” guruhi hududida tug’ilgan, ularda boshqa davlatlar tomonidan tan olinishi mumkin bo`lgan biror hujjat ham yo’q”, - deydi Andrey Serenko.

O’zbekiston Suriyadagi yoki Suriyadan qaytgan fuqarolariga oid biror ma’lumotni oshkor etmagan. Yaqinda matbuot Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov Suriyadan Rossiyaga qaytarilayotgan 44 kishi ichida o’zbekistonlik bir ayol, uning farzandlari ham borligi haqida yozgan edi.

O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan dinidorlarga nisbatan munosabatda ham o’zgarishlar kuzatildi. Turli noqonuniy guruhlarga “qo’shilib” qolganlar afv qilindi, “qora ro’yxat”dagilarning ayrimlari undan o’chirildi. Ammo jihodchilikka ketgan jangarilar, asosiysi, bu jangarilarning farzandlari, ayollariga nisbatan munosabat qanchalik o’zgargani, ularning ortga qaytishlariga ruxsat bor yoki yo’qligi noma’lum.

Andrey Serenkoga ko’ra, O’zbekiston tomonining Suriyadagi urush maydonida qolayotgan bolalar taqdiriga qiziqish bildirayotgani kuzatilmaydi.

“Hozirgi vaziyatda fuqarolari bu urushga qo’shilgan aksariyat davlatlar, bu qanchalar shafqatsiz ko’rinmasin, Suriyadagi urushning o’zi vaziyatga bir yechim topadi, degan o’lchamda turishibdi. Nazarimda, Suriya va Iroq hududida qolayotgan bolalar taqdiri yuzasidan bu urushga tortilgan tomonlarning o`zaro muvofiqlashgan amaliyoti lozim. U yerda nafaqat O’zbekiston, balki sobiq ittifoqdan borgan, vaziyat taqozosiga ko’ra bu hududda qolib ketayotgan, taqdirlari mavhum minglab bolalar, ayollar bor”, - deydi Sirenko.

Alisher Ilhomov fikricha, qo’shni Qozog’iston bu masalani ochiq muhokama qilayotgan bir paytda O’zbekiston hukumati ham Suriyadagi fuqarolari, ayniqsa, bolalarning taqdiriga oid ochiq bayonot bilan chiqishi kerak.

“Qozog’iston bu bolalarni olib kelmoqchi, ularni ehtimoliy ektremistik g’oyalardan tozalamoqchi. O’zbekistonliklar doir vaziyat ham shunga yaqin ekanligi ayon, ammo hukumat bu borada sukut saqlayotgani vaziyatni mavhumlashtiradi. Ishonaman, O’zbekistonda bu bolalarning qarindoshlari qolgan. Hukumat bu masalada vaziyatni oydinlashtiruvchi bayonot qilishi kerak. Jamoatchilik bolalarning taqdiri nima bo’layotganini bilishga haqli”, - deydi Alisher Ilhomov.

Suriya va Iroqdagi “Islomiy davlat”, shu kabi boshqa ekstremistik guruhlar safidagi o`zbekistonliklar soni haqida aniq ma’lumotlar yo’q. Ammo xalqaro tadiqiqotlarda bu guruhlardagi o’zbeklar, o`zbekistonliklar soni kamida 1,5 ming kishi atrofida ekani ehtimol qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG