Breaking News

O'zbekiston: Huquq bilan bog'liq vaziyat yaxshilanadi


Toshkent bozorlarida

Inson huquqlari bo’yicha AQSh-O’zbekiston aloqalari uyg’unlashib bormoqda, faqat hozircha siyosiy islohotlar bundan xoli ko’rinadi. Rasmiy Toshkent Davlat departamentining inson huquqlariga oid yillik hisobotiga javoban mamlakatdagi islohotlar bosh mezoni inson manfaatlari bo’lib qolishi va inson huquqlari bo’yicha hamkorlikka tayyorligini izhor qilmoqda.

O'zbekiston: Inson manfaatlari - bosh mezon
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:07 0:00
Yuklab oling

Ammo O'zbekiston hukumati Davlat departamenti hisobotida keltirilgan tanqidlarga, xususan ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslarni oqlash hamon to’siqlarga uchrayotgani, mustaqil matbuot blokda qolayotgani yuzasidan biror izoh bermaydi. Oqlov qarorini kutayotgan siyosiy mahbuslar ilinji esa faqat Prezident Mirziyoyevdan.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh inson huquqlariga oid yillik hisobotida O’zbekistonda inson huquqlariga oid sezilarli islohotlar amalga oshgani, vaziyat bir qadar yaxshilanganini tan olmoqda, deb hisoblaydi.

Davlat departamenti tahlilnomasida O’zbekistondagi vaziyatga nisbatan faqat olqishlar yozilmagan. So’z erkinligi, sobiq siyosiy mahbuslar taqdiri, qamoqxonadagi sharoit, qiynoqlar batamom bartaraf etilmaganiga doir qator muammolar ham ko’rsatilgan.

Rasmiy Toshkent bu boradagi bayonotida asosan Davlat departamenti hisobotida keltirilgan olqishlarni qayd etish bilan kifoyalanadi.

Toshkent departament hisobotida "Human Rightch Watch" va Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga (CPJ) tayanib ilk bor O’zbekiston qamoqxonalarida biror siyosiy mahbus qolmaganligi haqidagi fakt keltiriladi.

Shuningdek, majburiy mehnatga barham berish yuzasidan amalga oshirilgan islohotlar AQSh tomonidan muvaffaqiyatli deya qayd etiladi.

Davlat departamenti O’zbekistonni diniy erkinliklar bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqargani ham inson huquqlari bo’yicha islohotlar tan olinayotganining isbotidir.

Toshkentning javobi shuki, O’zbekiston inson huquqlarini yaxshilash bo’yicha islohotlarni davom ettirib, xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikka ochiq.

Bayonotda hisobotda inson huquqlariga doir ko’tarilgan muammolar haqida hech narsa deyilmaydi. So’z erkinligi cheklangan, internet senzurasi kuchda qolmoqda, sobiq siyosiy mahbuslarning oqlanish harakati hamon to’siqlarga uchramoqda.

Davlat departamenti 24 yillik umrini qamoqxonada o’tkazgan siyosiy mahbus Samandar Qo’qonov taqdiriga diqqat qaratgan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ozodlikka chiqqan Qo’qonov oqlov hukmini talab qilmoqda. Yaqinda Samandar Qo’qonov Oliy sud raisi iste’fosi talab qilingan ochiq murojaat tarqatdi.

Prezident Mirziyoyevga qaratilgan bu murojaatda siyosiy ayblovlar bois salkam chorak asr umrini tutqunlikda o’tkazgan Qo’qonov o’zini oqlash uchun qilayotgan barcha harakatlari natijasiz tugayotgani, oqlov hukmi uchun prezident nazorati lozimligini ta’kidlaydi.

“Oliy sudga besh marotaba murojaat qildim, hech qanday o’zgarish yo’q. Bir xil javob, nazorat tartibida. Qilgan murojaatlarimga hech qanday javob yo’q, Mirziyoyevga yetkazilmayapti men murojaatlarim. Men hatto byurtma xat orqali murojaat qildim, Senatdan javob oldim, lekin prezident ma’muriyatidan javob yo’q. O’ylashimcha, hozir Mirziyoyevning yonida vaqtida bizga dushmanlik qilgan kadrlar ko’p, ular o’tkazishmayapti murojaatimni. Hozir ularni ko’pchiligi qamalyapti, Oliy sudi, SNBsi, prokurori, boshqalari ham. Bilmadim, ehtimol endi o’zgarish bo’lar. Karimov davrida tazyiqqa tushgan ayrim amaldorlar oqlandi, mana Mavlon Umrzoqov lavozimga qaytdi. 24 yillik umrimni qamoqda o’tkazib men oqlanmasdan qolyapman”, - deydi Samandar Qo’qonov.

Ta’kidlash joiz, Mirziyoyev Karimov davrida taqiqqa tushgan ayrim kadrlarni oqladi. Masalan bir paytlar Karimovga maslahatchi bo’lgan Mavlon Umrzoqov, Karimov davrida bir qator lavozimlarda ishlagan Kozim To’laganov kabi siyosiy arboblar yana hukumatga qaytdi.

Ammo bu oqlovlar qamoqdan chiqqan siyosiy mahbuslarga tegishli emas. Ular aksariyati oqlov qaroriga umid qilishmoqda, mahkama boshlash istagidagi ayrim faollar esa hamon kutishda.

Hatto qamoqdan ozod etilgan faollar siyosiy mahbuslarni oqlash uchun nodavlat tashkiloti tuzish, Bosh prokuratura huzurida adolatsiz sudlov qurboni bo’lgan mahbuslar taqdiri bilan shug’ullanuvchi maxsus komissiya tashkil etish tashabbusi bilan ham chiqgan edi.

Ammo siyosiy mahbuslarning bu tashabbusi rasmiy idoralar tomonidan qo’llab quvvatlangani kuzatilmadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG