Breaking News

Oʻzbek-qirgʻiz adabiy aloqalari: muammolar va yutuqlar


Qirg'iz-o'zbek adabiy aloqalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:11 0:00

Yaqinda Oʻshda marhum shoir Tursunboy Adashboyevning xotira kechasi boʻldi.

Shoir tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan anjumanga oʻn ikki nafar oʻzbekistonlik ijodkor tashrif buyurdi. Anjumanda Tursunboy Adashboyevni xotirlash bilan birga Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning madaniy aloqalari hamda oʻzbek adabiyotining buguni haqida ham fikrlar aytildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan shayx Alouddin Mansur oʻz xotiralari bilan boʻlishdi:
“Tursunboy aka begonalarni doʻst qilib qoʻyadigan, uzoqlarni yaqin qilib qoʻyadigan haqiqiy maʼnodagi bir koʻprik edilar. U kishi Qirgʻizistonda oʻzbek adabiyotini, Oʻzbekistonda qirgʻiz adabiyotini targʻib qilar edilar. Nafaqat katta jabhada, balki insonlar orasida ham shu kabi ishlarini koʻpchilik eslaydi.

Jumladan, biz ham eslab yuramiz. Masalan, bir qancha shoir va yozuvchilarni biz birga borib, Tursunboy akaning vositalarida tanib, qadrdonlashib ketganmiz”, - dedi diniy arbob Alouddin Mansur.

Shu bilan birga shayx oxirgi vaqtlarda kitobga, adabiyotga boʻlgan ixlos, eʼtibor kamayganidan afsusda ekanini qoʻshimcha qildi.

Tadbir munosabati bilan Oʻshga kelgan yana bir mashhur bolalar shoiri Anvar Obidjon Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalarda, bir qancha yillik uzilishlardan soʻng, oʻzgarishlar boʻlmoqda deb hisoblaydi.

“Turkiy xalqlar bir-biriga yaqinlashmay turib, biz umumiy vazifamizni bajara olmaymiz. Bizning ajdodlarimiz, juda katta meroslarimiz, hammasi oʻrtada. Bu tariximiz bilan hammamiz faxrlanamiz”, - deydi Anvar Obidjon.

Oʻshlik adabiyotshunos Saidakbar Mahsimxonov ham Oʻzbekiston bilan madaniy aloqalar tiklanayotganini taʼkidlaydi. Ammo u katta oʻzbek adabiyotiga bir necha zabardast shoir va yozuvchilarni yetishtirib bergan Oʻsh adabiy muhitining ertasidan xavotirda.

“Aytaylik, mana yozuvchi Mirzohid Mirzarahimov, Shavkat Rahmon, Mugʻanniy domla kabi katta avlod oʻtib ketdi deyapmiz. Yoshlarimiz ichida esa barmoq bilan sanarli ijodkorlarimiz bor. Toʻgʻri, sheʼr yozadiganlar juda ham koʻp, lekin ularning hammasi ham adabiy mezon talablariga javob berolmaydi. Shu ozginagina, barmoq bilan sanaladigan ijodkorlarimiz ham soʻngilarimi deb qoʻrqaman. Chunki hozir bizdagi qariyb 80-90 foiz oʻzbek bolalari taʼlimni oʻzbek tilida oʻqishmayapti. Bu tarzda ketadigan boʻlsa, bilmadim, kelajak qanday boʻladi?”- deydi adabiyotshunos.

“Jahon adabiyoti” jurnalining muharriri Ahmadjon Meliboyev bu kabi muammolarning oldini olish, turli davlatlarda yashayotgan ijodkorlarni birlashtirish uchun avvalgi Oʻrta Osiyo Davlat Universitetini qayta tiklash lozim degan fikrda.

“Dunyo katta bir koʻpkari ekan-da. Har kim oʻzicha ot solsa, qiyin boʻlar ekan. Muammoni hal qilish uchun birlashish kerak ekan. Shuning uchun men koʻp maqolalarimda ham yozdim, oʻsha universitetni tiklash kerak. U Bishkekda boʻladimi, Toshkentdami yoki Qozogʻistondami, buning farqi yoʻq. Muhimi bu yerda beshta davlat fuqarolari kelib oʻqisin. Agar bunday oliygoh ochilsa, mana Yaqin Sharq mamlakatlaridan, Afgʻonistondan oʻzbeklar kelib oʻqishi mumkin. Ular besh yil oʻqigandan keyin yuragida bir-birlariga muhabbat paydo boʻladi va umrining oxirigacha shu narsa davom etadi”, - deb aytdi jurnalist Ahmadjon Meliboyev.

Xotira kechasida qayta-qayta tilga olinganidek, Tursunboy Adashboyev oʻzbek va qirʼgʻiz adabiyoti oʻrtasida tarjimon sifatida ham katta koʻprik vazifasini bajargan. U 30 ga yaqin qirgʻiz adabiyoti namunalarini alohida kitob holida chop etgan. Oʻzbekiston-Qirgʻiziston doʻstlik jamiyatining rahbari va adabiyotshunos olim Zuhriddin Isamiddinov ham Tursunboy Adashboyev kabi qirgʻiz tilidan bir qancha asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirib kelmoqda. Ammo uning aytishicha, bu soha hali muammolardan holi emas.

“Bugungi yosh qirgʻiz adiblarining oʻzbek tilini yaxshi bilmasligi yoki bugungi kundagi oʻzbek ijodkorlarining qirgʻiz tilini yaxshi bilmasligi mening nazarimda birinchi muammo. Oʻzbeklarda ham, qirgʻizlarda ham goʻyoki, masalan, Yevropaning adabiyoti zoʻru yon atrofimizdagilarniki unday emas degan bir fikr paydo boʻlib qoldi. Aslida oʻzbek adabiyotida ham, qirgʻiz adabiyotida ham oʻshalardan qolishmaydigan yaxshi asarlar bor”, - deydi olim Zuhriddin Isamiddinov.

Taniqli bolalar shoiri, tarjimon Tursunboy Adashboyev 1939-yili Qirgʻizistonda tugʻilgan. Ikki el shoiri deb tan olingan taniqli ijodkor 2017-yilning 12-mayida Toshkentda vafot etgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG