Breaking News

Tojikistonda yana 10 dan ortiq mahbus halok bo‘ldi


Tojikistonlik mahbuslar
Tojikistonlik mahbuslar

7-iyun kuni Tojikiston shimolidan poytaxt Dushanbega olib ketilayotgan 128 mahbusning 14 nafari halok bo‘ldi.

Bu haqda Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Bayonotda aytilishicha, 7-iyun kuni soat 12:45 da 120 nafar erkak va 8 nafar ayol, jami 128 nafar mahbus Xo‘jand va Istaravshan shaharlaridagi MI 3/3, 3/5 va MT 9/2 raqamli mahbusxonalardan 3 ta maxsus avtomashinalarda Dushanbe, Norak va Yovon mintaqasidagi mahbusxonalarga olib borish uchun yo‘lga chiqqan edi.

Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, ular yo‘lda 6 marotaba hojat chiqarish uchun to‘xtashlari lozim edi. Ikkinchi marotaba Ayniy tumanining Mayxura qishlog‘ida mashinalar to‘xtagan paytda, 024 VA 01 raqamli avtomashinining 2-qismiga joylashtirilgan mahbuslardan biri qo‘lidagi 3 ta nonni 16 nafar sheriklariga taqsim qilib beradi. Yarim soat o‘tganidan keyin nonni yeganlarning hammasi o‘zini yomon his qila boshlaydi. Ularda bosh aylanishi, ko‘ngil behuzur bo‘lishi va qayt qilish holatlari kuzatiladi. Mahbuslar karvoni Dushanbe shahridagi jinoiy jazoni ado etish Bosh boshqarmasi muassasasiga belgilangan vaqtda, kechki soat 18:20 da kirib boradi. Soat 18:25 da mahbuslarga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ammo ulardan faqat 3 nafarining hayoti saqlab qolinadi, xolos. 13 nafari halok bo‘ladi. Ular nondan zaharlanganligi aniqlangan.

Bu hodisa yuzasidan Tojikiston Bosh prokuraturasida jinoiy ish ochilib, maxsus tekshiruv guruhi tashkil etildi. Sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, tekshiruv shaxsan Bosh prokuror nazorati ostiga olindi.

Tojikistondagi "Azia-plus" mustaqil axborot agentligining Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi Jinoiy jazoni ado etish bosh boshqarmasi matbuot markaziga tayanib tarqatgan xabariga ko‘ra, 16 nafar zaharlangan mahbuslardan 14 nafari halok bo‘lgan. Shuningdek, news.tj saytida keltirilgan halok bo‘lgan mahbuslar ro‘yxatida ham o‘n to‘rtinchi kishi sifatida 1967-yil tug‘ilgan, Matchoh tumani Bo‘ston shaharchasida istiqomat qiluvchi Qayumov Abdujamil Xalilovich nomi keltirilgan.

Mahalliy ekspertlarning aytishicha, yo‘lda ikkita dovon bo‘lgan Xo‘jand – Dushanbe shoh yo‘lida bor-yo‘g‘i 3 ta maxsus avtomashina bilan 128 nafar mahbusni tashish hech bir qoidaga to‘g‘ri kelmaydi; bu belgilangan tartibga zid. Qoida bo'yicha, bu mahbuslar temir yo‘l orqali maxsus vagonlarda tashilishi kerak edi, deydi kuzatuvchilar. Qolaversa, tush paytida yo‘lga chiqarilgan mahbuslar Xo‘jandda tushlik va Dushanbeda kechki ovqatni yeyishlari mumkin edi. Ular yo‘lda ovqatlanishi uchun hech bir ehtiyoj bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Tojikistonning Xo‘jand shahridagi qamoqxonada yuz bergan isyon natijasida 22 nafar va shu yilning may oyida Vahdat shahridagi qamoqxonada mahbuslar ko‘targan qo‘zg‘olonda 32 nafar mahbus halok bo‘lgan edi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG