Breaking News

Afg'oniston sentabrda prezidentlik saylovini o'tkazmoqchi


Afg'onistonning amaldagi Prezidenti Ashraf G'ani saylovda navbatdagi muddat uchun kurashadi. Kobul, Afg'oniston, 28-iyul, 2019.
Afg'onistonning amaldagi Prezidenti Ashraf G'ani saylovda navbatdagi muddat uchun kurashadi. Kobul, Afg'oniston, 28-iyul, 2019.

Afg’onistonda 28-iyul sanasidan prezidentlik saylovi kampaniyasiga start berildi. Biroq saylovning adolatli o’tishi, xavfsizlik ta’minoti va uning o’z vaqtida – 28-sentabr kuni bo’lish-bo’lmasligi shubha ostida qolmoqda.

Prezidentlik uchun 18 nomzod da’vogarlik qilmoqda. Afg’onistonning amaldagi Prezidenti Ashraf G’ani va hukumat raisi Abdulla Abdulla ham nomzodlar ro’yxatida.

Nufuzli raqiblar, xususan, Abdulla Abdulla ham prezidentni saylov kampaniyasi uchun davlat resurslaridan foydalanayotganlikda aybladi. Ayrim nomzodlar saylov jarayonining haqqoniy o’tishiga ishonchsizlik bildirgan.

Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari jarayonlarda shaffoflik va xavfsizlik ta’minlanishiga va’da bermoqda. Biroq mamlakat hududining yarmi Tolibon nazoratida yoki tomonlar o’rtasida talashda. Shunday ekan, saylov yangi tahlikali davrni boshlab berishi mumkin.

Saylov kampaniyasini boshlar ekan, G’ani ham, Abdulla ham mamlakatda barqarorlik o’rnatib, iqtisodiy taraqqiyotga erishishni va’da qildi.

Biroq bu ikki lider koalitsion hukumatda boshqaruvga doir ichki siyosiy nizolar tufayli keskin tanqidlarga uchragan.

G’ani navbatdagi besh yillik muddatga saylansa, Tolibon bilan tinchlik sulhi uchun kurashishga, mamlakatda qonli urushga yakun yasashga va’da berdi.

“Tinchlik bo’sag’asida turibmiz. Muzokaralarni boshlaymiz. Bu muzokaralar jiddiy va qonuniy bo’ladi”, - dedi G’ani.

Biroq Tolibon G’ani hokimiyatini qonuniy hokimiyat sifatida tan olmaydi. Prezidentni “Amerikaning qo’g’irchog’i” deb ataydi. Shuning uchun ham hukumat bilan muzokaralarga kirishishdan bosh tortib keladi.

Saylovga oid mavhumlik AQShning Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga kirishishi, hukumat va harakat o’rtasidagi ichki kelishuvga zamin yaratishga intilishi bilan ham bog’liq.

Amerika va Tolibon vakillari bir yillik muzokaralar ortidan hal qiluvchi kelishuvga yaqin turganligi aytilmoqda. Shunday ekan, Tolibon saylovni Kobulda muvaqqat hukumat nazorat qilishini istaydi. Jarayonda faol ishtirok etish huquqini talab qiladi.

Ayrim nomzodlar saylovni Tolibon bilan tinchlik muzokaralari boshlangandan so’ng o’tkazishni yoqlagan. Biroq Prezident G’ani bunday qarashlarni inobatga olmadi va saylovning reja bo’yicha o’tkazilishini ma’lum qildi.

Saylov kampaniyasi boshlanishidan bir kun avval Afg’oniston hukumati navbatdagi ikki hafta ichida Tolibon bilan muloqotni boshlashini e’lon qilgan. Biroq Tolibon hukumatning da’vosini zudlik bilan inkor etgan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan Tolibon vakili Suhayil Shahin ichki muzokaralar faqatgina AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etgandan so’ng amalga oshirilishini takror ta’kidladi. O’zaro muloqotda Kobul o’z vakiliga ega bo’ladi, muzokarada hukumat sifatida ishtirok etmaydi, dedi u.

Masalaga AQSh maxsus elchisi Zalmay Xalilzod ham munosabat bildirdi. Xalilzod to’g’ridan-to’g’ri ichki muzokaralar AQSh-Tolibon o’rtasida kelishuvga erishilgach amalga oshishini ta’kidladi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo iyun oyida Vashington 1-sentabrga qadar Tolibon bilan tinchlik sulhiga erishishdan umidvor ekanini bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG