Breaking News

AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Deyvid Heyl O'zbekistondagi o'zgarishlarga qanday baho berdi?


AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Devid Heyl (chapdan birinchi) O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida, Toshkent, 2019-yil, 22-avgust

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Deyvid Heyl Toshkentda O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashar ekan, ikki davlat o’rtasidagi munosabat rivojini yuksak baholadi. O’zbekistonda kechayotgan o’zgarishlarni olqishlagan Heyl AQSh O’zbekiston bilan strategik sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini aytdi.

Prezident Mirziyoyev Deyvid Heyl bilan uchrashuvda so’nggi yillarda AQSh-O’zbekiston aloqalarida izchil rivojlanish kuzatilayotganidan mamnunlik izhor qilgan. O’tgan yil may oyida Vashingtonda o’tgan oliy darajadagi uchrashuv eslangan; bu uchrashuvdan so’ng ikki o’rtadagi strategik munosabatlarda yangi davr boshlangani qayd qilingan.

AQSh davlat kotibi o'rinbosari Devid Xeyl Toshkentda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:21 0:00

Shavkat Mirziyoyevga Prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeoning salomini yetkazgan Heyl AQSh O’zbekistondagi o’zgarishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yuksak baholashini ta’kidladi, deb xabar beradi Toshkentdagi uchrashuv haqida O’zbekiston prezidentining matbuot xizmati.

AQSh-O’zbekiston aloqalari so’nggi paytda umidli bayonotlar, olqishlar bilan kuzatilmoqda, ayniqsa, inson huquqlariga oid vaziyat yuzasidan.

O’zbekistonda siyosiy mahbuslarning qamoqdan davomli ozod qilinishi ortidan boshlangan bu olqishlar Mirziyoyev yetakchiligida diniy siyosatda qilingan o’zgarishlarni ham chetlab o’tgani yo’q. AQSh O’zbekistonni diniy e’tiqod bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqardi.

Ikki o’rtadagi munosabatlarda uzoq yillar bahsli bo’lib kelgan majburiy mehnat masalasi ham ijobiy yechim topgani aytiladi.

O’zbekistonning paxta yig’im-terimida majburiy mehnatdan voz kechgani e’tirof qilindi. Vashingtonga safar qilgan hukumat delegatsiyasi aynan majburiy mehnat bois boykotga olingan o’zbek paxtasini sanksiyalardan xalos qilish bo’yicha AQShdagi turli tashkilotlari bilan muzokaralar o’tkazib qaytdi.

Munosabatlarning so’nggi ikki yillik davrida AQSh tomonidan dunyo davlatlaridagi inson huquqlari, siyosiy-iqtisodiy vaziyatga doir chiqarilayotgan hisobotlarda O’zbekiston muntazam o’zgarishlarga yuz tutayotgan mamlakat sifatida qayd etilayotgani kuzatiladi.

Davlat departamenti yaqinda e’lon qilgan dunyo davlatlaridagi moliyaviy shaffoflikka oid hisobot ham Toshkentda O’zbekiston moliya tizimida erishilgan sezilarli shaffoflikning e’tirofi sifatida taqdim qilindi.

Heylning mintaqa safari arafasida e’lon qilingan bu hisobotda O’zbekistonda byudjet loyihasining jamoatchilikka taqdim qilinishi ijobiy o’zgarish sifatida qayd qilinsa-da, davlatga qarashli tashkilotlar moliyaviy faoliyati hamon mavhumligi, bu hukumat daromadi va xarajatlari haqida xulosa qilishga imkoniyat bermasligi ta’kidlanadi.

AQSh-O’zbekiston aloqalaridagi jo’shqinlik asosan ikki tomonlama rasmiylar munosabatida aks etadi. Siyosatshunoslarning bu boradagi qarashlari ancha bosiq, munosabatlarni geosiyosy raqobat sinab berishi aytilmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida yangi hokimiyat geosiyosiy bosimlar qarshisida bir qadar zaif, bu Karimov shaxsi bilan bog’liq emas, so’nggi paytda Rossiyaning ishtiroki jiddiy kuchaygan, AQSh tashqi siyosati ham o’zgarishlarga yuz tutmoqda.

“AQSh-O’zbekiston munosabatini geosiyosiy raqobatdan xoli ko’rish qiyin. Shu ma’noda ma’lum sabablarga ko’ra, sobiq va yangi hokimiyatni geosiyosiy bosimlarga bardoshliligi farqli. 2016- yillarga qadar Rossiyani mintaqaga ta’siri hozirgidek emas edi, xalqaro sahnada ham asosan o’z obro’sini ko’tarishga urinayotgan, susaygan edi. Aynan shu davrlarda AQShning mintaqa bilan aloqalari yaxshi rivojlandi, bir qator davlatlar bilan strategik sheriklik shartnomasi imzolandi. Bugungi vaziyat esa o’zgargan, gap nafaqat Rossiyaning mintaqada kuchayib borishida, balki AQShda rahbariyat almashishi ortidan tashqi siyosatida ham o’zgarishlar kuzatilganida. Amerikaning ichki manfaatlari birinchi o’ringa chiqdi. Tashqi siyosat ustuvorligi susaydi, masalan hozir O’zbekistonga ajratilayotgan texnik yordamlar hajmi kamaygan. Rossiya esa hozirga kelib jiddiy raqobatga kirishadigan bir kuchga aylandi”, - deydi Tolipov.

22- avgust kuni Toshkentga kelgan Heyl Toshkentda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan ham ikki tomonlar aloqalarga doir muzokara o’tkazgan, Samarqandga borishi ham rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG