Breaking News

AQSh askarlari Suriyada neft konlarini qo'riqlamoqda


Suriyaning kurdlar nazoratidagi neft koni
Suriyaning kurdlar nazoratidagi neft koni

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishciha, konlarning "Islomiy davlat" jangarilari qo'liga tushib qolishidan asrash maqsadida bir guruh AQSh askarlari Suriya shimoli-sharqidagi neft quduqlarini qo'riqlamoqda.

21-oktabr kuni Amerika askarlari 100 dan ortiq texnika bilan Suriyadan Iroqqa o'tgan. Ammo, Esperning aytishicha, bir qism askarlar kurd kuchlari bilan birga Suriya hududidagi neft konlarini qo'riqlash uchun qolgan.

Pentagon qancha askar qolgani yoki qachongacha ular Suriyada qolishi haqida ma'lumot bermagan, ammo Prezident Donald Tramp "Twitter' orqali neft quduqlari nazoratga olingani haqida yozdi.

"Ikki shaharda askarlarimiz bor. Maqsad manfur ishlarini moliyalash uchun IShID va boshqa guruhlarning neft konlariga ega chiqishini to'xtatish", - dedi Esper.

Trampning Turkiya hujumi arafasida amerikalik askarlarni Suriyadan chiqarish qarori kurdlarni darg'azab qildi. IShIDga qarshi kurashda AQShning yaqin ittifoqchisi bo'lgan kurd bo'linmalari Vashingtonning bu qarorini xiyonat deya baholamoqda.

Trampning aytishicha, u kurdlarni himoya qilish uchun "ular bilan yonma-yon 400 yil jang qilishga hech qachon va'da bermagan".

Chegara hududini terrorchilardan tozalash da'vosi bilan shimoliy Suriyaga qo'shin kiritgan Turkiya AQSh vositachiligida harbiy amaliyotlariga besh kunlik tanaffus e'lon qildi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anning aytishicha, bu tanaffus tugashi bilan terrorchilarga qarshi kurash davom etadi.

AQSh askarlari chegarani tark etishi bilan hududga Bashar Assad kuchlari ham kirib keldi. Ular Turkiyaga qarshi kurdlar bilan kelishuvga erishgani xabar qilinmoqda.

Erdog'an shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, shimoliy Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishi kutilyapti.

Kurdlar Turkiyani sulh shartlariga rioya qilmay, 21-oktabr kuni bir qishloqni o'qqa tutganlikda aybladi. O'z navbatida Anqara kurdlar to'rt kun ichida 30 marta o'q uzganini va bu hujumlardan birida turk askari halok bo'lganini ma'lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG