Breaking News

Rossiya va Turkiya Suriya bo'yicha nimaga kelishdi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Sochi, Rossiya, 22-oktabr, 2019-yil.

Rossiyaning Sochi shahrida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashib, shimoliy Suriyadagi vaziyat bo'yicha o'zaro kelishuvga erishdi.

Tomonlar Suriya-Turkiya chegarasini Anqara yetakchiligida, lekin birgalikda nazorat qilishga kelishib olgan. Bitim hozirgacha Turkiya qo'lga kiritgan hududlarni o'z ichiga olmaydi.

Demokrat senator Bob Menendez NATO a'zosining Moskva bilan bitim tuzganini qoraladi.

"Ilgari shubha bo'lgan bo'lsa, hozir Erdog'anning maqsadlari aniq: IShIDga qarshi kurash, AQSh va boshqa NATO ittifoqchilari bilan hamkorlik qilish va mintaqa barqarorligini saqlash evaziga etnik tozalashni amalga oshirishmoqchi", - dedi u.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zolari Suriya kurdlaridan yuz o'girgani uchun Prezident Donald Trampni tanqid qildi. Suriya bo'yicha AQSh maxsus vakili Jeyms Jeffrining aytishicha, AQShning tahdidlariga qaramay, Turkiya Suriyaga bostirib kirish ahdida qat'iy bo'lgan.

"Biz nima bo'lishini Turkiyaga aytdik. Uzoqqa bora olmasliklarini aytdik va uzoqqa bora olishgani yo'q. Ko'rib turganingizdek, hozir biz bilan ham, rossiyaliklar bilan ham sulhga kirdi", - dedi Jeffri.

BMT ma'lumotiga ko'ra, Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti oqibatida 176 ming odam o'z uyini tashlab ketgan va muhim infratuzilmaning katta qismiga zarar yetgan. Trampning respublikachi safdoshlari ham AQSh kuchlarining Suriyadan chiqarilishidan noroziligini izhor qilmoqda.

Ammo respublikachi senator Rend Pol Trampning Suriya strategiyasini qoralovchi rezolyutsiyaning Senatdan o'tishiga to'sqinlik qildi. Hujjat Vakillar palatasida qabul qilingan edi.

Tramp ma'muriyatining aytishicha, neft konlarining IShID va boshqa terrorchi guruhlar qo'liga tushib qolmasligini ta'minlash maqsadida bir guruh AQSh askarlari Suriyada qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG