Breaking News

Impichment rasman boshlandi: Trampni nimalar kutmoqda?


Impichment rasman boshlandi: endi nima bo'ladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

AQSh Kongressi Prezident Donald Trampni impichment qilish jarayonini rasman boshlash uchun ovoz berdi. Tramp AQSh tarixida impichment bobida tergovga tutilgan to’rtinchi prezident bo’ldi. Uning Ukrainaga atalgan yordamni shaxsiy siyosiy maqsadlar yo’lida to’xtatib qo’ygani haqida paydo bo’lgan da’volar impichmentni boshlashga turtki bo’ldi.

Impichmentni boshlash harakatiga Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yetakchilik qilmoqda.

“Vaziyat juda jiddiy. Xudo rahm qilsin”, - dedi u.

Pelosi va ko’plab demokratlarning aytishicha, Tramp siyosiy raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Baydenni tergov qilishni Ukrainadan talab qilib, vakolatini suiiste’mol qilgan.

“Konstitutsiyani himoya qilishga qasam ichganmiz va biz buni e’tiborsiz qoldira olmaymiz. Prezidentning xulq-atvori tekshiruvga loyiq”, - dedi Nensi Pelosi.

Respublikachilar impichmentga qarshi yakdil. Ularning Vakillar palatasidagi sardori Kevin Makkartining aytishicha, demokratlar Trampning 2016-yilgi g’alabasini ko’ra olmayapti.

“Demokratlar saylovda yutishiga ko’zi yetmagani uchun prezidentni impichment qilishga urinmoqda. Bu mening so’zlarim emas. Bu gaplarni impichment jarayonini boshlashni bungacha uch marta taklif qilgan raqiblarimizning o’zi aytgan,”, - dedi u.

Prezident impichmentni “Twitter”da “jodugar ovi” deb atadi va bunday choralar unga zarar yetkaza olmasligini ta’kidladi.

“Myuller va Rossiya ishida ham “jodugar”ni qidirishdi. Har hafta menga nisbatan shunaqa qilishadi. Bu hafta nima bo’larkan deb so’rab turaman. Chunki ular bizni saylovda yenga olmaydi. Shuning uchun eskicha uslubda oyog’imizdan chalishga urinishadi. Bu yaxshi emas. Ular juda jirkanch odamlar”, - dedi Tramp.

Jarayonning Vakillar palatasida ovozga qo’yilgani nimani anglatadi?

“Ovoz berish orqali bundan keyingi qoidalar belgilab olindi. Jamoatchilik oldida hisobot berish, yopiq eshiklar ortida bo’lgan tinglov haqida aholiga ma’lumot berish kabilar”, - deydi sharhlovchi Juli Peys.

Tahlilchi Jon Xudakning aytishicha, bu ovoz impichment jarayonida yangi sahifa ochdi.

“Buning sabablaridan biri jarayonni keyingi bosqichga, jamoatchilikka olib chiqish. Shuningdek, respublikachilarning tergovning oldini olishga qarshi qaratilgan harakatlariga ruxsat bermaslik”, - deydi u.

Lekin jarayon uzoq vaqt olishi mumkin, deydi tahlilchi Jon Fortye.

“Vakillar palatasida ish ikki oyga cho’zilsa kerak. Hozir jarayonning endi boshida turibmiz. Agar Senatda sud bo’lsa, bu yana bir yoki ikki oy oladi. Senatda ko’pchilik yetakchisi, agar impichment bo’lsa, sud bo’lishini aytgan. Demak, bemalol keyingi yilga o’tadi”, - deydi Fortye.

Vakillar palatasida impichment uchun ovoz berilishi ayblov e’lon qilinishi bilan barobar.

Shundan so’ng ish Senatga oshirilib, senatorlar prezidentni o’z vazifasidan ozod qilish yoki qilmaslik haqida qaror chiqaradi.

Impichment bo’yicha jamoatchilik oldidagi tinglovlar shu oy boshlanishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG