Breaking News

Trampni impichment qilish bo'yicha ochiq tinglov boshlandi


Ukrainada ishlagan yetakchi diplomat Uilyam Teylor (o'ngda) hamda Ukraina masalalari uchun mas'ul Jorj Kent Vakillar palatasi Razvedka qo'mitasida, 2019-yil, 13-noyabr

AQSh Kongressi Vakillar palatasida Prezident Donald Trampning o'z vakolatidan tashqari ishlarga qo'l urgani haqidagi da'volarni tekshirishga qaratilgan impichment jarayonining ochiq muhokamasi boshlandi.

AQSh Davlat departamentining ikki rasmiysi - Ukrainada ishlagan yetakchi diplomat Uilyam Teylor hamda Ukraina masalalari uchun mas'ul Jorj Kent Vakillar palatasi Razvedka qo'mitasida tinglovga tortildi.

AQSh tarixida to'rtinchi bor prezidentni impichment qilish jarayoni bo'lib o'tmoqda.

Shu kungacha o'ndan ortiq diplomatlar, xususan, Teylor va Kent hamda milliy xavfsizlik bo'yicha bir qator rasmiylar yopiq eshiklar ortida qonunchilar savollariga tutildi.

Ushbu tinglovlar asosida ma'lum bo'lishicha, Tramp Ukraina uchun Kongress ajratgan 391 million dollarlik yordam pulini vaqtincha to'xtatib qo'ygan. Yordam berilishi uchun Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiydan demokrat raqibi Jo Bayden oilasining Ukrainadagi biznesini taftish qilishni so'ragan.

Tramp impichmentni boshlagan demokratlar da'vosini rad etib, impichment jarayonini "jodugar ovi"ga o'xshatdi.

Prezident, shuningdek, unga qarshi tinglovda hisobot berayotganlarni "har doim Trampga qarshi bo'lganlar" deb atadi. Kuzatuvchilar esa bu diplomatlarning partiyadan xoli rasmiylar ekanini, ular ham demokrat, ham respublikachi hukumatlar bilan birga ishlaganini qayd etmoqda.

Kelasi hafta omma oldida hisobot berishi kutilayotgan yana bir diplomat, AQShning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Gordon Sondland Trampning inauguratsiya qo'mitasiga bir million dollar ehson qilgan donor hisoblanadi.

Tramp ayni paytda Ukraina rahbari Zelenskiy bilan o'tgan telefon qo'ng'irog'i "mukammal" bo'lganini aytadi. Impichment jarayoni aynan shu qo'ng'iroq tafsilotlari oshkor bo'lgandan so'ng boshlangan edi. Tramp sobiq vitse-prezident Jo Baydenning o'g'liga aloqador Ukrainadagi kompaniyani taftish qilishni Zelenskiydan shu suhbat paytida so'ragan.

Vakillar palatasining Razvedka qo'mitasi raisi Adam Shiffning aytishicha, Teylor, Kent va juma kuni hisobot berishi kutilayotgan sobiq elchi Mari Yovanovich o'nlab yillar Amerika xalqiga xizmat qilgan ishonchli diplomatlardir.

Respublikachilar esa prezident o'z vakolatidan chetga chiqmaganini, Ukrainada korrupsiya tekshirishga arziydigan darajada chuqur ildiz otganini da'vo qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG