Breaking News

Qurol savdosiga oid mojaro Turkiya uchun yangilik emas


AQShning "F-35" qiruvchi samolyoti

Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar agar Vashington "F-35" qiruvchi samolyotlari savdosiga qo'yilgan embargoni to'xtatmasa, Anqara boshqa muqobil yo'llarni qidirishga majbur bo'lishi haqida ogohlantirdi.

Turkiya Rossiyadan "S-400" mudofaa tizimini sotib olgani uchun AQSh Anqaraga "F-35" samolyotlarini sotish bo'yicha mavjud shartnomani muzlatib qo'ygan edi. Vashington da'vosiga ko'ra, Rossiya mudofaa tizimi AQSh samolyotlari texnologiyasi, xususan, NATO mudofaasi uchun tahdid hisoblanadi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Amerika samolyotlari o'rniga Rossiyaning "SU-35" qiruvchi samolyoti sotib olinishi mumkinligini tasdiqladi.

Anqaraga ko'ra, Vashington muammoni bo'rttirmoqda.

"AQSh bizni tanqid qildi. Lekin NATO hech narsa degani yo'q. Aksincha, NATO Bosh kotibi general Stoltenberg barcha davlatlar o'zlari xohlagan qurol va mudofaa tizimini sotib olishga haqli deb qayta-qayta aytgan", - dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li.

Qurol savdosi bilan bog'liq bunday mojaro Turkiya tarixida yagona emas. 1914-yil Ikkinchi jahon urushi arafasida Buyuk Britaniya o'sha paytda Usmoniylar saltanati uchun qurilgan ikkita harbiy kemani yetkazib bermagan edi.

Turkiya buni esdan chiqarmagan.

"Turkiya dengiz floti bu voqeani yodidan chiqarmagan va bugun shunga o'xshash voqea "F-35" embargosida ham ko'rinyapti", - deydi Qodir Hosh universiteti tadqiqotchisi Serhat Guvench.

"Ikkita kemaning puli to'liq to'lab bo'lingan edi. Lekin Cherchil usmoniylar nemislarga qoshiladi, deb o'ylagan. Shu bois dushman tomonga o'tib qolmasligi uchun kemalar berilmagan", - deya qo'shimcha qiladi u.

"Bir asr oldin Germaniyaga qo'shilishdan qo'rqishgan bo'lsa, "F-35" holatida Rossiya bugun Germaniya o'rnida", - deydi Guvench.

Britaniya usmoniylar kemalarini tortib olgach, Germaniya Turkiyaga o'z kemalarini taklif qiladi. Shundan so'ng turklar Birinchi jahon urushida Britaniya, Fransiya va Rossiyaga qarshi Germaniya bilan ittifoqdosh bo'ladi.

Turkiyalik sobiq diplomat Aydin Seljenning aytishicha, 1914-yilgi hodisa bugungi turk harbiylari yodidan o'chmagan.

1914-yildan beri Turkiya Britaniyadan boshqa harbiy kema sotib olmadi. Lekin AQSh bilan qurol savdosi bo'yicha yuz bergan so'nggi mojaro avvalgisidan farq qiladi, deydi Aydin.

"Bu Anqaraning diplomatik qarashi. Avvalgi voqea bilan solishtirish jamoatchilik propagandasi. Chunki loyihadan chiqib ketish aslida turklarning maqsadi bo'lgan. Vashington boshidan aniq aytgan edi: yoki "S-400" bo'ladi yoki "F-35" deb. Ikkalasi birga emas", - deydi u.

Tahlilchilarga ko'ra, Turkiya ikkita harbiy kema mojarosidan ko'ra bugun "F-35" nizosida ko'proq narsa yo'qotadi. Chunki mamlakat bu loyiha uchun allaqachon bir milliard dollardan ortiq pul sarflagan va eskirib borayotgan "F-16" samolyotlarini yangilash uchun 100 tacha "F-35" sotib olishni rejalashtirayotgan edi.

Vashington Anqarani bu samolyotni yaratish va unga xizmat ko'rsatish xalqaro guruhidan ham chiqarib yubordi.

"Turkiya "F-35" dasturining to'liq a'zosi bo'lgach, u NATO va AQShga doimiy sodiq ittifoqchi bo'lib qoladi, degan iddao bo'lgan. Hozir Vashingtondagi qarash shuki, Turkiya g'arbiy alyansdan borgan sari uzoqlashib, Yevrosiyoda, asosan, Rossiya va Xitoy bilan do'stlashib bormoqda", - deydi Guvench.

Moskva o'z navbatida ko'proq qurol-yaroq sotish uchun Anqaraning ko'ngligini olishga urinmoqda. Turkiya yana bir "S-400" mudofaa tizimi batareyasini sotib olish harakatida ekani xabar qilinar ekan, bu Vashingtonni battar norozi qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG