Breaking News

AQSh askarlari Afg'onistonni qachon tark etadi?


Afg'onistondagi AQSh askarlari
Afg'onistondagi AQSh askarlari

Kobuldagi rasmiylarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, ikki tomonlama kelishuv asosida AQSh minglab askarlarini Afg'onistondan chiqarishni rejalamoqda. Ammo AQSh harbiylari bu haqda hali Vashingtondan buyruq kelmaganini aytdi.

14-dekabr kuni AQSh ommaviy axborot vositalari Prezident Donald Tramp Afg'onistondagi amerikalik askarlar sonini 4000 gacha qisqartirish niyatida ekani haqida ma'lumot bergan edi.

"4000 askarni chiqarish masalasining Tolibon bilan tinchlik muloqotiga aloqasi yo'q. Afg'oniston va Qo'shma Shtatlar hukumatlari orasida bu haqda allaqachon kelishilgan edi", - dedi Afg'oniston prezidenti so'zlovchisi Dava Xon Minapal "Amerika Ovozi"ga.

U ayni paytda askarlarni chiqarish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshishini aytdi.

Kobuldagi manbalarning aytishicha, AQSh kuchlarini Afg'onistondan chiqarish "mamlakatdagi vaziyatga qarab", uch oydan so'ng boshlanadi.

Pentagon so'zlovchisining "Amerika Ovozi"ga yozma ravishda ma'lum qilishicha esa, askarlarni chiqarishning aniq muddati mavjud emas, chunki hali bu haqda buyruq kelmagan.

"Biz missiyamizga va afg'on hamkorlarimizga to'la sodiq bo'lib qolamiz hamda diqqatimizni muhim maqsadimizga qaratganmiz: AQShga, ittifoqchilarimizga yoki manfaatlarimizga tahdid soluvchi terrorchilar Afg'onistondan foydalanishiga aslo yo'l qo'ymaymiz", - deyiladi Pentagon javobida.

Ayni paytda Afg'onistonda 13 ming atrofida AQSh askari bor. Ular NATO yetakchiligida Tolibonga qarshi kurashayotgan Afg'oniston kuchlariga maslahatchilik qilish bilan birga terrorga qarshi amaliyotlarda ishtirok etadi.

Tolibon bilan bir yildan ortiq davom etayotgan tinchlik muzokaralari markazida tashqi kuchlarni Afg'onistondan chiqarish asosiy masala hisoblanadi. Vashingtonning maqsadi esa AQSh tarixida eng uzoq davom etgan urushni tezroq tugatish.

Sentabr oyida Kobulda yuz bergan xurujlardan birida amerikalik askar halok bo'lishi ortidan Prezident Tramp kutilmaganda Tolibon bilan muzokaralarni to'xtatib qo'ygan edi.

Bir hafta oldin Qatarda muloqot yana boshlandi, ammo Tolibon Bagramdagi AQSh harbiy bazasiga hujum uyushtirishi ortidan 12-dekabr kuni yana to'xtab qoldi. Xurujda ikki afg'on fuqarosi halok bo'ldi va yana ko'plab odam yaralandi.

Avvalroq bir necha oylik muzokaralar ortidan AQSh va Tolibon tinchlik bitimi shartlari bo'yicha o'zaro kelishuvga erishgan edi. Unga ko'ra, AQSh bosqichma-bosqich askarlarini Afg'onistondan olib chiqishi, Tolibon esa terror amaliyotlariga qo'l urmasligi belgilangan.

Ba'zilar AQSh kuchlarining Afg'onistonni tez tark etishidan xavotirda. Ularga ko'ra, bundan chora isyonchilarning kuchayishiga sabab bo'ladi.

"Chiqish shartlari bajarilishi kerak, toki bo'shliqni afg'on xavfsizlik va mudofaa kuchlari to'ldira olsin. Aks holda bu vaziyatga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin", - dedi Afg'oniston parlamenti a'zosi Nodir Xon Katavazay.

Afg'onistonlik sobiq general Atiqulloh Amarxelning aytishicha, afg'on kuchlari AQShdan moliyaviy yordam olishda davom etsa, ular AQSh va NATO askarlarining bevosita ishtirokisiz ham vaziyatni nazorat qila oladi.

AQSh kuchlarining chiqarilishi haqidagi so'nggi xabar "Vashington Post" gazetasi Afg'oniston urushiga oid yuzlab hujjatlarni e'lon qilishi ortidan kuzatildi. Nashr olib borgan surishtiruv natijalarining ko'rsatishicha, AQSh rasmiylari Afg'onistondagi urush yuzasidan uzoq yillar jamoatchilikka noto'g'ri ma'lumot berib kelgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG