Breaking News

Afg'oniston: AQShga bir trillion dollarga tushgan cheki yo'q urush


Afg’oniston hukumati jangarilarga qarshi kurashda progress bo’layotganini da’vo qilib, “Vashington Post” (The Washington Post) gazetasida chop etilgan surishtiruv ahamiyatini kamaytirib ko’rsatmoqda. Unda AQSh rasmiylari urush haqida o’ta optimisik, yolg’on bayonotlar qilgani aytiladi.

Gazeta shu hafta ommaga havola etgan hujjatlar va intervyular to’plami uzoq yillik mojaroga oid dalillar yashirilganini ko’rsatmoqda.

Shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan intervyu bergan yuzlab rasmiylar, jumladan qo'mondonlar, elchi va diplomatlar, Afg’oniston urushida xato strategiya tanlanganini, mamlakatda demokratiya va barqarorlik o’rnatish uchun miliardlab dollar mablag’ behuda sarflanganini ta’kidlagan.

Shuningdek, intervyularda Vashingtonning Afg’onistonda korrupsiyaga chek qo’yish, professional armiya tuzish va narkotik moddalar savdosini tugatishga doir urinishlari zoye ketgani oshkor etilgan.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Favad Omonning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ta’kidlashicha, mamlakat qurolli kuchlari jangarilarga qarshi katta yutuqlarga erishgan.

“Afg’onistondagi urushga qiyosiy nazar tashlasak, so’nggi ikki yil ichida ulkan progress bo’lganini ko’rasiz. Masalan, sharqda “Xuroson islomiy davlati” guruhini yo’q qildik. Bundan tashqari, Tolibon bu yil katta talafot ko’rdi, ularning hujum qilish salohiyati susaydi. Oldinga siljishlar bor va kelajakka umid bilan qaraymiz”, - deydi u.

Pentagon ham xalqni Afg’onistondagi urush haqida ataylab yanglishtirganini inkor etmoqda.

“AQSh Mudofaa vazirligi Kongress yoki xalqqa yolg’on ma’lumot bermagan. Intervyulardagi ma’lumotlar Afg’onistonni Qayta Qurish Bo’yicha Bosh Inspektor (SIGAR) agentligiga hisobotlariga kiritish uchun berilgan”, - deydi Pentagon so’zlovchisi podpolkovnik Tomas Kembel.

Surishtiruv oqibatlari

Tahlilchilardan munosabat turlicha. Ayrimlar fikricha, jurnalistik surishtiruv ahamiyatga molik yangi narsani ochib bergani yo’q – Afg’onistondagi harbiy xarajatlarni nazorat qiluvchi SIGAR yillar davomida ma’lumotlarni ommaga havola etib kelmoqda. Maqola AQShning Afg’onistondagi missiyasi borasidagi munozaralarni qayta jonlantirdi.

Ekspert Maykl Semplning aytishicha, ayrim tafsilotlarni hisobga olmaganda surishtiruv ma’lum bo’lmagan ma’lumotlarni ochib bergani yo’q.

“Vashington Post” qo’lga kiritgan intervyularda asosiy mavzular: sarosima, shaxsiy pessimizm, jamoatchilik oldida optimizm va korrupsiya. Ammo bular 18 yildan beri muhokama qilinmoqda”, - deydi u.

SIGAR AQSh Kongressi tomonidan Afg’onistonni tiklash bo’yicha ishlarni mustaqil va obyektiv nazorat qilish uchun tuzilgan.

Tinglov va munozaralar

Janubiy Osiyo bo’yicha ekspert Maykl Kugelman gazeta chop etgan hujjatlar to’plami AQSh Kongressida Afg’oniston bo’yicha bahs-munozaralar avj olishiga olib kelishini aytadi.

“Kongress tinglovlar o’tkazib, nima bo’lganini surishtiradi”, - deydi u.

Ayrim qonunchilar tafsilotlar hujjatlardagi tafsilotlar haqida gapira boshlagan. Senator Rend Pol Amerika harbiylari Afg’onistonni tark etishi kerak ham hiboblaydi.

“Askarlarimiz yaxshiroq munosabatga, xalq esa haqiqatni bilishga loyiq. G’alaba e’lon qilib, hoziroq ketishimiz kerak. Hujjatlardan ma’lumki, AQSh rasmiylari Afg’onistondagi urush haqida jamoatchilikni aldagan”, - deydi Pol.

Haqiqatni yashirish

Tadqiqotchi Jeyson Kembel fikriga ko’ra, maqolada AQSh oldidagi cheklovlar va haqiqatni yashirishga urinishlar aks etgan.

“Gazeta maqolasi haqiqatni yashirish uchun qilingan muvofiqlashtirilgan harakatdan ko’ra, ko’proq AQSh byurokratiyasining imkoniyatlari cheksiz emasligini ko’rsatadi. Mohiyatan, isyonchilarga qarshi urush ixtiyoriy ekan, byurokratik tizim nimalarni qabul qilishga tayyor ekanini muntazam o’zgartirib boradi, mamlakatni butunlay tark etish bilan bog’liq xatarlarga chidamsiz bo’ladi”, - deydi Kembel.

“Oxir-oqibat Afg’onistonni tashlab ketishning siyosiy oqibatlari, oz bo’lsa-da progressga ishora qilib harakatlarni davom ettirishdan jiddiyroq deb ko’rilgan”, - deya qo’shadi u.

Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti professori Met Diyering deydiki, hujjatlar “barqarorlik amaliyotchilari” orasida noaniq siyosatga nisbatan norozilik bo’lganini ko’rsatadi.

“Ular noto’g’ri taxminlarga asoslangan davlatchilik strategiyasi, siyosatchilarning noaniq maqsadlari, sabotsiz sheriklar va harbiy strategiyani bir yildan ko’pga rejalay olmaslik bilan yuzlashgan”, - deydi Diyering.

“Bu faktlar aksar amerikaliklarni hayratga solishi mumkin, lekin Afg’onistonda xizmat qilganlar uchun bu umidsizlik – haqiqat”, - deydi u.

Pokistondagi jangari makonlari

Ba’zi ekspertlarning qayd etishicha, afg’on urushini avj oldirgan va uning davom etishida muhim rol o’ynagan Pokistondagi jangari makonlari haqida maqolada deyarli hech narsa deyilmagan.

“Harbiy va noharbiy ekspertlarning Tolibon qo’nim topgan joylar haqidagi shikoyatlari, ularni quvvatlab turgan tarmoqlar va boshqa siyosiy masalalar, jumladan, urush boshida Tolibonnning hukumat bilan muzokaraga tayyor bo’lgani yoritilmagan”, - deydi Sher Jon Ahmadzay, Nebraska-Omaxa Universiteti qoshidagi Afg’oniston bo’yicha tadqiqotlar markazi direktori.

Tinchlik muzokaralari

2018-yildan beri AQSh urushga muzokara orqali chek qo’yishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirdi, Tolibon bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokaraga kirishdi. 2019-yilning sentabrida Prezident Donald Tramp Afg’onistonda zo’ravonlik tinim bilmayotganini qayd etib muzokarani to’xtatgan edi.

Uch oylik tanaffusdan so’ng muzokaralar yaqinda qayta boshlandi. “Vashington Post” maqolasi, ba’zi ekspertlar fikriga ko’ra, muzokaralarga ziyon yetkazmaydi.

“Amerika xalqi tomonidan tinchlik muzokaralariga xayrixohlik kuchayadi deb o’ylayman, chunki ular bu urush qanchalik botqoqqa botganini anglab yetishdi. Xalq hukumatdan Afg’onistonni tark etish rejasini tezlashtirishni istaydi”, - deydi Kugelman.

2400 amerikalik askar nobud bo’lgan 18 yillik urush AQShga qariyb 1 trillion dollarga tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG