Breaking News

Turkiya Liviyaga qo'shin kiritishga qaror qildi


Turkiya parlamenti

Turkiya parlamentining 2-yanvardagi navbatdan tashqari sessiyasida Liviyaga qo‘shin jo‘natish masalasi ko‘rib chiqildi. Turkiya prezidenti ma’muriyati tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihasini 325 deputat qo‘llab-quvvatladi, 184 deputat esa qarshi ovoz berdi.

Turkiya Liviyaga qo'shin kiritmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:22 0:00
Yuklab oling

Turk askarlari Liviyaga qachon boradi?

Dekabr oyi oxirlarida Liviya milliy murosa hukumati Turkiyadan rasman harbiy yordam so‘ragan edi. Ayni payt Liviyada ichki beqarorlik hukmron. 2011-yilda Muammar Qaddofiy ag‘darilgandan keyin mamlakatda parokandalik yuzaga keldi. 2015-yilning dekabrida BMT shafeligida Liviya milliy murosa hukumati tuzilgan, shu bilan birga mamlakat sharqidagi Tobruk shahrida muvaqqat hukumat ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Feldmarshal Xalifa Xaftar boshchiligidagi qo‘shin – Liviya milliy armiyasi muvaqqat hukumat tomonida. Xaftar 2019-yilning aprelidan beri poytaxt Tripolini qo‘lga kiritish va Liviya milliy murosa hukumatini ag‘darish uchun jang olib boryapti. Uni Rossiya, Fransiya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya qo‘llab-quvvatlayapti. Turkiyaning esa Liviya milliy murosa hukumati tarafida bo‘lishi tilga olingan davlatlarning qarashiga qarshi chiqish demakdir. Liviya masalasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an va Possiya rahbari Vladimir Putinning 8-yanvarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida ko‘tarilishi kutilmoqda. Avvalroq Erdog‘an rossiyalik ikki ming yollanma jangchi Xalifa Xaftarga yordam berayotganini va bundan xavotirda ekanini aytgan edi.

Rasmiy Anqara Liviyadagi mavjud vaziyat birgina Turkiyaga emas, balki butun mintaqaga xavf tug‘dirmoqda degan fikrda.

“Soxta Liviya milliy armiyasiga bog‘liq unsurlar Turkiya manfaatlarini, xususan, Liviyada faoliyat ko‘rsatayotgan turk firmalarini, Liviyada yashayotgan turk fuqarolarini hamda O‘rta yer dengizidagi turk tankerlarini nishonga olish to‘g‘risida bayonotlar bermoqda. Soxta Liviya milliy armiyasi hujumlarining to‘xtatilmasligi va to‘qnashuvlarning qizg‘in fuqarolar urushiga aylanishi Turkiyaning O‘rta yer dengizi havzasidagi va Sharqiy Afrikadagi manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi Turkiya parlamentiga taqdim etilgan qonun loyihasida.

Turkiyaning asosiy muxolifat partiyalari – Jumhuriyat xalq partiyasi va IYI partiya Liviyaga qo‘shin jo‘natilishiga qarshi chiqdi. Xususan, Jumhuriyat xalq partiyasi rahbariyati “turk askari Liviya cho‘llarida halok bo‘lishi mumkin”ligini aytib, Turkiya u yerga BMT tinchlikparvar kuchlarini yuborish tashabbusi bilan chiqisihi kerakligini bildirdi. IYI partiyaning pozitsiyasi ham ovoz berishdan oldinoq ma’lum edi. Partiya yetakchisi Meral Akshener “2 ming kilometr nariga qo‘shin jo‘natish noto‘g‘ri” ekanini va bu Turkiyaga foyda keltirmasligini ta’kidladi.

“Suriya tajribasining natijalariga qarasak, biz u yerdagi urushning bir parchasi bo‘ldik va Turkiya nimani qo‘lga kiritdi? 5 milliondan ortiq qochqinni qo‘lga kiritdi. 50 milliard dollar pul sarfladi. Oqibati nima bo‘ldi? Rossiya bilan ham shimolda, ham janubda chegaradosh bo‘ldi… Suriyadagi arablar fuqarolik urushining bir parchasi bo‘lish Turkiyaga hech nima olib kelmadi. Ana shu tajribadan yo‘lga chiqqan holda ikki kuch, ya’ni Milliy murosa hukumati va Xaftar kuchlari orasida vositachilik qilishimiz to‘g‘ri. Lekin u yerga qo‘shin jo‘natilishi, kurashuvchi tomon bo‘lish esa noto‘g‘ri”, – dedi Akshener.

Turk harbiylari Liviyadagi to‘qnashuvlarda ishtirok etishi ehtimoli bor. Chunki mahalliy qonunchilikka ko‘ra, bunday ishtiroklarni ko‘zda tutadigan qarorlar uchun parlamentning tasdig‘ini olish zarur. Turkiya hukumati Liviyaga qo‘shin jo‘natish masalasini parlamentning kun tartibiga kiritar ekan, quyidagi sabablarni ko‘rsatdi: Turkiyaning Liviyadagi manfaatlariga uyushtirilishi mumkin bo‘lgan hujumlarning oldini olish, ommaviy migratisya singari ehtimoliy xatarlarga qarshi xavfsizlikni ta’minlash, Liviya xalqiga gumanitar yordam yetkazish, Liviya milliy murosa hukumati so‘ragan harbiy yordamni ko‘rsatish.

Qancha turk askari qachon Liviyaga borishi esa hozircha noma’lum. Umuman bormaslik ehtimoli ham bor. Turkiya Vitse-prezidenti Fuat Oktay bir necha kun avval “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida agar Xalifa Xaftar hujumlarni to‘xtatadigan bo‘lsa, Liviyaga qo‘shin jo‘natishga hojat qolmasligini aytgan edi.

AQSh ham Liviyaga xorijiy davlatlar qo‘shinlarining kelishini ma’qullamayapti. Prezident Donald Trampga ko‘ra, chet davlatlarning harbiy aralashuvi Liviyadagi vaziyatni yanada chigallashtiradi. Misr esa Turkiya parlamentidagi ovoz berish natijasini qoralab chiqdi.

Maqsad – raqiblarga zarba berish

27-dekabr kuni Turkiya va Liviya milliy murosa hukumati o‘rtasida ikkita o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Ulardan biri mudofaa va harbiy hamkorlik, ikkinchisi esa tabiiy gaz zaxiralariga boy Sharqiy O‘rta yer dengizida yurisdiksiyani cheklash to‘g‘risida. Parlamentdagi ovoz berish orqali birinchi memorandum bevosita hal bo‘ldi. Ikkinchi memorandum esa qo‘shni davlatlarning tanqid nishoniga aylangan. O‘rta yer dengizida sohillari mavjud bo‘lgan Misr va Janubiy Kipr bu hujjatni noqonuniy deb baholadi. Gretsiya esa memorandumda Krit oroli hisobga olinmaganini aytib, hujjatning geografik jihatdan mantiqsiz ekanini bildirdi. Ekspertlarga ko‘ra, Anqaraning ushbu memorandumdan asl maqsadi Isroil, Gretsiya, Kipr va Misrning Sharqiy O‘rta yer dengizidagi tabiiy gaz bo‘yicha hamkorligiga zarba berish. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, tilga olingan davlatlar Turkiyani O‘rta yer dengizida yakkalashga harakat qilayotgan edi, Liviya bilan tuzilgan memorandum ana shu urinishni chippakka chiqardi.

Iste’fodagi admiral Ali Deniz Kutlukning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Turkiya O‘rta yer dengizida yurisdiksiyani cheklash masalasi bo‘yicha boshqa davlatlarga takliflar bildirgan, ammo javob olmagan.

“Bu memorandumni hamma hurmat bilan qabul qilishi zarur, chunki xalqaro me’yorlarga mos va hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan darjada ravon. Umid qilamanki, bu hujjat namuna bo‘ladi va boshqa qo‘shnilar bilan ham tuziladi”, – dedi u.

Ali Deniz Kutluk fikriga ko‘ra, ushbu memorandum masalasi yuzasidan Janubiy Kipr xalqaro sudlarga murojaat eta olmaydi, bunga uning Shimoliy Kipr bilan muammolari to‘sqinlik qiladi. Gretsiya ham bunday yo‘l tutmaydi, chunki Turkiya bilan hal qilishi kerak bo‘lgan, jumladan, Egey dengizi bilan bog‘liq masalalar bor.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG