Breaking News

Xorijdagi muxolifat Mirziyoyev nutqini qanday baholadi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning parlamentga qilgan navbatdagi murojaati nafaqat O’zbekistonda, balki xorijdagi o’zbek faollari tomonidan ham kuzatildi. Aholining 5 millioni qashshoqlik yoqasida ekanligini tan olgan prezident O’zbekiston xalqini taraqqiyot uzoq va mashaqqatli bo'lishi haqida ogohlantirdi.

Xorijdagi muxolifat vakillarida Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi murojaati umid uyg’otmagan; horg’in ko’ringan prezident murojaati mohiyatan mavhum taassurot qoldirgani ta’kidlanmoqda.

Norvegiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan Namoz Normo’min ham shunday fikrda.

“Prezident charchagan ko’rindi, bu avtoritar boshqaruvga xos vaziyat, butun ishlar faqat prezidentga qarab qolgan. Prezident so’lg’in edi, avvalgi murojaati kabi jarangdorlik, ishonch kuzatilmadi. Hatto qog’ozdagi matnni ham yaxshi o’qiy olmadi, balki u mohiyatan bir yangilik aytishga uringandir, lekin buni yetkaza olmadi. Oliy Majlis uchun o’tkazilgan soxta saylovlar uning boshiga soya tashlab turgani sezildi”, - dedi prezidentning murojaatini jonli efirda kuzatgan Normo'min.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov berilayotgan va'dalarga shubha bilan qaraydi.

“Mening diqqatimni tortgan narsa prezidentning demokratiyaga doir bayonoti, ya’ni demokratik islohotlar, boshqaruv yagona tanlangan yo’l sifatida qolishini aytdi. Bu O’zbekistonda avtoritar boshqaruv kuchayib borayotgan bir paytda qilinmoqda. Bu kabi bayonotlar Karimov tomonidan ham muntazam qilingan. Bu narsa men uchun Mirziyoyev Karimov yo’liga qaytayotganining aniq ishorasi. Mamlakatda jurnalistlar, blogerlar bilan yuz berayotgan oxirgi vaziyat ham shundan darak beryapti. Mirziyoyev o’z murojaatida shunday ikki yuzlama bayonot qilayotgan ekan, bu siyosatga, tuzumga ham ko’chadi. Har holda biz bunga Karimov davrida amin bo’lganmiz”, - deydi u.

Irlandiyada istiqomat qiluvchi Abdujalil Boymatov prezident ma’ruzasida ko’pchilik diqqatiga sabab bo’lgan raqamlar, O’zbekistonda 4-5 millionga yaqin kambag’allar borligi ochiq tan olinganiga e'tibor qaratadi.

“Prezident bu raqamlarni tan olishga majbur, chunki Jahon bankidan 3,3 milliard dollar qarz olgan paytda aynan eng kambag’al mamlakat maqomida olgan bu qarzni. Eng kambag’al mamlakatlar ichida Jahon bankidan eng ko’p qarz olgan mamlakat ham hozir bu O’zbekiston hisoblanadi. Masalan, Pokiston, Efiopiya kabi mamlakatlar qarzi ham hali uch milliard darajasiga chiqmagan”, - deydi Boymatov.

Prezident Shavakat Mirziyoyev propiska tizimini isloh qilish, fuqaroligi yo'q shaxslarga fuqarolik berish, korrupsiyaga qarshi kurash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir aniq takliflar bilan ham chiqdi.

O’zbekiston xalqining 15 foizga yaqini, 4-5 millionga yaqin aholi kambag’allikka mahkumligini tan olgan prezident Jahon banki, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Kambag’allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish tavsiyasini kiritdi.

Prezident korrupsiyani jamiyatning yovuz balosiga qiyosladi, shundan kelib chiqqan holda prezidentga va parlamentga hisob beradigan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ tashkil etilishi, uch oy davomida bu organ faoliyatiga doir farmon loyihasini ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Prezident tomonidan fuqarolik masalasiga doir surilgan taklif ham aniq raqamlarni aks ettiradi. Mirziyoyevning aytishicha, 1995-yildan buyon O’zbekistonda yashayotgan vatandoshlarga avtomatik tarzda fuqarolik berilishi kerak. Bunday kishilar soni 50 ming atrofida ekani aytiladi.

Shuningdek, prezident o’z murojaatida so’nggi yillar davomida jamoatchilik muhokamasidan tushmay kelayotgan propiska masalasini isloh qilish uchun hukumatga 1-aprelga qadar muhlat berdi.

Namoz Normo’minning ta’kidlashicha, propiska masalasi O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat bilan bog'liq va hozirgi vaziyatda hukumat bunga yechim topa olmaydi.

“Propiska bu simptom, ya’ni masalaning ildizi iqtisodiy vaziyatda. Ishsizlik avj olgan bir paytda bu masalaning yechimi yo’q. Poytaxt tirikchilik o’tkazish, pul topish uchun yagona markaz bo’lib qolar ekan, vaziyat shunday davom etaveradi. Iqtisodiy, siyosiy erkinlik berilgan taqdirda xalq tabiiyki, faqat tirikchilik o’tkazish mumkin bo’lgan hududga intiladi. Shuning uchun ham propiskani hal qilish propiska emas, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy masalalarni hal etish deganidir. Biz shuning uchun ham asosiy islohotlarni o’tkazib, keyingi o’rinda propiskani kun tartibiga keltirish taklifini suryapmiz”, - deydi u.

Abdujalil Boymatov Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasida ta’kidlangan korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha parlament va prezidentga hisobot beruvchi davlat organini tuzish taklifidan katta natija kutmayapti.

“O’zbekistonning korrupsiyaga oid ko’rsatkichi xalqaro tashkilotlar hisobotida o’tgan yil 23 ball, bu yil esa 25 ballik darajada qayd qilingan. O’zbekistondagi korrupsiya darajasi boshqaruvga bog’liq. Parlamentda kim o’tiribdi, asosan, hokimlar. Buning uchun hokimiyat bo’g’inlari aniq ajratilgan, mustaqil bo’lishi kerak. Shunday ekan, hozirgi vaziyatda bunday organ faoliyatidan aniq natijalar bo’lishiga ishonish qiyin”, - deydi Boymatov.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi murojaati mamlakatda o’tgan parlament saylovlaridan so’ng Oliy Majlis palatalari va yangi hukumat shakllanishi ortidan qilindi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG