Breaking News

AQSh koronavirus pandemiyasiga hozirlanmoqda


AQSh Xitoydan sayohatlarni chekladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

AQSh koronavirus yoyilishining oldini olish maqsadida yaqin orada Xitoyga borgan yo’lovchilarning mamlakatga kirishini cheklamoqda. So’nggi 14 kun ichida Xitoyda bo’lgan AQSh fuqarolari mamlakatning alohida ajratilgan 11 aeroportidan birida qabul qilinadi va batafsil tekshiruvdan o’tadi. Ayni paytda AQShda koronavirusga chalinganlar soni 10 dan oshgan.

AQSh Xitoyning koronavirus episentri bo’lgan Xubey provinsiyasidan qaytayotgan barcha fuqarolarini 14 kunlik karantindan o’tkazish bo’yicha majburiy tartib joriy qildi. Ularni qabul qilish uchun 11 ta aeroportda sharoit yaratilgan. Vaziyat Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan nazorat qilinmoqda.

“Bu aeroportlarda ular isitma, yo’tal va nafas olishdagi qiyinchiliklar bo’yicha tekshiruvdan o’tkaziladi. Agar kasallik simptomlari aniqlansa, ular qo’shimcha tibbiy ko’rikka jo’natiladi. Alomatlar topilmasa, o’sha yerning o’zida yoki yaqinida tashkil etilgan joyda 14 kunlik majburiy karantindan o’tadi”, - deydi markaz vakili Nensi Messonier.

AQSh so’nggi ikki haftada Xitoyga borgan aksariyat xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo’ydi.

Messonierning aytishicha, Amerika pandemiyaga hozirlanmoqda.

“Oxirgi 50 yilda ilk bor karantin buyrug’ini chiqardik”, - deydi u.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi Pentagondan karantin uchun 2000 kishilik joy ajratib berishni so’radi.

“250 xonali bloklar talab qilishdi. Maqsad karantindagilarni bir joyga yig’ish va ularga yordam beradigan xodimlarni ham o’sha yerga joylashtirish. Ehtimoliy virusga ega odamlarni ajratib olib, shu yerga olib kelish mumkin va bu yerda sifatli kasalxona tizimini yaratish imkoniyati mavjud”, - dedi Mudofaa vazirining jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha yordamchisi Jonatan Xofman.

Toshkentda O’zbekiston tashqi ishlar vaziri bilan bo’lgan uchrashuvda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xubey provinsiyasidagi amerikaliklarni vataniga qaytarish uchun ko’proq reyslar tashkil etilishini aytdi.

“Bu tez kunlarda amalga oshadi va Amerika fuqarolarini ortga qaytaramiz. Boshqa mamlakatlarning ba’zi fuqarolarini ham olib kelishimiz mumkin. Hozir buning tafsilotlarini ko’rib chiqyapmiz. Global epidemiologik muammoga aylangan bu vaziyat bo’yicha Xitoy hukumati bilan yaqindan ishlayapmiz”, - dedi Pompeo.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh va boshqa ba’zi davlatlarni virus bo’yicha Xitoyga qarshi noo’rin choralar ko’rayotganlikda aybladi.

“Ba’zi davlatlar sayohat va savdoga oid cheklovlar joriy etdi. Xususan, oxirgi 14 kunda Xitoyda bo’lgan xorijliklarni, Xubey provinsiyasidan bo’lgan xitoyliklarni mamlakatlariga kiritishmayapti. Bizga qo’rquv emas, faktlar kerak; mish-mish emas, ilm-fan kerak; qo’lni pesh qilish emas, hamdardlik bildirish lozim”, - dedi Xitoy rasmiysi Li Song.

Hozirgacha 30 dan ortiq mamlakat Xitoydan sayohatlarni cheklagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG