Breaking News

Koronavirus tufayli xitoyliklar diskriminatsiyaga uchrayaptimi?


Nyu-York shahrining Chaynataun mahallasi, 2020-yil, 25-yanvar

Sog’liqni saqlash sohasi rasmiylari koronavirus bilan kurashayotgan bir paytda xitoylik amerikaliklar mamlakatda ularga nisbatan salbiy kayfiyat tug’ilishi mumkinligidan xavotirda.

San-Fransiskodagi Chaynataunda joylashgan Leyang raqs guruhi turli tashkilotlarga tashrif buyurib, Xitoy Milliy yangi yilini nishonlayapti. Xitoyda koronavirus tufayli mamlakatga kirish va chiqish qiyinlashgan bo’lsa-da, Milliy yangi yil xitoyliklar uchun eng zavqli bayramlardan.

“Ba’zi kishilar ehtiyotkorlik choralarini ko’ryapti, lekin biz xitoyliklar bundan jiddiy tashvishga tushayotganimiz yo’q”, - deydi raqs guruhi a’zosi Kalvin.

Ijtimoiy tarmoqlarda osiyoliklarga nisbatan salbiy munosabat kuchayayotgani xavotirli. Xitoylik amerikaliklar bunday vaziyatga avval ham tushgan”.

“Shu kunlarda xitoyliklardan uzoqroq yurishga oid turli hazil, surat va videolarga ko’zimiz tushyapti. Aslida bu stereotip xitoyliklar Amerika qit’asiga XIX asr o’rtalarida ilk bor kela boshlaganidan beri mavjud”, - deydi San-Fransiskodagi Xitoy madaniyat markazi vakili Xoy Leun.

Aksariyati hazil bo’lsa-da, bunday ma’lumotlar nafaqat xitoyliklarni, balki barcha osiyoliklarni “yomonotliq” qilib ko’rsatishi mumkin, deya qo’shimcha qiladi Leun”.

“Mamlakatimiz tarixida jamoatchilik salomatligi va tinchligini ro’kach qilib, ayirmachi va ksenofobik siyosatga yo’l qo’yish holatlari bo’lgan. Fikrimcha, birovni qoralamagan holda odam o’zini xavfdan asrashi kerak”, - deydi u.

Kaliforniya universiteti yaqinda osiyoliklarga nisbatan ksenofobiyani tabiiy hol deb baholovchi ma’lumot chop etdi. Keyinroq universitet uni o’chirib, uzr so’radi. Ammo ko’plab xitoyliklar bundan qattiq ranjidi.

“Bu hodisada ma’lum bir guruhni ayblamasdan, umumiy jamoatchilikka tegishli masala sifatida qarash kerak. Shuningdek, tashkilotlar Kaliforniyaning rang-barang aholisiga nisbatan xolis turishi kerak”, - deydi xitoyliklar jamiyati faoli Xon Mey Pan.

“Masala kim kimni nishonga olayotgani haqida emas, balki qo’rquv va u qanchalik xavfli bo’lishi mumkinligi haqida”, - deydi Xoy Leun.

Hozircha qo’rquv va xavf kuchli emas. Minglab odamlar milliy yangi yilni Amerikadagi xitoy madaniyatining bir qismi sifatida nishonlash bilan ovora.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG