Breaking News

O'zbekistonning Tolibon bilan kelishuvga munosabati qanday?


Tolibon vakillari Qatar poytaxti Doxada, 2020-yil, 29-fevral
Tolibon vakillari Qatar poytaxti Doxada, 2020-yil, 29-fevral

AQSh-Tolibon o’rtasidagi sulh marosimi ishtirokchilaridan biri, O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonlar o’rtasida tinchlik bitimi imzolanishi ortidan toliblarga nisbatan ishonch paydo bo’layotgani haqida gapirgan.

Doxadagi uchrashuvda Komilovdan tashqari Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, Qozog’iston elchisi qatnashgan; tinchlik kelishuvi bu qo’shni davlatlar tomonidan ham qo’llab quvvatlanmoqda.

Ikki yilga yaqin davom etgan muzokaralar ortidan imzolangan mazkur kelishuv nafaqat Markaziy Osiyo, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham olqishlanayotgani kuzatiladi.

BMT Bosh kotibi, NATO, shuningdek, Afg’onistonning yana bir yaqin qo’shnisi Pokiston ham sulhni qo’llagan. Rossiya tinchlik bitimi imzolanishi mintaqa xavfsizligiga xizmat qilishi haqida bayonot qilgan.

Afg’oniston hukumatiga, mamlakatdagi xalqaro qo’shinlarga qurolli qarshilik ko’rsatib kelayotgan Tolibon bilan muloqot hozirgacha turli davlatlarda, turli daraja va turli manfaatlarga ko’ra davom etib keldi.

Ba’zan afg’on hukumati chetlab o’tkazilgan bu muloqotlar toliblar mamlakatdagi hokimiyatga da’vogar asosiy kuch sifatida qolayotgani bilan ham bog’liq ko’riladi.

Toliblar bilan muloqot tashabbusini olg'a surib kelayotgan Toshkent ham shunday taxminda deyish mumkin. Abdulaziz Komilov Afg’onistonda tomonlar o’rtasida tinchlik o’rnatilishi ortidan toliblarning qudratga qaytishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

“Toliblarga nisbatan ham ishonch paydo bo’lyapti. Kecha biz Tolibon ofisi boshliqlari bilan uchrashdik. Bundan avval Toshkentda bir necha marta qabul qildik, Doxaga kelib ham uchrashib ketgan edik. Ular bizga hozirgi asosiy maqsad shartnomani amalga oshirish ekanligi haqida va’da berishdi. Agar bu shartnoma (tinchlik bitimi) amalga oshirilsa, bu juda katta qadam bo’ladi, toliblarga nisbatan ishonch paydo bo’ladi. Bundan tashqari, toliblar bizga O’zbekiston yoki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan xavf tug’ilishiga yo’l qo’ymaymiz deb va’da berishmoqda. Kelajakda ular hukumatga keladimi yoki hukumatni bo’lib olishadimi, bu Afg’onistonning ichki ishi, biz aralashmaymiz. Lekin nima bo’’ganda ham, ular Markaziy Osiyo imkoniyatini hisobga olib, bu davlatlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishi kerak. Nega deganda, Yevropa tomonga yo’llar Markaziy Osiyo orqali o’tadi” - dedi Abdulaziz Komilov Doxadagi uchrashuvlar ortidan matbuotga bergan intervyusida.

Toliblar bilan murosa qilish, Afg’onistondagi qarama-qarashi tomonlarni muzokaraga keltirish anchadan buyon Toshkent tomonidan surib kelinayotgan tashabbuslardan biri hisoblanadi.

AQSh va Tolibon o’rtasidagi sulh Toshkent tashabbusini ham amaliyotga yaqinlashtirgani aytilmoqda. Bitim ortidan toliblar va afg’on hukumati muzokaraga tayyorlanmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, toliblar va afg’on hukumati delegatsiyasining o’zaro muzokaralarini tashkil etishga hozirlik bildirgan davlatlar qatorida O’zbekiston ham bor. Muzokaralarning Qatarda bo’lib o’tishi ehtimoli yaqin ko’rilmoqda.

O’zbekiston matbuotidagi xabarlarda Tolibon harakatidagi etnik o’zbeklar va harakatning siyosiy vakolatxonasi mulozimlarining Prezident Shavkat Mirziyoyev haqidagi mulohazalariga diqqat qaratilgani kuzatiladi.

“Biz janob Prezident Shavkat Mirziyoyevning fikrlarini muntazam kuzatib boramiz. Koʻp yaxshi ishlari, teran mulohazalari, ayniqsa, Afg’oniston borasidagi ijobiy sa’y-harakatlariga guvohmiz. Doim Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishi tarafdori, Afg’oniston xavfsizligi uchun qayg’uradi. Biz buni e’tirof etamiz. Afg’onistonga nisbatan xolis bo’lib, bizga yaxshilik ixtiyor etgani uchun biz behad xushholmiz”, - deydi Tolibon harakatining siyosiy vakolatxonasi rahbari o’rinbosari Abdul Salom Hanafiy.

Afg’onistondagi ikki qarma-qarshi kuch o’rtasida rasman muzokaralar boshlanishi 40 yildan buyun urush davom etayotgan mamlakatda zo’ravonliklar to’xtashiga doir ojiz umidlarni paydo qilgan.

AQSh va Tolibon o’rtasidagi tinchlik bitimining asosiy shartlari mamlakatda zo’ravonliklar to’xtatilishi, har ikki tomondan ham asirlarning ozod etilishi, toliblar va afg’on hukumatidan iborat delegatsiyaning o’zaro muzokaraga kirishishi, AQSh o’z qo’shinlarini bosqichma-bosqich ravishda mamlakatdan olib chiqishidan iborat.

O’zbekiston Afg’oniston bo’yicha ko’rsatayotgan tashabbus mintaqada xavfsizlik o’rnatilishi, qo’shni davlat bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg’onistonni Markaziy Osiyo bilan mintaqaviy hamkorlik doirasiga qo’shish maqsadlari bilan asoslanadi.

AQShning Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka oid yangilangan strategiyasida ham mintaqaning Afg’oniston bilan hamkorligini kuchaytirishga alohida diqqat qaratilgan.

Bu hamkorlik yaqinda AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyoga safari davomida, Toshkentda o’tgan "C5+1" muloqotida ham qayd etilgan. AQSh hukumati bu hamkorlikni qo’llab-quvvatlash uchun O’zbekistonga bir million dollar yordam ajratishni bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG