Breaking News

Tojikistonda saylovning rasmiy va norasmiy natijalari tubdan boshqacha


Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi Markaziy saylov va referendum komissiyasi eʼlon qilgan rasmiy natijalarni “huquqiy asosga ega boʻlmagan siyosiy va soxta qarordir“, deb eʼlon qildi va rasman tan olmasligini bildirib, bayonot berdi. Partiyaga ko'ra, 1-mart kuni oʻtkazilgan saylov natijalari 2-mart kuni qayta va qayta oʻzgartirilgan.

“Saylovning dastlabki rasmiy natijalari 2020-yil 2-mart kuni soat 2.30 dan 6.00 gacha boshqacha edi, shu kuni ertalab soat 6.30 dan 11.00 gacha yana boshqacha boʻldi va nihoyat, shu kuni soat 15.00 da, yaʼni ushbu natijalarni tantanali oʻqishdan oldin ular yana boshqacha boʻldi. Shunday qilib, Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yagona respublika saylov okrugida, yaʼni partiyalar roʻyxati boʻyicha boʻlib oʻtgan saylovning dastlabki rasmiy natijalari 12 soat ichida uch marta oʻzgartirildi“, - deydi Sotsial-demokratik partiya raisi Rahmatillo Zoyirov oʻz bayonotida.

Baʼzi mustaqil axborot manbalari saylovning ilk norasmiy natijalarini eʼlon qildi. U Markaziy komissiya eʼlon qilgan natijalardan tubdan farq qiladi.

Rasmiy eʼlon qilingan natijalarda Sotsial-demokratik partiyaga 13 ming nafar ovoz bergan. Bu 0,32 foizni tashkil etadi. Ammo norasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu partiyaga 420 558 nafar ovoz bergan va bu 29,5 foizni tashkil etadi. Birgina Xatlon viloyatida 169 ming, Sugʻd viloyatida 116 ming, Dushanbe shahri va Respublika boʻysunishidagi tumanlarda 115 ming hamda Togʻli Badaxshon muxtor viloyatida 16 ming nafar sotsial-demokratlarga ovoz berganligi aytilmoqda. Bu maʼlumotlarning manbasi aniq emas. Mustaqil va xorijiy saytlarning yozishicha, Markaziy saylov va referendum komissiyasi tarkibida boʻlgan kishidan singib chiqqan.

Bu maʼlumotlarga koʻra, Tojikistonda faqat uchta partiya, hukmron boʻlgan Xalq demokratik partiyasi va unga ashaddiy muxolif boʻlgan Sotsial-demokratik partiya hamda Kommunistik partiya parlamentga kirishga yetarli ovozlar yigʻa olgan, xolos. Qolgan toʻrt partiya besh foizlik toʻsiqni oshib oʻtolmagan. Ammo Markaziy saylov va referendum komissiyasi rasman eʼlon qilgan maʼlumotlarda, aksincha, Sotsial-demokratik partiya va Kommunistik partiya besh foizlik toʻsiqdan oʻta olmagan. Hukmron partiya va qolgan toʻrt partiyaning barchasi besh foizdan koʻp ovoz olgan va parlamentdan vakillari uchun 1 tadan 4 tagacha oʻrin egallagan.

Hokim partiya yetakchilari va parlamentdan oʻrin olgan qolgan uch partiya raislari, shuningdek, partiyasi besh foizlik toʻsiqdan oʻta olmaganligiga qaramay bir mandatli saylov uchastkasidan parlamentga vakil boʻlib saylangan Kommunistik partiya raisi ham saylovning shaffof oʻtganligini eʼtirof etmoqda. Ammo Sotsial-demokratik partiya rahbarlari saylov natijalarini inkor qilishda davom etmoqda.

Sotsial-demokratik partiya raisining birinchi oʻrinbosari Shokir Hakimovning “Amerika ovozi“ bilan suhbat paytida aytishicha, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan natijalar soxta va toʻqilgan ekanligining oddiy bir misoli, bu partiyaga 13 ming nafar odam ovoz berganligi.

“Bu raqam partiya aʼzolari va yaqinlari, qarindosh-urugʻlari sonidan ham juda kamdir. Aʼzolarimiz taqriban 12 ming nafar, ammo tarafdorlarimiz juda koʻp“, - deydi Hakimov.


Xalq demokratik partiyasi masʼuli Baxtovar Safarzodaning aytishicha, mamlakat boʻyicha hokim partiya aʼzolari 500 ming nafarga yetadi. 12 ming nafar hokim partiya aʼzolariga nisbatan juda kam ekanligini aytganimizda, suhbatdoshimiz Sotsial-demokratik partiya aʼzolari sonini muntazam oshirib borishga harakat qilmaganliklarining subyektiv sabablari borligini taʼkidladi.

“Partiyamiz safidagilarni u yoki bu tashkilotda ishlashga qoʻymasliklari, ularga bosim oʻtkazishlari ortidan aʼzolarimiz safini kengaytirishga urinmadik...“, - deydi Shokir Hakimov.

Sotsial-demokratik partiya raisi Rahmatillo Zoyirov hokim partiya tomonidan maʼmuriy resurslarni ishlatish, “Ozodiy“ radiosi ishtirokidagi munozaralarda eng muhim masalalar boʻyicha soʻzlagan nutqini qisqartirilishi, SDP vakillarining mamlakatning birinchi telekanali orqali chiqishlari paytida baʼzi mintaqalarda elektr energiyasi uzatishni uzib qoʻyilishi, shu chiqishlar paytida SDP logotipini partiya nomisiz koʻrsatish kabi holatlar atay uyushtirilganligini aytib, eʼtiroz keltirdi va sharh talab qildi. Ammo hozirgacha na Markaziy saylov va referendum komissiyasi va na hokim partiya yoki Hukumat tomonidan biror sharh berilgani yoʻq.

Siyosiy tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, aslida Sotsial-demokratik partiya aʼzolari koʻp emas. “Ular partiya tashkil etilgan ilk yillardagi aʼzolarini ustiga yangi-yangi qoʻshilganlarni qoʻshib hisoblayveradi, ammo bu partiyalarga kirganlarning koʻpi qayta chiqib ketgan... Shuning uchun bu partiyaning parlamentga kirishga hech bir imkoniyati yoʻqligi avvaldan maʼlum edi“, - deydi suhbatdoshimiz.

Boshqa bir mustaqil tahlilchi Parviz Mullojonov fikricha, parlamentga kirishga eng ishongan sotsial-demokratlar kira olmadi, hech nima urugʻ sepmagan Agrar partiyasi eng yaxshi hosilni oldi, Iqtisodiy islohotlar partiyasi juda tejamkorlik qildi, ammo bari bir parlamentga kirdi, eng mehnatkash Xalq demokratik partiyasi, eng koʻrimsiz kommunistlar, eng mamnun demokratlar va eng xomush sotsialistlar ham parlamentdan joy oldi.

Ayni paytda bir necha xorijiy ekspertlar ham ozodlik radiosining tojik boʻlimi orqali oʻtkazilgan saylov yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Qoʻshma shtatlarda istiqomat qiladigan tahlilchi Edvard Lemonning aytishicha, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovga kichik bir guruh nozirlar yubordi, chunki bu tashkilot Tojikistonda demokratiya taraqqiy etishiga ishonmaydi.

“Mening fikrimcha, jahon hamjamiyati uzoq vaqtlardan beri bu bir avtoritar hukumat ekanligini biladi va bu sharmandali saylov shu narsani yana bir bor isbotladi. Parlament saylovi shu holat, shu qudrat kuchda qolishini koʻrsatdi“, - deydi Edvard Lemon.

Londonlik tahlilchi Alisher Ilhomovning aytishicha, Tojikiston saylovidan hech bir moʻjiza kutilayotgani yoʻq edi va u roʻy bermadi ham.

“Sotsial-demokratlar partiyasidan boshqa biror bir partiya hokim partiya bilan raqobatga kirishmadi ham. Hukumat esa, maʼmuriy imkoniyatlaridan foydalanib muxolif partiyani parlamentga kirishiga yoʻl qoʻymadi“, - deydi Alisher Ilhomov.

Xalqaro huquq himoyachisi Stiv Sverdlovning aytishicha, qoʻshni Oʻzbekiston bilan Tojikiston saylovlari orasida katta farq boʻldi. “Oʻzbekiston saylovlarida muxolif partiya yoʻq edi, ammo u yerda saylov shaffof oʻtkazilgan edi. Jurnalistlar faol va tanqidiy savollar bilan murojaat qilishar edi. Lekin Tojikistonda taqib va qoʻrquvni kuzatdik“, - deydi Sverdlov.

"Ozodlik" radiosining tahlilchisi Bryus Peniyerning fikricha, saylovda Prezident partiyasi gʻalaba qilishi kutilgan edi va shunday boʻldi.

“Parlamentdan joy olgan partiyalarning barchasi prezidentga sodiq. Aslan bunday bir saylov oʻtkazishdan hech bir maʼno yoʻq edi... Muxolif hisoblangan Sotsial-demokratik partiyaning hech bir imkoniyati yoʻqligi boshidan maʼlum edi“, deya taʼkidlaydi Bryus Peniyer.

Tojikiston Oliy majlis qonunchilik palatasi yangi tarkibining ilk yigʻilishi 17-mart kuni oʻtkazilishi belgilandi. Bu yigʻilish eng yoshi katta vakil hisoblangan Kommunistik partiya raisi Mirodj Abdulloyev raisligida oʻtadi va unda parlament spikeri, uning oʻrinbosarlari, doimiy parlament qoʻmitalari va komissiyalari rahbarlari saylanishi lozim.

Shu kuni yangi saylangan deputatlar huzurida mamlakat Prezidenti Emomali Rahmon chiqish qilishi, jumladan, oʻtgan saylov haqida fikr bildirishi va parlamentning vazifalariga toʻxtalib oʻtishi kutilmoqda. Unda Prezident saylovga qanday baho berishi, shuningdek, Sotsial-demokratik partiya tomonidan keltirgan eʼtirozlarga toʻxtalib oʻtish oʻtmasligi hozircha nomaʼlum.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG