Breaking News

Tojikiston hukumati AQSh tanqidlarini inkor etdi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (o'ngda) Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan

Tojikiston hukumati AQSh Davlat departamentining Tojikistondagi inson huquqlari vaziyati boʻyicha qilgan tanqidlarini asossiz va siyosiylashtirilgan, deb atadi va inkor etdi. Bu haqida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, vaziyat obyektiv tahlil etilmagan.

“Taʼkidlash joizki, AQSh Davlat departamentining Inson huquqlari boʻyicha hisobotida Tojikistonda inson huquqlarining hozirgi holati obyektiv tahlil qilinmagan va hujjatning oʻzi siyosiylashtirilgan“, deyiladi bayonotda.

AQSh Davlat Departamenti taqdim etgan hisobot mualliflari Tojikistonda sud tizimining mustaqilligi bilan bogʻliq jiddiy muammolar, qamoqxonalarda mahbuslarni qattiqqoʻl va hayot uchun xavfli sharoitlarda saqlash, senzura, veb saytlarning toʻsilishi, diniy erkinlikning keskin cheklanishi, Tojikiston davlat tuzilmalaridagi poraxoʻrlik, erkin, shaffof va demokratik saylovlar mavjud emasligi kabi kamchiliklar haqida yozgan.

Tojikiston qanday davlat?

Hisobotda “Tojikiston Prezident Emomali Rahmon va uning tarafdorlari katta siyosiy nufuzga ega boʻlgan avtoritar mamlakat” deya xulosa qilingan.

“Mamlakat qamoqxonalarida mahbuslarga nisbatan qiynoq va shafqatsiz muomala kuzatiladi, rasmiylar tomonidan noqonuniy yoki oʻzboshimcha qotilliklar amalga oshiriladi. Hukumatning xorijiy hukumatlar bilan til biriktirishga qaratilgan urinishlari tufayli muxoliflar sirli tarzda gʻoyib boʻladi“, deyiladi unda.

O’tgan yilning fevral oyida mamlakatda faoliyati taqiqlangan “Milliy kelishuv“ tashkiloti yetakchisi Sharofiddin Gadoyev televideniyedan chiqib, Tojikistonga qaytganligini maʼlum qilgan edi. Ammo oradan ikki hafta oʻtib, u Yevropaga qaytgach, internet orqali chiqishlar qilib, Rossiyaga aldab chaqirilganligi va Moskva shahridan maxsus xizmat xodimlari tomonidan oʻgʻirlanib, Tojikistonga olib borilganligini iddao qilgan edi.

Noqonuniy qamoq va qiynoqlar bormi?

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo tomonidan 11-mart kuni taqdim etilgan hisobot haqida Tojikiston TIV rasmiy bayonotida “hisobot mualliflari, asosan, manfaatdor manbalardan olingan maʼlumotlarga tayanganlari uchun ham bu nashr etilgan maʼlumotlarning ishonchliligiga shubha mavjud “, deyiladi.

AQSh Davlat departamenti hisobotini tayyorlashda Tojikistondagi qiynoqlar va qonunsizlikka qarshi fuqarolik jamiyati koalitsiyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. Ular qiynoq va shafqatsiz muomalaning 20 holatini qayd etib, shundan 17 tasi IIV xodimlari, qolganlari Bosh prokuratura va Adliya vazirligining jinoyatni ado etish Bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan sodir etilganligini aniqlagan.

Tojikistonda faoliyati taqiqlangan Islom uygʻonish partiyasi raisining sobiq oʻrinbosari, umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan Muhammadali Hayitning umr yoʻldoshi Savriniso Joʻrayevaning aytishicha, eri qamoqda qiynoqqa solingan. Ammo jinoyatni ado etish Bosh boshqarmasi mazkur daʼvolarni butunlay rad etganligi ham alohida qayd etiladi Qoʻshma Shtatlar Davlat departamenti maʼruzasida. Bu holat yuzasidan Tojikiston ombudsmani Umed Bobozoda 2019-yilning 18-iyul kuni maʼlumot berib, Joʻrayevaning shikoyati oʻrganib chiqilishini maʼlum qilgan edi. Ammo oxirgi natijalar maʼlum emas.

Oldinroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tojikistonda faoliyati taqiqlangan Islom uygʻonish partiyasining toʻrt yil oldin hibsga olingan 11 nafar aʼzolari ishi yuzasidan xulosalarini eʼlon qilib, hukumat ularni qonun va xalqaro normalarga zid holatda qamoqqa olganligini ham eʼlon qilgan edi.

Departament hisoboti bir taraflamami?

TIV bayonotida “hisobot mualliflari koʻrib chiqilayotgan muammoning koʻplab jihatlariga yetarlicha eʼtibor bermay, umuman mamlakatdagi inson huquqlari ahvoliga salbiy baho berdilar“, deyiladi. Bayonotda aytilishicha, departament maʼruzasida avvalgi hisobotlar va Tojikistondagi inson huquqlarining ahvoli toʻgʻrisidagi tasdiqlanmagan maʼlumotlar takrorlanadi. Bu hujjat Tojikistonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsizlikni taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini aks ettirmagan; aslida bularsiz inson huquqlarini taʼminlash imkonsiz ekanligi qayd etiladi eʼtiroz bayonotida.

Tojikistonda 2018-yilning yozida xorijiy sayyohlarga va 2019-yilning kuzida Oʻzbekiston bilan chegaradagi “Ishqobod“ postiga uyushtirilgan qurolli hujumlar ortidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash yana-da kuchaytirildi. 2019-yilning oxiri va 2020-yilning boshida yuzdan ortiq kishi faoliyati taqiqlangan diniy tashkilotga aʼzolikda gumonlanib hibsga olindi. Ammo qoʻlga olinganlarning aksariyati yot gʻoyalarni qabul va targʻib qilganlikda ayblanar ekan, kim gunohkor va kim gunohsizligini aniqlash davlat organlarining oʻziga ham bir qator qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Mustaqil kuzatuvchilarning fikricha, ekstremizmda ayblanayotganlarning baʼzilari shunchaki oʻzgacha fikrlaydiganlar, xolos.

Soʻz erkinligi boʻgʻilyaptimi?

Departament hisobotida Tojikistonda senzura mavjudligi, veb saytlarga toʻsiq qoʻyilishi va jurnalistlarga akkreditatsiya berilmasligi haqida ham aytilgan. Oldinroq mamlakatda yetakchi boʻlgan “Asia Plus“ mustaqil axborot agentligi rahbari Umed Boboxonov ham bir necha bor ularga tegishli boʻlgan news.tj saytiga qoʻyilgan toʻsiq haqida ogohlantirgan edi. Shuningdek, “Ozodlik” radiosining tojik xizmati boshligʻi Salim Ayubzod ham radio sayti Tojikiston ichkarisida toʻsiqlarga uchrayotganini iddao qilib keladi. Shuningdek, bu radioning bir necha ishchisiga ish faoliyatini davom ettirishi uchun akkreditatsiya berilmay kelinmoqda. Oʻtgan yili radio prezidenti Jeymi Flayning Tojikistonga tashrif buyurishi va ikkinchi marta Prezident Emomali Rahmonning Yevropaga safari paytida Shveysariyada uchrashib, bu masalani muhokama etishi ortidan ham bu muammo toʻliq oʻz yechimini topmagan.

Tojikiston 2019-yilda xalqaro soʻz erkinligi reytingida bir necha pogʻonaga tushib ketgan. Bunda ham yuqoridagi kabi mustaqil saytlarning toʻsilishi, alohida jurnalistlarning taʼqibga uchrashi yetakchi rol oʻynadi.

Tojikiston tomonining bayon qilishicha, AQSh Davlat Departamentining mazkur ayblovi xalqaro normalarga zid.

“Ushbu turdagi hisobotlar har yili Davlat Departamenti tomonidan nashr etiladi va faqat ichki hujjat hisoblanadi. Ushbu yondashuv ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va sheriklik darajasiga mos kelmaydi. Bundan tashqari, bunday saʼy-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida qabul qilingan umumeʼtirof etilgan prinsiplarga, xususan, suverenitetni hurmat qilish va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslikka zid holatdir“, deyiladi Tojikiston TIV bayonotida.

Tojikiston TIV oʻz bayonotining soʻngida “biz AQSh Davlat Departamentini Tojikistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini hurmat qilish bilan bogʻliq boʻlmagan noaniq va asossiz maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz“, deyiladi.

“Qora roʻyxat“ga tushish nimani anglatadi?

Siyosiy va huquqiy masalalar boʻyicha tahlilchi, huquqshunoslik fanlari doktori Shokir Hakimovning “Amerika Ovozi“ bilan suhbatda aytishicha, Tojikistonning AQSh Davlat departamenti hisobotida salbiy baho olishi mamlakat uchun har taraflama zararlidir.

“AQSh Davlat departamenti Tojikistonda inson huquqlari vaziyati boʻyicha oʻz mavqeini xolis va xalqaro talabotlar asosida bayon etishi birinchi marta kuzatilayotgani yoʻq. Qayd etish kerakki, AQShning rasmiy va nufuzli bu organi rad etib boʻlmaydigan material, dalil va fakt-raqamlarni tahlil qiladi. Shuning uchun bu xulosalarga nafaqat Qoʻshma Shtatlarda davlat va nodavlat idora va tashkilotlar, balki boshqa moliyaviy va xalqaro tashkilotlar ham eʼtibor qaratadi“, - deydi tahlilchi.

Suhbatdoshning aytishicha, “AQSh Davlat departamentining xulosalari, shubhasiz, xalqaro munosabatlarning shakllanishiga, ayniqsa, milliy iqtisodiyotga yordam kerak boʻlib turgan va busiz xalq turmush tarzini koʻtarish imkonsiz boʻlgan bir paytda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga manfiy taʼsir koʻrsatib, zamonaviy tojik davlat va davlatdorligi toʻgʻrisida jahon hamjamiyati fikrining ham salbiy tomonga oʻzgarishiga sabab boʻladi“.

Tahlilchi fikricha, Tojikiston hukumati xoh Tashqi ishlar vazirligi bayonoti orqali boʻlsin va xoh boshqa tarzda, AQSh Davlat departamenti yoki boshqa xalqaro tashkilotlar xulosalarini tan olmaslik yoki rad etishga urinmasligi kerak. Bu mamlakat imijini koʻtarmaydi, aksincha, tushiradi, deydi u.

“Xulosalarni eʼtiborga olmaslik va hisobotni inkor etishga urinish foydali emas. Shu sababli Tojikistonning vakolatli organlari inson huquq va erkinliklarini xalqaro majburiyatlarga muvofiq ravishda tuzatish va amalga oshirish uchun bosqichma-bosqich barcha choralarni koʻrishi kerak“, - deydi Shokirjon Hakimov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG