Breaking News

Talabalar universitetlardan to'lovlarni qaytarishni talab qilmoqda


Garvard universiteti talabalari yotoqxonadan ko'chish harakatida, 2020-yil, 10-mart
Garvard universiteti talabalari yotoqxonadan ko'chish harakatida, 2020-yil, 10-mart

Koronavirus pandemiyasi kuchayishi ortidan AQSh bo’ylab universitetlar yopilgandan beri talabalar o’qish binolari joylashgan hududlarni tark etib, internet orqali dars olishga o’tmoqda.

Bu esa o’quv tizimida yangi muammolarni paydo qilmoqda. Ta’lim va yashash xarajatlari uchun oldindan o’tkazilgan to’lovlar endi nima bo’ladi?

“Emailda ataylab aniq ma’lumot berishmayapti. Chunki o’zlari ham hali buni bilishmasa kerak”, - deydi Pensilvaniya universiteti talabasi Lusia Machi.

Bahorgi ta’til tufayli Floridadagi ota-onasining uyiga kelgan Machi endi universitetdagi yotoqxonasiga qaytib, shaxsiy narsalarini olib kelishi kerak. Chunki o’qishning qachon tiklanishini hech kim bilmaydi.

Universitet va yotoqxonalar yopilar ekan, talabalar bu xizmatlar uchun oldindan to’lab qo’yilgan pulning qaytarilishini talab qilmoqda.

“Ular pulning bir qismi qaytarib berilishini yoki to’lov kelasi yil uchun sarflanishini aytishdi. Lekin o’qish endi qanday bo’lishini o’zlari ham bilmaydi”, - deydi Machi.

“Bu o’z-o’zidan hal bo’lmaydi, - deya qo’shimcha qiladi u. – Talabalar faolroq bo’lishi kerak”.

Talabalar va ularning ota-onalari faqat yotoqxona va oziq-ovqat uchun to’langan puldangina xavotir olayotgani yo’q. Bulardan tashqari, yotoqxonadagi narsalarni boshqa joyga ko’chirish va saqlash, uyga qaytish uchun samolyot bileti sotib olish kabi yangi xarajatlar ham paydo bo’lgan.

Poytaxt Vashingtondagi Amerika universiteti bu masalada talabalarga yordam ko’rsatmoqda.

“Talabalar pullarini qaytarib olish uchun ariza topshirishlari shart emas. Tizimda bank ma’lumoti bor barcha talabalarga avtomatik tarzda pullari qaytarib beriladi”, deydi universitet rasmiylari sayt orqali.

Vaziyat hamma universitetlarda ham silliq kechmayapti. Ko’plab talabalar moliyaviy yordam ofisiga murojaat qilish uchun vaqtlari yo’q ekanini aytadi.

“Hozir moliyaviy yordam idorasiga borish juda ko’p vaqt oladigan va talabalarni haddan ziyod ovora qiladigan narsa”, - deydi Garvard universiteti talabasi Jordan Barton.

Garvard universiteti e’lon qilgan bayonotga ko’ra, oziq-ovqat va yotoqxona to’lovining ishlatilmagan qismi qaytarib beriladi va sayohat yoki shaxsiy buyumlarni saqlash uchun 200 dollar yordam ham ajratiladi.

Barton kabi boshqa shtatga uchib ketishi lozim bo’lgan talabalar uchun 200 dollar yetmaydi.

“Email orali ularga tushuntirsam, menga ko’proq yordam berilar, degan umiddaman. Aks holda kelasi bir necha oy men uchun moliyaviy jihatdan qiyin bo’ladi”, - deydi u.

Talabalar va ularning ota-onalariga ko’ra, masala faqat moliyaviy muammolarni bir yoqli qilishda emas. Darslarni internet orqali tashkil etishda ham talabalar jiddiy to’siqlarga duch kelmoqda.

“Tezkor internetga ega bo’lmagan talabalar bor. Doimiy oziq-ovqat yoki daromadga ega bo’lmaganlar ham mavjud”, - deydi Midlberi kolleji talabasi Em Balou “Twitter” orqali.

“O’qishga borish ko’pchilik uchun yil davomida ulkan iqtisodiy va yashash barqarorligini ta’minlaydi. Uyga qaytish esa oilalarni katta zo’riqishga qo’yadi”, - deydi Barton.

Barton universitetda ham o’qib, ham ishlar edi. Uyga qaytsa, ikki farzandning yagona boquvchisi bo’lgan otasiga ortiqcha yuk bo’lishidan xavotirda.

Ba’zi talabalar fikricha, onlayn darslar sinfxonalarda o’tiladigan ta’limdan arzonroq bo’ladi va shu bois o’qish uchun to’langan pulning bir qismi qaytarilishi kerak. Indiana shtatidagi Perdyu universiteti talabalari shu haqda onlayn petitsiya tashkil qildi.

Pandemiya davrida universitetlar ko’rgan tezkor choralarni olqishlayotgan talabalar ham yo’q emas.

Shimoliy Karolinadagi Devidson kolleji talabasi Eshlining yozishicha, o’quv dargohi ishlayotgan talabalarning oylik maoshlarini to’liq to’lashda davom etmoqda va ehtiyoji bor talabalar noutbuk, bepul buyum saqlash joyi, aeroportgacha bepul avtobus kabi xizmatlar bilan ta’minlangan.

Dastlab, ko’plab universitetlar darslarni onlayn shaklga o’tkazib, ayni paytda universitetda talabalar foydalanadigan binolar va xizmatlar ishlashda davom etishini e’lon qilgan edi. Ammo pandemiya kuchayishi ortidan universitet hududlari barcha uchun butunlay yopildi.

Kaliforniya shtatining oltita okrugida odamlarga turgan joyidan chiqmaslik buyrug’i berildi. Natijada universitetlar to’liq yopilgan bo’lishiga qaramay, ba’zi talabalar yotoqxonalarda qolishga majbur bo’ldi.

Mamlakat bo’ylab koronavirus pandemiyasining qachon to’xtashi va universitetlarning odatdagi ish tartibiga qaytishi ma’lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG