Breaking News

Tojik jurnalisti nima uchun qamoqda?


Jurnalist Daler Sharifov
Jurnalist Daler Sharifov

Tojikistonda jurnalist Daler Sharifovning 13-aprelga belgilangan sud ishi ikki kunga kechiktirildi. “Chegarasiz muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, jurnalistga qo’yilayotgan ayblar asossiz.

Sharifovning advokatiga ko’ra, sudga prokuror kela olmaganligi tufayli tinglov kechiktirilgan.

Jurnalist 2013-2019-yillarda chop etgan 200 dan ziyod maqolalaridagi ekstremistik g’oya va targ’iboti uchun ayblangan. 32 yoshli Sharifov 28-yanvarda hibsga olingan.

13-aprel kuni ko’plab jurnalistlar va huquq faollari sud ishida qatnashish uchun to’plangan edi. Biroq sudning ochiq o’tish-o’tmasligi hanuz noma’lum.

Sharifov Tojikiston siyosati va diniy jabhaga doir muamollarni yoritib kelgan. Uni Dushanbedagi kvartirasida hibsga olar ekan, ichki ishlar xodimlari kompyuter va kitoblarini ham musodara qilgan.

Sharifovga etnik, irqiy va diniy nizolarni keltirib chiqarishga doir faoliyati uchun ayblov e’lon qilingan. Aybi isbotlansa, besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Jurnalistning oilasi, huquqni himoya qilish tashkilotlari, OAV erkinligi guruhlari qo’yilgan ayblarni inkor etib, uning zudlik bilan ozod etilishini talab qilmoqda.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti va Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, ayblov Tojikistonda mart oyiga belgilangan parlament saylovlari arafasida tanqidchi jurnalist ovozini yo’qotishga qaratilgan.

Tojik jurnalistlari va bloggerlarining Yevropa kongressiga ko’ra, Sharifov noqonuniy qamoqqa olingan. Chunki u o’z chiqishlarida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi muntazam kurashib kelgan.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining bildirishicha, “Ozodagon” yangiliklar saytida jurnalist 2013-yildan buyon inson huquqlari va diniy erkinlikka doir tahlililiy materiallarini chop etib kelgan. Sayt uzoq yillik bosim ortidan 2019-yilda yopilgan.

Sharifovga sakkiz yil avval jismoniy hujum uyushtirilgan. Jurnalist bir necha kun kasalxonada davolangan. Jinoyatni uyushtirganlar hanuz jazolanmagan.

Inson huquqlari xalqaro tashkiloti Tojikiston hukumatini muntazam ravishda tanqid qilib keladi. Mamlakatda OAV erkinligi va inson huquqlarining poymol etilishini qoralaydi.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti 2019-yil yakuniga ko’ra, matbuot erkinligi bo’yicha mamlakatlar reytingini e’lon qilgan. Ro’yxatda Tojikiston 180 mamlakat ichida 161-o’rinni egallagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG