Breaking News

AQSh: O'zbekistonning JSTga qo'shilishiga ko'maklashamiz


Jahon savdo tashkilotining Jenevadagi bosh idorasi

AQSh O’zbekistonga Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zolik uchun puxta hozirlik ko’rishni tavsiya qilmoqda.

Bu masala AQSh Savdo vakili yordamchisi hamda O’zbekistonning Inevstitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o’rtasida o'tgan videokonferensiyada muhokama qilingan.

Uchrashuvda AQSh savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha yordamchisi Kristofer Uilson koronavirus tahdidi bois JST qarorgohidagi tadbirlar aprel oxiriga qadar bekor qilingani, O’zbekiston bu vaqt davomida a’zolikni muhokama qiluvchi ishchi guruh yig’ilishiga yanada puxta, sifatli hozirlanishi mumkinligi haqida aytgan.

O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo’shilishiga doir ishchi guruhning navbatdagi yig’ilishi pandemiya bois dunyo bo’ylab joriy qilingan karantinlar bekor qilinishidan so’ng o’tishi taxmin qilinmoqda.

Ayni paytda bu muddat qachon tugashi, shuningdek, koronavirus epidemiyasi dunyo iqtisodiyotini qanchalar o’zgartirishi mavhum turgan bo’lsa-da, karantindagi davlatlar, jumladan, O’zbekiston ham inqirozdan chiqish va iqtisodiyotni tiklashning muqobil yo’llarini qidirmoqda.

AQSh O’zbekistonga iqtisodiy taraqqiyotning muqobil yo’llarini taklif etayotgan asosiy tomonlardan biri. Mamlakat iqtisodiyotini mutlaq erkinlashtirishni nazarda tutuvchi bu taklif O’zbekistonning Yevropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlari, yirik moliyaviy institutlar tomonidan ham qo’llab-quvvatlanadi.

O’zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga qo‘shilishi mazkur tanlov doirasidagi qadamlardan biri. AQSh bu borada O’zbekistonga ko’mak berishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan.

Bu AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning O’zbekistonga safari davomida, shuningdek, Vashingtonda o’tgan AQSh-O’zbekiston iqtisodiy hamkorligi forumidagi chiqishida ham ta’kidlangan edi.

AQSh savdo vaziri so’nggi chiqishida masalaning boshqa bir tomonidan, O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni murakkablashtirishidan ogohlantirgan edi.

Ayni payda O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi yuzasidan tugal qaror mavjud emas; bu masala parlament muhokamasidan o’tmoqda.

Parlamentdagi muhokamalarda avval siyosiy partiyalar tomonidan saylov davomida qilingan bu boradagi munozaralardan farqli ravishda, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishning salbiy oqibatlari haqida ham fikr bildirilmoqda.

Jumladan, “Adolat” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi tomonidan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish oqibatlariga doir hisobotda deputatlar ittifoqqa a’zolikning foydalari bilan bir qatorda zararlariga ham diqqat qaratgan.

Fraksiya xulosasiga ko’ra, ittifoqqa a’zolik mehnat bozorida mehnat muhojirlari uchun qulaylik yaratadi, turizm, energetika sohasiga foyda beradi, eksport imkoniyati kengayadi.

Zararlari esa, partiyaga ko'ra, quyidagicha: Itffoqqa qo’shilishdan mahalliy sanoat, asosan avtomobilsozlik yutqazadi, ittifoq savdo siyosati muvofiqlashmagan; tuzilma doirasidagi manfaatlar to’qnashuvida ko’p hollarda bir tomonlama qarorlar qabul qilinadi; ittifoqning asosiy a’zosi Rossiya bugun xalqaro sanksiyalar ostida, rubl qadrsizlanmoqda; bu davlat bilan bitta ittifoq doirasida hamkorlik O’zbekiston iqtisodiga salbiy ta’sir qiladi.

O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga doir munosabati parlamentdagi muhokamalar yakunlanishi ortidan e’lon qilinadi, ammo bungacha Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat bu ittifoqqa kuzatuvchi maqomida qo’shilishi haqida gapirgani inobatga olinsa, parlament bu to’xtamni ma’qullab berishi kutilmoqda.

O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittfoqiga qo‘shilishi ehtimoli yuzasidan jamoatchilik, xususan, ekspertlar bildirib kelayotgan asosiy xavotir tuzilmaga a’zolik mamlakat rivojlanish yo’lini mutlaqo boshqa o’zanga solishi, nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy-siyosiy sohaga doir qarorlarda ham Rossiya hisobiga burilishlar yuz berishi bilan bog’liq ko'riladi.

O’zbekiston rahbariyatida Rossiya yetakchiligidagi tuzilmaga qo’shilish qarori shakllanayotgani mamlakatning xorijdagi hamkorlari va investorlarni ham hushyor torttirishi bilan kuzatildi.

Prezident Mirziyoyev xavotirlar ortishi ortidan gap Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik haqida bormayotgani, mamlakat avvaliga kuzatuvchi maqomi bilan cheklanish qarorida ekanligi yuzasidan bayonot qildi.

Ekspertlar mamlakat rahbarining bu bayonotini mintaqada keskinlashayotgan geosiyosiy raqobat soyasidagi qanoatli qaror sifatida baholadi, ammo ittifoqqa a’zolik siyosiy masalalar kun tartibidan tushmaganiga diqqat qaratildi.

Ko’pchilik ekspertlar, jumladan, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan iqtisodchi Yuliy Yusupov ham Yevrosiyo iqtisodiy ittiqofiga a’zolik masalasini faqat O’zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo’shilishidan so’nggina ko’rib chiqish lozimligini ta’kidlab keladi.

Iqtisodchiga ko’ra, JSTga a’zo bo’lish savdo tizimida muayyan tartibni joriy etadi, ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozordagi huquqlarini himoyalaydi, qoidalarning barcha uchun bir ekanligini ta’minlaydi.

O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga yo’li ancha uzoq davom etmoqda. Tashkilotga qo‘shilishga doir ariza 1994-yilda topshirilgan. Dastlabki muzokaralar bir qadar faol kechgan, keyinchalik O’zbekistonda, iqtisodiy tizimda ham kuzatilgan turg’unlik davri tashkilotga qo’shilishga doir muloqotlarni samarasiz qildi.

Bu boradagi muzokaralar mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan tiklanmoqda. AQSh O’zbekistonga bu masalada o’z yordamini taklif etmoqda. Muzokaralar faol kechgan taqdirda O’zbekiston yaqin bir necha yil ichida tashkilot a’zoligiga qabul qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG