Breaking News

Mirziyoyev: Tadbirkorlarga ko'makni oshiramiz, xalq uyda o'tirsin


O'zbekistonda karantin uchun maxsus inshootlar qurilmoqda
O'zbekistonda karantin uchun maxsus inshootlar qurilmoqda

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni farmon chiqarib, koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlarni quvvatlashni buyurdi. Toshkentda o'tgan videoselektorda prezident xalqqa murojaat qilib, har bir fuqarodan o'zini ehtiyot qilishni so'radi. Uning aytishicha, mamlakatda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

"Yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 221 taga yetdi. Ming afsuski, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bemorlardan 2 nafari vafot etdi. Ularning oila a’zolari va yaqinlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur ta’ziya bildirib, sabr-toqat va bardamlik tilayman", - dedi Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, O'zbekistonda hozir 100 ming kishi karantinda. Chet eldan 13 mingga yaqin fuqaro olib kelingan va ular ham tibbiy nazoratda.

Toshkent viloyatida 10 ming kishiga mo‘ljallangan karantin zonasi qurilmoqda. Uning bir qismiga xorijdan kelgan 2200 dan ziyod fuqaro joylashtirilgan.

Zangiota tumanida ham 10 ming o‘rinli ikki virusologiya shifoxonasi qad ko'tarmoqda. Yaqin kunlarda ochilishi rejalangan, deydi prezident.

Mirziyoyevning ta'kidlashicha, hozirgacha O'zbekistonda 245 ming test o'tkazilgan. 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelingan.

Diagnostika, davolash, karantin ishlari BMTning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida olib borilmoqda. Janubiy Koreyadan shifokorlar kelgan va yaqin kunlarda ularga xitoylik mutaxassislar ham qo'shiladi.

Virus yuqtirganlarning 25 nafari sog‘ayib, hozirda reabilitatsiyada.

3-aprel kechga borib, ya'ni prezident nutqidan keyingi soatlarda, kasallanganlar soni 227 nafarga yetdi.

Prezident mamlakat bo'ylab 22 mingdan ortiq holatlarda karantin qoidalari buzilganini tilga oldi. 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan, deydi u.

"Karantin vaqtida ayrim mas’uliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma’qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi", - deydi Mirziyoyev.

"Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz".

Mirziyoyev Yaponiyani yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi va urf-odatlari bilan aholisi zich, qo‘shnilari bilan savdo aloqalari o‘ta rivojlangan bo‘lsa-da, virusning keng tarqalashiga yo‘l qo‘ymadi, deya maqtadi.

"Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashish, uyga mehmon kelganda qo‘lga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish kabi urflarimizni yanada mustahkamlashni taqozo etadi", - deydi prezident.

Mirziyoyev deydiki, jamoat joylarida, mahalla va xonadonlarda dezinfeksiya ishlari muntazam davom etib, barcha korxona va tashkilotlar har hafta o‘z xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi zarur.

O'zbekiston rahbari uyda o'tirgan yosh avlodni ilm olishdan to'xtamaslikka undadi.

"Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang".

3-aprelga chiqqan farmonga ko'ra, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1-oktyabrga qadar kechiktiriladi. 1-apreldan boshlab, yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi yordamni oshiradi.

"Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo‘lganda uning 8 foizini jamg‘arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi", - deydi Mirziyoyev.

Prezidentning tushuntirishicha, tadbirkorlarning 3 trillion so‘mlik kreditlari foizini qoplashga jamg‘armadan qo‘shimcha 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.

Qishloqlarda ish joylari yaratish, xususan paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy quvvatlash bo‘yicha ham prezident qarori chiqqan.

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi.

Toshkent, 3-aprel, 2020
Toshkent, 3-aprel, 2020

Karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironlarga 18 turdagi oziq-ovqat va gigiyena vositalari bepul yetkazib beriladi.

Hukumat karantin davrida uyda asoslangan hunarmandchilikni quvvatlaydi, deydi prezident. O'zbekistonda hozirda 28 mingdan ziyod shunday faoliyat bo'lib, ularga 50 million dollar mablag‘ ajratilgan.

"Ko‘pga kelgan va jahon ahli aziyat chekayotgan bu qiyin kunlar, albatta, o‘tadi... Hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo‘lsak, shifokorlar tavsiyalariga to‘liq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib o‘tamiz", - dedi Mirziyoyev xalqqa murojaatida.

Uning aytishicha, bu kurashda tibbiy choralar qatorida qat’iy intizom, sabr-toqat va mas’uliyat hissi ham muhim rol o'ynaydi.

"Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng ta’sirchan qurolimizga aylanishi shart... O‘zbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmaydi! Yaratganning o‘zi xalqimizni va butun insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni o‘z panohida asrasin!"

O'tgan hafta Mirziyoyev qo'shni davlatlarning rahbarlari bilan gaplashgan. Respublikadan Afg'oniston va Qirg'izistonga insonparvarlik yordami yetkazilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG