Breaking News

IShID Suriyada yana jonlanmoqda


"Islomiy davlat" terror guruhiga aloqador jangarilar so'nggi haftalarda Suriyaning cho'l mintaqasida hukumat kuchlari va tinch aholiga qarshi hujumlarini kuchaytirgani xabar qilinmoqda.

Mutaxassislarga ko'ra, AQSh himoyasidagi kuchlar sharqiy Suriyada IShIDni mag’lub etganidan bir yil o’tib Badiya sahro hududida jangari guruh yana jonlangan.

O'tgan oy IShID jangarilari Suriya hukumat kuchlari va ittifoqdosh guruhlarga qarshi yangi operatsiya boshlashini e'lon qildi. Ma'lumotlarga ko'ra, bu guruhning sobiq yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiy tomonidan boshlangan avvalgi kampaniyaning ikkinchi bosqichidir. Al-Bag’dodiy o'tgan yil avgust oyida AQShning Suriya shimoli-g'arbiy qismida o’tkazgan amaliyotida o'ldirilgan edi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, IShID jangarilari Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga sodiq kuchlarga cho'l hududida, jumladan, Suriya sharqidagi Deyr az-Zur viloyatida hujum uyushtirgan. Bu hududnng ayrim qismlarini AQSh qo'llab-quvvatlagan kuchlar nazorat qiladi.

Ushbu xurujlarda Suriya rejimi askarlaridan kamida 15 kishi va Eron tomonidan qo'llab-quvvatlangan guruhga oid bir necha jangari o'ldirilgan va yana o'nlab odam yaralangan.

Tugallanmagan g'alaba

Terrorchi guruhning qayta bosh ko’tarishiga sabab, deydi ekspertlar, avvalgi yillarda Suriya hukumati va boshqa ittifoqchi kuchlar IShIDga qarshi kurashni oxirigacha yetkazmagan edi.

"Asad kuchlari va uning ittifoqchilari 2017-yil Badiyada IShIDga qarshi juda katta yutuqlarga erishdi, chunki rejim kuchlari kirib kelishi oldidan jangarilar Badiyaning ko'p joylarini tark etgan", - dedi Urushni o'rganish institutining Suriya bo'yicha mutaxassisi Nikolay Heras.

Herasning aytishicha, cho'l mintaqasi aholi kam yashovchi hudud bo'lib, IShIDga o'z jangarilari va harbiy texnikalarini yashirishga imkon beradi.

"IShID Badiyada ko’rinmas usulga o’tdi. Bu tashkilotga ushbu katta mintaqada Asad rejimining ajratilgan postlariga zarba berish uchun og'ir qurollangan jangarilarning kichik guruhlaridan foydalanish yoki mahalliy rejim amaldorlariga suiqasd qilish uchun ichki josuslarni qo’llash imkoniyatini beradi", - deydi ekspert “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

IShID hali ham jiddiy tahdidmi?

Suriyada nazorati ostida hududi qolmagan jangari guruh uchun bunday hujumlar katta harbiy yutuq sifatida ko’rilishi mumkin. Ular o’zlarining hanuz jiddiy kuch ekanini ko’rsatishga urinmoqda, deydi kuzatuvchilar.

"Suriya rejimi qo'shinlariga va boshqalarga qarshi hujumlar uzoq vaqt va aniq rejani talab qiladi", - deydi Suriyalik tadqiqotchi Sadriddin Kinno.

Kinnoga ko’ra, oyiga bir yoki ikki marta uyushgan hujumlarni amalga oshirish IShID uchun katta g'alaba, chunki maqsad endi biror hududni egallab olish emas, balki guruh hali ham mavjudligini isbotlashdir.

Yashirin terrorchilar

IShID jangarilari terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun tovlamachilik va odam o'g'irlash usullaridan foydalanadi. Bunday jinoyatlar, ayniqsa, IShIDga qarshi kurashda samarali kuch sifatida ko’riladigan va AQShdan harbiy ko’mak olgan kurdlarning Suriya Demokratik Kuchlari (SDF) nazorati ostidagi hududlarda keng tarqalgan.

"Deyr az-Zurning SDF nazorati ostida bo'lgan ko'p joylarida qonunsizlik hukm surmoqda", - deydi “Az-zur 24” xabarlar va tadqiqot guruhining direktori Umar Abu Laylo.

Abu Layloning ta'kidlashicha, IShID a’zolari deyarli bemalol yuribdi va SDF kuchlari bu xavfli holatdan xavotirga ham tushmayapti.

Masalan, uning so'zlariga ko'ra, dushanba kuni IShIDning bir necha jangarisi Deyr az-Zur shahridagi al-Shuhayl shahrida tinch aholiga qarshi "odatdagidek niqob kiymagan holda" suiqasd uyushtirgan.

Bu shuni ko'rsatadiki, mahalliy SDF jangchilari bu hududda barqarorlikni o'rnatishga qodir emas, deydi Abu Laylo "Amerika Ovozi"ga.

Yakshanba kuni IShID jangarilariga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar Deyr az-Zur sharqidagi al-Sabha shahrida SDF qo’mondonini o’ldirgan.

SDF rasmiylarining aytishicha, IShIDning maxfiy a’zolari so'nggi yillarda terrorchilik guruhidan ozod qilingan joylarda barqarorlikni ta'minlash harakatlariga tahdid solishda davom etmoqda.

AQSh yordami

AQSh harbiylari Suriyaning sharqida terrorizmga qarshi kurashda SDFga yordam berishda davom etishlarini bildirdi.

" Suriya Demokratik Kuchlari xalqaro harbiy koalitsiyaning qo'llab-quvvatloviga ega. Ular O'rta Furot daryosi vodiysi va Badiya sahrosida IShID maxfiy a’zolarini qidirishmoqda", - dedi AQSh yetakchiligidagi koalitsiya vakili polkovnik Mayles Kaggins.

"IShID qoldiqlari xavf tug'diradi va biz ularning qabila boshliqlari va oddiy cho'ponlarni o'ldirayotganini, o'g'irlayotganini va ba'zi joylarda SDF qo'shinlariga hujum qilishlarini ko'rdik”, - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Yaqinda SDF xalqaro koalitsiya ko'magi bilan Xasaka shahrida IShIDning yuqori martabali a’zolaridan birini qo’lga olishga muvaffaq bo’lgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG