Breaking News

Kongressda 3 trillion dollarlik loyiha muhokamada


Oq uy, 14-may, 2020
Oq uy, 14-may, 2020

Pensilvaniya shtatiga yo'l olar ekan, Prezident Donald Tramp shtatlarni ochilishga undadi. Bizneslar, o'quv dargohlari va jamiki muassasalar normal hayotga qaytish haqida o'ylasin, deydi u. Biroq koronavirus tarqalishda davom etmoqda.

"Odamlar hayotini izga qo'yishni istaydi va biz sharoit yaratishimiz kerak", - deydi Tramp.

Uning aytishicha, sog'liqni saqlash tizimi talabga javob beradi va yetarlicha ta'minlangan. Koronavirusga qarshi vaksina yil oxirigacha chiqadi, deya ishonch bildirmoqda prezident.

Mutaxassislar va ilm ahli esa kamida bir yarim yil kerak, deya ogohlantirmoqda. Tibbiyot sohasi egalari hukumatni puxta qarorlar qilishga, salomatlik uchun ko'proq sarmoya ajratishga chaqirmoqda. Albatta ajratiladi, deydi Tramp.

Saylov yaqin. Iqtisodiyot zaiflashgan. Bizneslar o'ziga kelishi uchun hali ancha ter to'kish kerak. Ishsizlik darajasini pasaytirish aynan xususiy sektor ravnaqiga bog'liq.

AQSh rahbari Jahon Savdo Tashkilotidan norozi ekanini bot-bot eslatib turibdi. Tashkilotda boshqaruv yangilanishi kutilmoqda.

"Bu tashkilot bizga nisbatan adolatsiz ish tutib kelgan. Xitoyga rivojlanayotgan davlat deb qarab, ko'pdan-ko'p imtiyozlar beradi. Amerika esa birortasiga munosib topilmaydi", - deydi Tramp.

AQSh nazarida Jahon Savdo Tashkiloti tubdan isloh qilinishi kerak. Qoidalar va tartib yangilanishi, organ o'ziga nisbatan ishonchni qayta tiklashi lozim, deydi Amerika rasmiylari.

164 davlat a'zo tashkilot Jenevada asoslangan va hozirga kelib, "Xitoyning o'yinchog'i", deydi Tramp.

Xitoy buni inkor etadi. "Gegemonlikka o'rgangan AQSh" yirik tashkilotlar undan boshqa davlatga yon bossa yoki u bilan hamkorlikni kuchaytirsa, Oq uy mana shunday ayblovlar bilan chiqishi yangilik emas, deydi Pekin rasmiylari.

Koronavirus pandemiyasi Amerikada ishsizlar sonini 36 millionga olib chiqdi. Ayrim respublikachilar Jahon Savdo Tashkilotini tugatib, "butun kuchimizni iqtisodiy suverenitet uchun sarflash lozim," deya chaqirmoqda.

Jahon Savdo Tashkiloti 1995-yilda tashkil etilganida u jahon bo'ylab liberal iqtisodiy tizimlar shakllanishi uchun xizmat qiladi, degan umidlar bog'langan. AQSh prezidenti fikricha, organ bu ishni uddalay olmayapti.

Spiker Nensi Pelosi, Vashington, 14-may, 2020
Spiker Nensi Pelosi, Vashington, 14-may, 2020

Bu orada AQSh Vakillar palatasi 3 trillion dollarlik navbatdagi iqtisodiy yordam paketini muhokama qilmoqda. Spiker Nensi Pelosi bu yangi loyiha ustida Senat va Oq uy bilan tortishuvga tayyor.

"Konkret taklif bilan chiqdik. Bundan yaxshiroq tashabbus bo'lsa, qani, eshitamiz", - deydi demokratlar lideri.

Kongressning har ikki palatasi tasdiqlasa, bu AQSh tarixidagi eng yirik iqtisodiy ko'mak bo'ladi.

Pelosi deydiki, muhokamadagi mablag'ning 1 trillion dollarga yaqini shtatlar va mahalliy hokimiyatlarni quvvatlaydi. Ishsizlarga imtiyozlar oshiriladi va uzaytiriladi, shuningdek, sog'liqni saqlash uchun ko'proq sarflanadi.

"Iqtisodiyotni ochish uchun yanada ko'proq moliya kerak. Salomatligimizga qarash uchun pul kerak. Eng og'ir damlarda to'xtovsiz ishlagan amerikaliklarni rag'batlantirishimiz zarur. Qahramonlarimizga rahmat aytmaymizmi?"

Respublikachilar nazarida demokratlaring bu loyihasi shoshib tayyorlangan va saylov oldidan xalqning ko'nglini ovlash uchun olg'a surilmoqda.

Nensi Pelosi Kapitoliyda so'zlar ekan, respublikachilarni xalqqa yordam kerakligini tan olishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG