Breaking News

Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklar: bu yil ro'za boshqacha


Nyu-Yorkda bu yil ro'za qanday o'tmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:32 0:00

Nyu-Yorkda bu yil ro'za qanday o'tmoqda?

Pandemiya davrida Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklar uchun Ramazon oyi qanday kechmoqda? Masjidlar musulmonlar bilan aloqadami? Bruklinda ro'za dasturxonidagi nisholloni qayerdan olishadi?

O'tgan yil shu payt Bruklindagi bu masjidlar atrofiyu ichi musulmonlar bilan gavjum edi. Har yili Ramazon oyida ana shunday masjidlarda odamlar minglab ro'zadorlarga navbati bilan iftorlik qilib berishardi. Bruklinda yashovchi ko'plab o'zbekistonlik mo'min - musulmonlar ham Taroveh namozlarida ana shunday masjidlarda yig'ilishardi. Koronavirus pandemiyasi bu manzarani o'zgartirgan. Barcha masjidlar hozir yopiq. Shunday bo'lsa-da, ro'zadorlar kamaygan emas.

O'zbekistonlik imom Saidmaqsudxon Muhammadxonov 8 yildirki Bruklinda yashaydi.

“Endi juma namozlari, taroveh namozlari hozircha pandemiya sababli, vabo sababli vaqtincha, muftiyatlarning fatvolari bilan to'xtatilgan. Sababi pandemiya.. . bir-biriga [virus] yuqishi oqibatini o'ylab, insonlar zarar ko'rmasinlar deb xonadonlari bilan ahli baytlari bilan, aka-ukalari, yoru-birodarlari bilan, ahli oila, farzandlari, bola-chaqalari bilan taroveh namozlarini o'qishni va duolarda sobit bo'lishni tavsiyasini berishgan. Qo'ldan kelgancha, imkoniyatga qarab mana shu fatvoga va mana shu maslahatlarga amal qilib turibmiz", - deydi Muhammadxonov.

O'zbekistonlik aksariyat musulmon oilalar vakillari bilan gaplashganimizda Ramazon oyi pandemiya davriga to'g'ri kelgan bo'lsa-da, ro'za tutishda ular qiynalmayotganliklarini ta'kidlashyapti. Buning boisini ular quyidagicha tushuntirishmoqda.

“To'g'ri Ramazon oyi pandemiya va karantin paytiga to'g'ri keldi. Karantin paytida aksariyat oilalar uyda. Shu jumlada biz ham uyda o'tiribmiz. Ro'za tutishimizda karantin tufayli jismoniy toliqishlar kam, hamma uyda, har kim o'zi yoqtirgan mashg'ulotlari bilan band. Ko'chaga chiqishlar kam. Shu sababli o'ylaymanki ro'zadorlarga biroz yengillik bo'ldi”, - deydi samarqandlik Nilufar Suyunova.

Biz bilan suhbatda bo'lgan ko'pgina o'zbekistonlik immigrantlar ularning oilalarida Ramazon qadriyatlari O'zbekistondan shakllanganini ta'kidlashmoqda.

“Ro'za tutish qoidalarini O'zbekistondaligimizda yoshi katta bobojon buvijonlarimizdan so'rab o'rganganmiz. Ota-onalarimizdan so'rab o'rganganmiz. Ota-onalarimiz o'rgatishgan. Birga ro'za tutganimizda qanday qoidalarga amal qilish kerak, qanday ro'za tutish kerak, nimalar qilish kerakligini birgalikda ko'rib, so'rab o'rganganmiz”, - deydi Nilufar Suyunova.

Okean ortida namoz va ro'za vaqti hamda boshqa diniy sanalarni aniqlashda ularga Internet tarmog'iyu mahalliy masjidlar manba.

Suhbatdoshlarimizga ko'ra, ularning Nyu-Yorkdagi ro'za dasturxonlari ham O'zbekistondagidan qolishmayapti. Bunga Bruklin tumaniga ulardan oldinroq kelib o'rnashgan vatandoshlari sababchi.

“O'zbekistondan kelganligimiz uchun uyda hamma o'zbekcha, o'zbekona taomlarni tayyorlashga harakat qilaman. Ro'za dasturxonimizni bezab turadigan yana bir shirinlik bor, bu nishollo. Men uni yaxshi ko'rib iste'mol qilaman. O'tgan yil birinchi kelganimizda... ro'za oyiga to'g'ri kelgandi. Shu paytda nisholloni topolmagan edik. Sababi u paytlar hali yangi edik, ko'p joylarni bilmasdik. Qayerda nishollo sotilishini bilmaganmiz. Chunki nishollo hamma magazinlarda ham sotilmaydi. Bu yil bemalol xarid qilyapmiz. Hozir karantin paytiga qaramasdan telefon qilsangiz uyingizgacha ham yetkazib berishadi. O'zimizni o'zbeklar tayyorlashadi.Juda ham ajoyib, o'zimizni O'zbekistonnikiga o'xshab ketadi”, - hikoya qiladi Nilufar Suyunova.

“Albatta biz yoshligimizda ro'zani nishollosiz o'tqizmaganmiz. Nishollolar ham bor. Har bir narsa bor, Alhamdullilah. Bu ne'matlarni biz o'zimizga yaqin bo'lgan marketlardan, ya'ni “Navro'z”, “Oazis”, “Toshkent” degan marketlari bor, ana shu supermarketlardan o'zimizning halol marketlardan, ya'ni o'zimizning o'zbekistonlik yurtdosharimiz, birodarlarimiz ochgan marketlardan xarid qilyapmiz va tanavvul qilyapmiz”, - deydi Muhammadxonov.

Pandemiya bois odamlar yakkalanish orqali o'zlarini va yaqinlarini asrashga intilmoqda.

Shunday bo'lsada Amerikadagi masjidu islomiy markazlarning musulmonlar bilan aloqalari uzilmagan deydi imom. Bunga ularga Internet va aloqa vositalari qo'l kelayotganini tushuntiradi suhbatdosh.

“Bunday holatlarda, mana imkoniyatlar keng bo'lgani bir paytda vatandoshlarimiz, birodarlarimiz, ahli ilmlardan, ustoz-domlalardan o'zlari bilmagan savollar bilan yo'llanishlik... mana zoom orqali kim qaysi mazhabda bo'lsa... mana bu yerda Amerikada turli xil millat va elatga mansub bo'lgan va turli mazhablarga etiqod qiladigan musulmonlar yashaydi, kim qaysi mazhabda bo'lsa o'zining mazhabiga tegishli ilovalarni, ma'lumotlarni olishlik uchun o'zlarining ustozlariga Zoom orqalimi, telefon orqalimi, qolaversa ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilishyapti. Ustozlar hammalari uyda qolgan holatda, Alhamdulillah Olloh bardavom qilsin, Olloh yaxshi ajrlar bersin shu ustozlarimizga, maslahatlari, qolaversa vatandoshlarimizni, birodarlarimizni savollariga ketma-ketlik bilan javoblarini izhor qilib turishibti”, - deydi o'zbekistonlik imom.

Karantin davomida Saidmaqsudxon Muhammadxonovning o'zi ham AQShdagi o'zbekistonlik vatandoshlari bilan doimiy muloqotda ekanligini aytadi. Uning bildirishicha bu davrda uni quvontirgan qo'ng'iroqlar ham bo'lib turibti.

“Ba'zi bir namozni bilmaydigan, namozga no'noqlik qilib, oqsoqlik qilib turgan birodarlarimiz mana shu pandemiya vaqtida uyda o'tirib telefon orqali faloncha nima bo'ladi, namozga o'tdim, tahoratni qanday oladi, namozga o'tdim degan savollar bilan yuzlanib, besh vaqt namozga o'tib ketishdi. [Koronavirus pandemiyasi] Mening atrofimdagi ko'p birodarlarim namozga doxil bo'lishganiga sababchi bo'ldi. Demak bu Ollohning rahmati. Olloh Taoloning bizga bergan maxfirati bo'ldi, sinovi, ne'mati deb bilsak ham bo'ladi. Alhamdullillah mana shunaqa yaxshiliklarga ham erishib turibmiz. Insonning boshiga bir og'ir kun kelsa albatta uning orqasida bir yengillik bor. Bir mashaqqatdan keyin, bir osonchilik, yengillik bor, deya marhamat qiladi”, - deydi Muhammadxonov.

Ramazon oyi musulmonlar har kuni quyosh chiqishidan uning botishigacha ro'za tutadigan muqaddas oy. Pandemiya davrida ham Nyu-Yorkdagi bir milliondan ortiq musulmonlar qatorida o'zbekistonlik yangi immigrantlar ham Xudoga bo'lgan sadoqatlarini kam yeb, saxovat qilish orqali oshirishga intilmoqdalar. Bundan ular xursand. Ammo ularning yagona o'kinchi shu yerda ortirgan yangi yoru-birodarlari hamda o'z yaqinlari bilan odatda iftoru taroveh namozlari vaqtida kechgan diydorlashuvning virtuallashganidan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG