Breaking News

Demokrat gubernatorlar harbiylar aralashuviga qarshi


Vashington, 1-iyun, 2020
Vashington, 1-iyun, 2020

Prezident Donald Tramp namoyishlar zo'ravonlikka aylanar ekan, harbiy kuch ishlatib tartibni saqlamoqchi. Gubernatorlarni bu borada ogohlantirgan. Lekin shtatlarning rahbarlari bu borada hamfikr emas, ayniqsa, demokratlar.

Illinoys shtati gubernatori J.B. Pritzker federal hukumatning bunday aralashuviga qarshi. U prezidentni asossiz tahdidda ayblayapti. Namoyishchilar jamoatchilik hayotiga xavf solsa, shtatlarning o'zlari chora ko'radi, Oq uy emas, deya eslatmoqda Pritzker.

"Vashingtondan qo'shin kelishi noto'g'ri. Biz o'zimiz bu masala bilan shug'ullanamiz", - deydi gubernator.

Minnesota shtatida 25-may kuni 46 yoshli qora tanli Jorj Floyd politsiya qo'lida jon bergach boshlangan norozilik namoyishlari hozir butun mamlakatga tarqalgan va aksariyat hollarda buzg'unchilik hollariga yetaklagan. Xususiy mulklar vayron qilingan, do'konlar va banklarga bostirib kirilgan, o't qo'yilgan. Davlat idoralari va nohukumat muassasalar ham tahdid ostida qolgan.

Prezident Tramp 1-iyun kuni Oq uydan turib dediki, hukumat bunday zo'ravonliklarga toqat qilmaydi. Shtatlarning hokimiyatlari vaziyatni nazorat qila olmasa, harbiy kuch safarbar etiladi.

Ko'plab shtatlarda Milliy Gvardiya xizmatda, lekin Nyu-York singari keng ko'lamli namoyishlar kechayotgan shaharda ular jalb etilmagan.

23 shtat va poytaxtda Milliy Gvardiya bir necha kundan beri shay holatda.

Vashington shtati gubernatori Jey Insli fikricha, fuqaro va harbiylar orasida qon to'kilmasligini ta'minlash asosiy vazifa.

"Prezident davlat boshqaruvini eplay olmay har doimgidek katta gapirish bilan ovora. Uning Oq uydagi muddati shunday o'tmoqda", - deya tanqid qildi Insli.

Yana bir demokrat gubernator, Nevada shtati rahbari Stiv Sisolak nazarida, Milliy Gvardiyaga tayangan holda ish ko'rish to'g'ri yo'l va prezident bu jarayonga aralashmasligi lozim.

"Shtatlarda Milliy Gvardiya nochor ahvolda va Vashingtondan qo'shin kelishi kerak degan gaplar asossiz", - deydi Sisolak.

"Nevada Milliy Gvardiyasi bizni har qanday xavfdan himoya qila oladi va shunday qilmoqda ham".

Oregon shtati gubernatori Keyt Braun deydiki, tartibni buzayotganlar kichik doira va mahalliy hokimiyat ularni tinchita oladi. Harbiylarni aralashtirish vaziyatni og'irlashtiradi, deydi u.

"Tramp gubernatorlarni kuch ishlating deya undab aholini qo'rqitmoqchi. Omma islohotlar va o'zgarishlar talab qilishga haqli. Namoyish qilish - uzviy huquq. Biz xavfsizlikni ta'minlaymiz", - deydi Braun.

Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom Milliy Gvardiyani ishga solgan. Bu demokrat fikricha ham, Trampning ogohlantirishi o'rinsiz va asossiz.

"Amerikaga kuchli lider kerak", - deydi u, yaqinlashayotgan saylovlarda yurtdoshlarini demokrat nomzod uchun ovoz berishga undab.

Milliy Gvardiya politsiyaga yordamlashadi, yo'l harakatini nazorat qiladi, favqulodda holatlarda chora ko'radi.

Jo Bayden, prezidentlikka demokrat nomzod
Jo Bayden, prezidentlikka demokrat nomzod

Trampning saylovdagi raqibi Jo Bayden namoyishchilar tarafida. Irqchilik - tub muammo va Amerika bu azaliy kasallikdan o'zini tuzatishi lozim, deydi Bayden.

Mamlakat koronavirus changalida ekan, millionlab odamlar uni yuqtirib, 100 mingdan oshiq kishi vafot etib, xalq iqtisodiy qiyinchiliklar bilan kurashar ekan, boshqaruv zaif va omma dardini tushunmaydi, deydi Bayden.

"Zo'ravonlik bilan hech qanday ezgu maqsadga erishib bo'lmaydi. Politsiya ham fuqaroni hurmat qilishi kerak. Tinch namoyishlarga yo'l berilishi, ularning istak va xohishlarini eshitishi kerak", - deydi nomzod.

Bayden fikricha, Tramp xalqni tinglash o'rniga o'z imijini himoyalash bilan ovora.

Asosiy masala - iqtisodni tiklash, ijtimoiy tafovutlarni bartaraf etish, adolat uchun kurash, deydi Bayden.

Oq uy oldidagi cherkovga chiqib suratga tushish chora ko'rish emas. Qo'lidagi Injilni o'qishi kerak, balki shunda vijdonan ish qilish haqida biror narsa o'rganar", - deydi Bayden.

Afro-amerikaliklar odatda demokratlarga ovoz beradi va Bayden ham ularning ishonchidan umidvor.

Prezidentlikka saylansa, Bayden politsiya tizimida o'zgarishlar qilishni va'da bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG