Breaking News

AQShda namoyishlar: Prezident va mudofaa vaziri tanqid ostida


Oq uyga yaqin tarixiy ibodatxona qarshisida Injil bilan suratga tushayotgan AQSh rahbari. 1-iyun, 2020.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper 1-iyun kuni mamlakat bo’ylab irqchilikka qarshi namoyishlar o’tayotgan hududlarni “jang maydoni” deb atadi. Pentagon yetakchilari shu kuni namoyishchilar yoshlantiruvchi gaz vositasida tarqatilgach, Prezident Donald Trampning cherkov fonida suratga tushishi uchun hamrohlik qilgan. Shu ikki holat yuzasidan mamlakatda e’tirozlar kuchaygan.

Tramp Oq uyga yaqin cherkov hududida namoyish ketayotganidan bexabar bo’lgani, ularni tarqatish va yoshlantiruvchi gazdan foydalanish haqida buyruq bermaganini aytmoqda.

O’z navbatida, mudofaa vaziri ham namoyish hududlarini “jang maydoni” deb atagani uchun uzr so’radi.

Vazirlikning shaxsini ma’lum qilishni istamagan mulozimining aytishicha, 20 yildan ziyod harbiy formada xizmat qilgan vazirning bunday bayonot berishi jiddiy xato. Harbiylar, odatda, qo’shinlar dushmanga qarshi kurashayotgan hududni “jang maydoni” deb ataydi, deya munosabat bildirgan rasmiy.

Prezident cherkov qarshisida Injilni ushlab suratga tushish uchun fuqarolarning norozilik namoyishiga chiqish huquqini poymol etgani noto’g’ri, deydi tanqidchilar. Ana shu jarayonda prezident yonida bo’lgan vazir Esper va general Mark Milli ham tanqidga uchragan.

Mudofaa vazirligi vakilining aytishicha, Esper ham, Milli ham fotosessiyada ishtirok etishidan bexabar bo’lgan. Ular prezidentga hisobot berish uchun Oq uyga chaqirilgan. Majlisdan so’ng Tramp tashqaridagi harbiylarni ko’rish istagini bildirgan va ikki rasmiy davlat rahbariga hamrohlik qilgan.

Inson huquqlari bo’yicha loyiha rahbari Jamil Dakvarga ko’ra, tinch namoyishchilarga qarshi yoshlantiruvchi gaz qo’llanilishi “xavfli kimyoviy quroldan asossiz foydalanish” deya baholanadi.

“Prezidentning oddiy suratga tushish sababi bilan federal hukumat vakolatini suiiste’mol qilib, o’z konstitutsion huquqlaridan foydalanayotgan amerikaliklarga qarshi hujum uyushtirishi sharmandalik”, - deydi Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Benni Tompson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG