Breaking News

Oq uy Melaniya Tramp singari xonimni ko'rmagan


Melaniya Tramp 50 yoshda, turmush o'rtog'i Donald Trampdan deyarli 25 yosh kichik

15 yil oldin Donald Tramp bilan turmush qurishidan oldin Melaniya Tramp model edi. Sloveniyalik immigrant Oq uyda bekalik qilgan boshqa ayollardan ko'p jihatlari bilan ajralib turadi.

Prezident rafiqasi mukammal ayol bo'lishi kerakmi? Tramp nazarida uning rafiqasi har jihatdan a'lo.

Amerika rahbari Melaniya Trampning aslida kimligiga uncha urg'u bermaydi, vaholanki, u sobiq sotsialist mamlakatda katta bo'lgan.


"Ijobiy fikrlaydigan, kitob o'qiydigan, shu bilan birga moda va dizaynerlikka qiziqqan qiz edi", - deydi bolalikdagi dugonasi Miryana Yelanchich.

Modaga qiziqish Melaniyani model qildi. Karyerasi uni keyin AQShga olib keldi, Nyu-Yorkka.

"U Oq uydagi ikkinchi immigrant xonim. Birinchisi 19-asrda Prezident Jon Adamsning rafiqasi Luiza bo'lgan", - deydi yozuvchi Mishel Tober.

Tadbirkor Tramp Melaniya bilan bir ziyofatda tanishgan. 2005-yilda oila qurishgan.

Oq uy ularning farzandi, 14 yoshli Barronni kameralardan uzoqda saqlaydi.

“Rafiqam - ajoyib ona. O'g'li uchun jonini beradi", - deydi prezident.

“Barron o'qish va sport bilan ovora. Atletikada zo'r. Uning uchun hozir shu muhim, jamoatchilik ichida yurish emas", - deydi onasi.

Melaniyaning o'zi ham omma oldiga ko'p chiqmaydi, faqat o'ta zarur hollarga ko'rinadi.

O'quvchilar ruhiyati bilan bog'liq masalalarni ko'tarib, tadbirlar o'tkazadi. Onalar bilan uchrashib turadi. Ijtimoiy tarmoqlarni zararli deb hisoblaydi.

"Bugungi texnologiya odamga yashirinish imkoniyatini beradi. Anonim tarzda yovuz niyatli odamlar boshqalarga zulm va bosim o'tkazadi, ularni ruhan ezishga harakat qiladi. Tarmoqlarda mehr va mas'uliyat o'rnini nafrat egallaydi", - deydi AQSh birinchi xonimi.

Melaniya Tramp umr yo'ldoshi haqida deyarli og'iz ochmaydi. Unga nisbatan tanqidlar, Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari xususida lom-mim demaydi. Tramp ayollarni mazxara qilganida ham Melaniya odatda munosabat bildirmadyi va bu turli mish-mish va taxminlarni avj oldiradi. Masalan, birinchi xonim shunchalik befarqmi, degan.

Tramp prezidentlikka saylanganida Sloveniyada Melaniyaga haykal o'rnatildi.

Lekin yaqinda unga o't qo'yishdi va qoldiqlari olib tashlandi.

Tarixchi Kuki Roberts deydiki, rahbarning rafiqasi bo'lish juda qiyin, ayniqsa agar siyosiy tajriba bo'lmasa. Omma oldida bo'lish, tinimsiz baholanish, tinimsiz bosim - ko'tarish amri mahol.

Melaniya Tramp - katolik. Besh tilni bilaman deydi, lekin ko'p gapirmaydi. Umuman olganda, passiv.

“Amerika Qo'shma Shtatlarining birinchi xonimi sifatida oldingizda turish men uchun sharaf, bag'oyat mamnunman", - deydi u.

Saylov oldidan Melaniya Trampdan ko'proq ko'rinish va ma'ruzalar qilish kutilmoqda. Amerikaliklar nafaqat prezidentdan, balki uning eng yaqin odamidan eshitishni istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG