Breaking News

Nega Xitoy elitasining farzandlari xorijga chiqib ketishni istaydi?


Xitoyda sotsiolog olim, Pekin universitetining sobiq professori Jen Yefuning yozishicha, mamlakat elitasining farzandlari g’arbda oqish va yashashni istaydi. Masalan, Prezident Si Zinpinning yakkayu yagona qizi Si Mingze, Kommunistik partiyaning rahbar lavozimlarida ishlagan Jao Ziyang va Jiang Zeminning nevaralari Garvard universitetida, Jia Chinglinning nevarasi Stenfordda, Bo Silayning o’g’li Garvardning Kennedi maktabida tahsil olgan

“Vashington Post” nashrining yozishicha, Politbyurining Doimiy Qo’mitasi a’zolarining kamida besh nafarida xorijda tahsil oluvchi farzandlari, nevaralari bor.

Vashingtondagi Migratsiya siyosati institutining yozishicha, Xitoydan AQShga migratsiya oqimining kuchayishiga sabab bo’layotgan ham aslida elitaning o’zidir.

Xitoydagi Hurun tadqiqot institutining yozishicha, mamlakatda boy qatlam kishilarining har uchdan biri xorijga ketishni istaydi. Bunga sabab sifatida xitoyliklarning sifatli ta’lim, erkin hayot, yaxshiroq ekologik sharoit izlashi, shuningdek, mol-mulkini himoya qilishi maqsadi keltiriladi.

Komministik partiyaning tanqidchisi bo’lgan Jen Yefuning yozishicha, Xitoy siyosati elitaning manfaatlarini himoya qilish, amaldorlarning siyosiy va iqtisodiy kuchini farzandlariga “meros” qilib qoldirishga qaratilgan. Lekin arboblarning farzandlari esa, aksincha, bu “meros”ga qiziqmaydi. Ular G’arbga, xususan, AQShga chiqib ketishni istaydi.

“Ularga kuch emas, Amerika kerak”, deb xulosa yasaydi olim maqolasida...

Olimning fikricha, arboblarning farzandlaridagi bunday dunyoqarash va istak mamlakatda fikr va so’z erkinligining yildan-yilga yomonlashayotgani, mamlakatdagi avtokratik tizim natijasida yuzaga kelgan.

1978-yilda Xitoyning tashqi dunyoga ochilishi natijasi o’laroq kishilarga xorijga chiqish uchun imkoniyat yaratildi. G’arbga chiqqan kishilar esa har ikki mamlakat hayotini qiyoslab, xorijda qolishga qaror qilmoqda.

Xitoyshunos mutaxassis Zan Aizongning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, chetga chiqib ketayotgan elita mamlakatning ijobiy tomon o’zgarishidan umidi yo’qligi tufayli shunday qarorga kelgan.

“Agar Xitoyda demokratiya, konstitutsiya, qonun ustivorligi bo’lganida, umuminsoniy tamoyillar, huquq qadrlanganida va shu bilan birga muammolar ham bo’lganida edi, xorijga chiqib ketishni tanlagan elita bu muammolarni yechish uchun mamlakatda qolgan bo’lar edi. Lekin ular Xitoyda islohotlar olib borishga imkoniyat yo’qligiga amin bo’lib, mamlakatni tark etmoqda”, deydi mutaxassis.

Huquq faoli Hu Jianing aytishicha esa, mamlakatda qolib, islohotlar o’tkazishga harakat qilish kishi boshiga ko’p g’avg’olar olib kelishi turgan gap. Shu sabab, kishilar muammolardan uzoq qolish, erkin va demokratik jamiyatda tinch yashashni o’ylab, mamlakatdan ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG