Breaking News

G’arbning Xitoyga yondashuvi o’zgaryaptimi? Tarixga nazar


Xitoy Kommunistik partiyasi raisi Mao Zedun va AQSh Prezidenti Richard Nikson, Pekin, 22-fevral, 1972

1972-yilda AQSh Prezidenti Richard Niksonning Xitoyga tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi uzoq yillik kelishmovchiliklarga yakun yasadi, Mao Zedunning 1966-yilgi madaniy inqilobidan so’ng Xitoy yashiringan “bambuk pardani” ko’tardi.

Niksonning “dunyoni o’zgartirgan hafta” deya ta’riflagan bu safari uning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Genri Kissinjer olib borgan bir necha oylik maxfiy muzokaralar mahsuli edi.

“Biz boshlagan falsafiy kashfiyotlar safari noaniq, hatto bir jihatdan ilgari jug’rofiy kashfiyotlar uchun qilingan safarlar kabi xavfli edi”, deya sharhlagan edi Nikson.

Oradan 48 yil o’tib Amerika va Xitoy yana bir xavfli safarga otlanmoqda. Koronavirus pandemiyasi, deydi tahlilchilar, dunyoning ikki yetakchi iqtisodiy tizimlari bir-biridan uzila boshlashiga turtki berdi. G’arbda Xitoyga ishonib bo’lmaydi, degan ishonch kuchayib bormoqda.

Bu jarayonlarga yana bir sabab Pekin olib borayotgan agressiv siyosatdir, deya tushuntiradi G’arb rasmiylari - xususan, Xitoyning Osiyodagi qo’shnilariga harbiy bosimi, Britaniya sobiq koloniyasi Gonkongda namoyishlarni bostirishi, davlatlarni manipulyativ yo’llar bilan qarzga botirish amaliyoti va tijoratdan qurol sifatida foydalanishi.

G’arb davlatlarining ishonishicha, Xitoy Kommunistik partiyasi nafaqat mamlakatning o’zida hukmronligini davom ettirishni, balki Xitoyni birinchi raqamli davlatga aylantirishni, liberal dunyo tartibini o’zgartirishni istaydi.

“AQShda ham, Yevropada ham pandemiya oqibatida yuzaga kelgan tibbiy va iqtisodiy inqiroz Xitoyga nisbatan keskin siyosat yuritishni taqozo etmoqda. Xususan, Britaniya, Germaniya, Fransiyada keskin chora ko’rish tarafdorlarining ovozi balandroq yangramoqda”, - deydi siyosatshunos Lesli Vinjamuri.

Prezident Richard Nikson maslahatchisi Gerni Kissinjer bilan
Prezident Richard Nikson maslahatchisi Gerni Kissinjer bilan

Niksonning qarashlari

G’arb Richard Nikson Xitoy bilan ochgan imkoniyatlardan, u erishgan yutuqlardan voz kechadimi? Yo’q. G’arb rahbarlari ko’p jihatdan bugun ham Nikson duch kelgan muammolar bilan yuzlashmoqda. Oson yechimning o’zi yo’q.

Niksonning Amerika va Xitoyning yaqinlashuvi nimani anglatishi to’g’risdiagi balandparvoz bayonotlariga qaramasdan u aslida asosiy diqqatni yaqin kelajakdagi maqsadlarga qaratgan. Birinchi prioritet Sovet Ittifoqini qo’rqitish edi.

“Xitoy bilan munosabatlarni yo’lga qoyib, Rossiyaning e’tiborini jalb qilish, shu tariqa ustunlikka erishishga harakat qilganmiz”, - deya eslaydi Nikson davrida Oq uyda ishlagan Vinston Lord.

Aynan shu sabab Respublikachilar partiyasi Niksonning Xitoyga safarini qo’llab-quvvatlagan. AQSh rahbari Xitoyga borishi haqidagi xabar Kremlga yetib borganida hamma dahshatga tushgan, deya eslaydi Leonid Brejnevga maslahatchi bo’lgan Georgiy Arbatov.

“Hamkasblarim Nikson Pekinga borsa Amerika Xitoyning ittifoqchisi bo’ladi, har narsa bo’lishi mumkin, bu nima bilan tugaydi, deb so’rashgan”, - deydi Arbatov. Ruslar shu qadar vahimada ediki, yadroviy qurollar bo’yicha muzokaralarni qayta boshlash uchun Nikson Moskvaga taklif qilishgan.

Niksonning yana bir maqsadi Vyetnamdagi urushga yakun yasash edi.

“Rossiya va Xitoy bilan aloqa o’rnatib Xanoyga bosim o’tkazishga, qolaversa, Rossiya va Xitoyning Shimoliy Vyetnamga yordamini kamaytirishga erishmoqchi bo’lganmiz. Kamida Vyetnam biz bilan jiddiy muzokara qilishi uchun Moskva va Pekindan yordam so’ramoqchi edik”, - deydi Vinston Lord.

Nikson bu maqsadiga erisha olmagan.

Xitoy bilan aloqa o’rnatilishidan oldin ham, keyin ham Nikson kommunistik davlatga shubha bilan qarashda davom etgan. “Tashqi siyosat” jurnalida 1967-yilgi maqolasida u ehtiyotkorlik, qat’iylik, qarshilik va bosimni o’z ichiga olgan strategiyani olg’a surgan. Maqsad Pekinni xalqaro qonun-qoidalarni qabul qilishga ko’ndirish edi.

“Osiyo mintaqasida, xususan, orol davlatlarda Xitoyning “ta’sir doirasini” tan olish AQShga va uning Osiyodagi ittifoqchilariga maqbul emas”, deya ogohlantirgan Nikson.

Kommunistik Xitoyni jilovlash va bir paytning o’zida yakkalamaslik yo’li bormi? Nikson ana shu savolga javob qidirgan.

“Xitoyni xalqaro hamjamiyatdan chetda qoldirish, uning intilishlari va qo’shnilariga tahdidini e’tiborga olmaslik xavfli oqibatlarga olib keladi. Bu kichik sayyorada milliard odam g’azabli yolg’izlikda yashay olmaydi”, deya yozgan u maqolasida.

“Xitoy o’zgarmaguncha dunyo xavfsiz bo’lmaydi. Shuning uchun vaziyatga ta’sir qila oladigan darajada o’zgarish yasashimiz lozim. Xitoyni o’zgarishi zarurligiga, aks holda impercha ambitsiyalarini qondira olmasligi va xorijiy aralashuv uning manfaatlariga javob bermasligiga ishontirish kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG