Breaking News

Afg'onistonda ozod etilayotgan toliblar orasida o'zbeklar bormi?


Loya Jirg'a majlisi, Kobul, 9-avgust, 2020

Afg’onistonda qabilaviy oqsoqollar kengashi bo'lmish Loya Jirg’a qaroriga binoan 13-avgust kuni 80 tolib qamoqdan chiqarilgan. Qaror jami 400 mahbusga erkinlik berishni ko'zlaydi. Og'ir jinoyatlarda ayblanib qamalgan bu insonlar orasida o’zbeklar ham taxmin qilinadi.

Afg’onistonda tinchlik muzokaralari boshlanishidan avval markaziy hukumat 5000 tolibni, Tolibon esa 1000 kishini asirdan ozod etishi shart.

Ammo Prezident Ashraf G'ani nazarda tutilgan mahbuslar orasida kamida 400 nafari terror xurujlarini amalga oshirgan odamlar, deya ularni chiqarishdan bosh tortgan edi. Masala Loya Jirg’ada ko’rib chiqildi va ularni ham qo'yib yuborish ma'qullandi.

Ma'lumotlarga ko'ra, afg’on hukumati o’ta xavfli deb hisoblagan toliblar safida xorijlik jangarilar, xususan Pokiston, O’zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham bor. Lekin ularning aniq soni, shuningdek, keyingi taqdiri nima bo’lishi hozircha noma’lum.

Toshkentning Loya Jirg’a qarorini olqishlab bergan bayonotida bu borada hech narsa deyilmaydi.

Tashqi ishlar vazirligi ta'kidlashicha, "O‘zbekiston afg‘onlararo inkluziv muzokaralar olib borish yo‘lidagi so‘nggi to‘siqni olishga xizmat qilgan 400 tolib-mahbuslarni ozod qilish to‘g‘risidagi" qarorni olqishlaydi.

O‘zbekiston Afg‘oniston va Tolibon o‘rtasida kutilayotgan muzokaralarni tarixiy jarayon deb biladi. Mirziyoyev ma'muriyati "afg‘on zaminida uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishish yo‘lida tomonlar siyosiy iroda, konstruktiv yondashuv va murosaga tayyor ekanliklarini namoyish etishlariga umid bildiradi”.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, afg’on hukumati o’ta xavfli topgan qamoqdagi toliblar orasida o’zbeklar ham borligi haqiqatga yaqin.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan faollardan biri Muhammadsolih Abutov deydiki:

“O’zbekiston Islom harakati yuz bergan bo’linishlardan so’ng, uning a’zolari ikkiga bo’linib ketishdi. Bir tomon, O’zbekiston Islom harakatining asosiy qismi, toliblar bilan bo’lgan janglarda yakson qilindi, ulardan kimlar tirik qolgani noma’lum. Ajrab chiqqan ikkinchi tomon Islomiy Jihod Ittifoqiga asos soldi. Toliblarga moyillik ko’rsatdi, keyinchalik Tolibon bilan yaqin hamkorlik qilishga o’tdi, ular safida turib afg’on hukumatiga qarshi janglarda qatnashdi. Afg’oniston hukumati o’ta xavfli deb topgan toliblar, xorijlik jangarilar safidagi o’zbeklar aynan O’IH sobiq a’zolaridan iborat ekanligi haqiqatga yaqin. Har holda ularning taqdiri haqida anchadan buyon hech narsa ma’lum emas edi. Umuman, Afg’onistonda nafaqat toliblarga sodiq o’zbeklar, balki turli guruhlarga birikkan, terrorizm, ekstremizmda ayblanib hibsda ushlab turilgan o’zbekistonliklar ko’p”.

Afg’on hukumati ozodlikka chiqqanlar yoki asirdagi toliblar orasida xorijliklar bor, yo’qligi haqida biror ma’lumot bermagan.

Taxmin shuki, asirdagi o’zbeklar masalasi Toshkent, Kobul va Tolibon o’rtasidagi ichki muzokaralarda ko’rib chiqilgan bo'lishi mumkin.

Toshkentning Afg’onistonga nisbatan diplomatiyasi faollashib, O’zbekiston markaziy hukumat va toliblar bilan muloqotda.

Tolibonning siyosiy rahbariyati O’zbekistonga kelib ketgan. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o’tkazilgan. Toliblar delegatsiyasi Buxoro va Samarqandda mehmon qilingan.

O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha tashabbuslari afg’on mojarosiga tortilgan qudratli davlatlar, jumladan AQSh tomonidan ham dastaklanmoqda.

AQSh, O’zbekiston va Afg’oniston 12-avgust kuni videomuloqot qilib, uch tomonlama hamkorlik kuchaytirish xususida gaplashgan. Bu kabi yig'inlar Toshkent-Kobul-Vashington Afg'oniston tinchligi va ravnaqi yo'lida birga ishlash kelishuvi doirasda kechmoqda.

O’zbekiston uzoq yillik urishga tortilgan Afg’onistonda tinchlikdan, bu davlat bilan iqtisodiy hamkorlikdan va mintaqaviy xavfsizlik kafolatlanishidan manfaatdor, deydi respublika diplomatlari.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG