Breaking News

Iste'fodagi admiral: AQSh Afg'onistondan chiqmasligi kerak  


Iste'fodagi admiral Jeyms Stavridis

AQShning iste'fodagi admirali Jeyms Stavridis fikricha, AQSh Afg'onistondagi qo'shinlari sonini kamaytirmasligi kerak.

"Muayyan darajada barqarorlik uchun zamin yaratilishi kerak. Tinchlikka erishmasdan butunlay chiqib ketish xato bo'ladi", - deydi Stavridis.

Hozirda Amerikaning u yerda 8600 nafar askari bor. Kelasi yil shu paytgacha ularning hammasi afg'on zaminini tark etadi, deya kelishilgan.

Stavridis 2009-2013 yillarda NATO bosh qo'mondoni bo'lgan, shuningdek, AQShning Yevropadagi qo'shinini boshqargan.

Admiral deydiki, al-Qoida va "Islomiy davlat" hamon faol.

“Tolibonga ishona olmaymiz, ular yana terroristlar bilan hamkorlik qilmaydi, deya kim kafolat bera oladi?"

AQSh 19 yildan beri Afg'onistonda. Prezident Donalt Tramp u yerdagi harbiy harakatlarni tugatib, askarlarni vatanga qaytarishga so'z bergan.

“Harbiylarimiz chiqadi, lekin u yerdagi vaziyatdan ko'z uzmaymiz, zarur bo'lganida xavfsizlikni ta'minlaymiz",- deydi Tramp Afg'oniston kelajagi haqida savolga tutilganida.

General Frenk Makkenzi, AQShning mintaqa bo'yicha hozirgi qo'mondoni, Tolibon hali shartlarni bajarmadi, deydi. Shu bois hozirda Amerika Afg'onistondan chiqmoqda, deya xavotirlanish o'rinsiz.

Tolibon bilan yil boshida dastlabki bitimga erishilgan. Unga binoan jangari harakat markaziy hukumat bilan tinchlik muzokaralari boshlashi va qonli xurujlarni bas qilishi lozim. Yana bir shart, markaziy hukumat va Tolibon qo'lidagi minglab mahbuslarni qo'yib yuborishi kerak.

Admiral Stavridis AQSh uch tomonlama harakatga undamoqda: Tolibon ustidan bosimni ushlab turish, uni Kobul bilan muzokara qilishga majburlash va Afg'onistonga iqtisodiy yordamni kamaytirmaslik.

Tolibon o'z so'zidan qaytmasligini aytib, Amerika va u quvvatlagan markaziy hukumat ham shunday qilishi shart, deya eslatib turibdi.

Stavridis Rossiya Tolibon bilan til biriktirib, Amerika harbiylarini o'ldirish uchun moliyaviy mukofot va'da qilgani haqidagi ma'lumotlarni asosli deb hisoblaydi. Bunga shubha yo'q, deydi Stavridis, "Moskva azaldan bunday o'yinlar o'ynab keladi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG