Breaking News

Uyg’ur ayollari xitoy erkaklari bilan turmush qurishga da’vat etilmoqda


Xo'tandagi uylardan birining devoriga tushirilgan surat

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida yaqinda uyg’ur ayollarni xitoy millatiga mansub erkaklar bilan turmush qurishga chorlovchi video tarqaldi. Nikoh qurish uchun zudlik bilan 100 ta uyg’ur ayol qidirilayotgani aytiladi rolikda.

“Partiya va hukumatning bizga go’zal turmush yaratib berganiga rahmat. Uyg’urlarni xitoyliklar bilan to’y qilishini ilgari surish uchun 100 nafar kelinchakka jiddiy ehtiyoj bor”, - deya boshlanadi video.

Uyg’ur huquq faollari buni Kommunistik partiyaning mamlakatdagi turkiy xalqlarni xitoylashtirish yo’lidagi navbatdagi hunari, deb baholamoqda. Shu orqali hukumat mamlakatdagi ozchilik etnik guruhlarini ko’pchilik bo’lgan xitoy millati bilan assemilyatsiyasini kuchaytirib, asta-sekin yo’q bo’lib ketishiga zamin yaratyapti.

Xorijdagi uyg’ur faollarining jiddiy tanqidlaridan so’ng video o’chirib tashlangan.

Aslida uyg’ur ayollarning xitoy erkaklari bilan turmush qurishga da’vat qilish 2014-yildan boshlangan. Shinjon viloyatidagi Cherchen tumani hokimiyati "Uyg'ur-xitoy nikohini rag’batlantirishga oid chora-tadbirlar” to’g’risidagi qarori ham qabul qilingan o’shanda.

Bu rag’batlantirishlar qatoriga xitoy erkaklari bilan turmush qurgan uyg’urlarga, ularing ota-onalariga, bo’lajak farzandlariga besh yilgacha yiliga 10 ming yuan (1450 dollar) berilishi, bepul ta’lim olishi, uy ijarasi va mehnat faoliayatida imtiyozlar berilishi kirgan.

Uyg'ur-xitoy nikohini rag’batlantirishga oid chora-tadbirlarimizni yaxshi qabul qilishyapti”, - deb aytgan Cherchen tumani Komministik partiya kotibi Ju Sin. Barcha etnik guruhlarning xitoy millatiga mansub aholi bilan integratsiyasini kichaytirish orqali Xitoyning buyuk orzusi – xitoy millatini yoshartirishga erishishimiz mumkin, deydi Ju Sin.

Xitoy rasmiylarining fikricha, uyg’ur va xitoy millati o’rtasida nikohni kamligining asosiy sababi diniy tafovutda. Huquq faollarining fikricha, aynan shuning uchun ham hukumat diniy erkinlikni jilovlashga oid suyosat yurg’izmoqda. Shinjonni separatism, terrorizm va ekstremizm o’chog’i, deb behuda ayblamoqda.

Huquq faollarining aytishicha, uyg’ur ayollarini turli yo’llar bilan xitoy erkaklari bilan nikoh qurishga majburash holatlari tez-tez uchraydi. Agar ayol rad etsa, u va uning oilasiga “ekstremist” degan tamg’a qo’yiladi. Bu uyg’urlarni yo’q qilish yo’lidagi Komministik partiyasning navbatdagi ayyor siyosati, deydi faollar.

Hukumatga ko’ra esa, uyg’ur-xitoy nikohlari mamlakatda tolerantlik, tinchlikni ta’minlaydi.

Shinjon viloyatida 13 million uyg’ur, qozoq va boshqa turkiy xalqlar yashaydi. Hududda xitoylashtirish siyosati jadal olib borilmoqda. 1949-yilda hududda 200 ming xitoy millatiga mansub aholi yashagan bo’lsa, oxirgi yillarda bu ko’rsatkich 9 millionga yetdi.

Uyg’ur ayollarining xitoy ekaklari bilan turmush qurishga da’vat etishning yana bir sababi xitoyliklar orasida xotin-qizlar sonining erkaklarga nisbatan keskin kamligi, deydi Germaniyadagi Dunyo Uyg’urlari Kongressi rahbari Iso Dolkun. Hukumatning bir farzandlik siyosati o’g’il farzand ko’rishni istagan xitoyliklar orasida qiz bolalar tug’ilishining keskin kamayib ketishiga olib keldi, deydi u.

Hukumat bunday siyosatni nafaqat uyg’urlar, balki boshqa etnik guruhlarga nisbatan ham yuritmoqda. Mamlakatdagi turli etnik guruhlarni xitoy millati bilan aralashib ketishiga olib kelishdan maqsad, - deydi Brusseldagi Libre universiteti professori Vanessa Frangvill – birdam buyuk xitoy millatini yaratishdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG