Breaking News

Tramp uyg'urlarni himoya qiluvchi qonunga imzo chekdi


Oq uy, Vashington

Uyg'ur xalqining haq-huquqlarini himoya qilish va bu elatni Xitoy zulmidan qutqarishni ko'zlovchi qonun o'tgan oy AQSh Kongressida qabul qilingan edi. 17-iyun kuni Prezident Donald Tramp unga imzo chekdi va shu tariqa hujjat kuchga kirdi.

Qonunda uyg'urlarning turkiy xalq va musulmon ekani alohida qayd etilgan.

Dunyoda hali bunday qonun hech bir yerda bo'lmagan, deydi uyg'ur faollar.

"Sharqiy Turkistondagi dahshatli vaziyatni bartaraf etish yo'lida tashlangan tarixiy va o'ta salmoqli qadam",- deya olqishlamoqda Vashingtonda asoslangan Uyg'ur Inson huquqlari loyihasi, nohukumat tashkilot.

Uning rahbari Umar Qanot deydiki, bu hujjat olamshumul ahamiyatga ega, biroq Amerika kabi qadamni boshqa yirik davlatlar ham qo'yishi kerak.

"Uyg'ular jahon ahlidan uni etnik va diniy huquqlari poymol etilmasligi va Xitoy olib borayotgan madaniy genotsid xavfidan qutqarish uchun yordam so'rab keladi".

Kongressning har ikki palatasida kuchli quvvatlov bilan tasdiqlangan bu hujjat Xitoyga nisbatan sanksiyalarni ko'paytiradi. AQShning bu davlat bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorligini cheklaydi. Qonun Shinjon muxtoriyatida uyg'urlar va ular qatori qozoq va qirg'iz elatiga mansub insonlarga zulm o'tkazganligi aniqlangan rasmiylarga nisbatan muayyan sanksiyalar qo'yadi.

Vakillar Palatasi spikeri, demokratlar lideri Nensi Pelosi Pekinni qonxo'rlikda ayblab, dunyoni "uyg'urlar chekayotgan azobga ko'z yummay, vijdonan ish tutishga" chaqirgan.

Respublikachi senator Marko Rubio fikricha esa Xitoyni turkiy va musulmon elatlarni qirib tashlashga bel bog'lagan.

"Biz allaqachon shunday qonun qabul qilishimiz kerak edi. Javobgarlarni jazolaymiz", - deydi Rubio.

Uyg'ur Inson huquqlari bo'yicha siyosatni akti, 2020 - AQShda kuchga kirgan yangi qonunning birinchi sahifasi
Uyg'ur Inson huquqlari bo'yicha siyosatni akti, 2020 - AQShda kuchga kirgan yangi qonunning birinchi sahifasi

Tramp ma'muriyati nazarida ham "har qanday demokratik tuzum Xitoyning uyg'urlarni ezib kelayotganiga befarq bo'la olmaydi".

Xitoyning mehnat lagerlarida yuzlab ming uyg'ur va boshqa elatlarning vakillari borligi taxmin qilinadi. Ammo Pekin bu inshootlarni jazo zonalari emas, qayta tarbiyalash muassasalari deya ta'riflab keladi.

G'arb, xususan, Amerikaning uyg'urlar yuzasidan tanqidini Xitoy hukumati azaldan inkor etib, Shinjonda faqat terroristlar va ekstremistlar bilan hamkorlik qilgan, xavfsizlikka tahdid solganlikda ayblangan uyg'urlar qamoqqa olingan, sudlangan va panjara ortida o'tiribdi, deya ta'kidlaydi.

Uyg'urlar dardini Shimoliy Amerika va Yevropadagi diaspora targ'ib qilib keladi. Ular hozir Kongressni Xitoyda uyg'urlarning zo'rlab ishlatilishiga qarshi chora ko'ruvchi alohida qonun qabul qilishga undamoqda.

Majburiy mehnat Xitoyda keng quloch yozgan amaliyot va xususan Shinjonda minglab uyg'urlar turli sanoatlarda ekspluatatsiya qilinadi. AQSh Davlat departamenti va inson huquqlari bo'yicha tashkilotlar bu borada yillardan beri ogohlantirib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG