Breaking News

Belarusda o'n minglab aholi yana ko'chalarga chiqdi


Belarus poytaxti Minskdagi namoyishlar, 2020-yil, 23-avgust
Belarus poytaxti Minskdagi namoyishlar, 2020-yil, 23-avgust

23-avgust kuni Belarus poytaxti Minskda o'n minglab odam ko’chalarga chiqib, Prezident Aleksandr Lukashenkoni iste’fo berishga chaqirdi. Ular prezidentni saylov natijalarini soxtalashtirishda, siyosiy muxoliflar va namoyishchilarni asossiz hibsga olganlikda va namoyishlarni bostirishda shafqatsizkuch qo’llaganlikda ayblamoqda.

Aksariyat namoyishchilar qizil va oq ranglarini kiyib, "erkinlik" va "biz unutmaymiz, kechirmaymiz" deya Minsk shahar markaziga qarab yurgan. Ular qisqa muddat prezident qarorgohi yonida yig'ilib, so’ng tarqalgan.

Davlat ommaviy axborot vositalari yakshanba kungi mitinglarda 20 mingga yaqin namoyishchi qatnashganini xabar qilgan bo’lsa, mustaqil ommaviy axborot vositalari 100 mingga yaqin namoyishchi yig’ilganini qayd etgan.

Namoyishlar 9-avgust kuni bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlaridan keyin boshlandi. Unda Lukashenko 80 foiz ovoz olgan. Muxolifatga ko’ra esa, saylov natijalari soxtalashtirilgan.

Sharqiy Yevropaning 9,5 million kishilik davlatini 26 yil davomida boshqarib kelayotgan Lukashenko o’z hokimiyati davrida eng katta norozilik bilan yuzlashayotgani aytilmoqda.

Davlat ommaviy axborot vositalarida qurol ko'targan holda ko’rinish bergan Lukashenko namoyishchilarni "kalamush" deb atadi.

“Reyter” agentligi xabariga ko’ra, yakshanba kungi namoyishlarda politsiya va namoyishchilar o'rtasida to'qnashuvlar kuzatilmagan.

Biroq 15 kundan beri davom etayotgan norozilik namoyishlarida shu paytgacha 7000 dan ortiq odam hibsga olingan va yuzlab odamlar politsiya tomonidan kaltaklangan. Kamida ikki kishi halok bo’lgan.

Yevropa Ittifoqi va Amerika Qo'shma Shtatlari saylov natijalarini shubha ostiga olib, namoyishchilarga qarshi kuch qo’llanganini keskin qoraladi.

Miting oldidan Belarus Mudofaa vazirligi harbiy yodgorliklarni himoya qilish vazifasi harbiylarga topshirilganini e’lon qildi.

Vazirlik bayonotiga ko’ra, yodgorliklar va haykallar yaqinida tartibsizliklar ro’y bersa, nazorat o’rtanish politsiya emas, balki askarlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bir oz avval armiya xizmatchilari Minskka harbiy transportda olib ketilayotgani kuzatilgan.

31 yil oldin, 1989-yil 23-avgustda, Sovet hokimiyatiga qarshi norozilik sifatida Boltiqbo'yining uchta davlati - Estoniya, Latviya va Litvada qariyb 2 million kishi qo’lini-qo’lga berib namoyishlarga chiqqan edi. Namoyishchilar Litvaning Vilnyus shahridan Belarus chegarasiga qadar bo'lgan 600 kilometrlik masofada odamlar zanjirini hosil qilgan. Oradan ikki yil o'tgach, Boltiqbo'yi davlatlari o'zlarining mustaqilligiga erishgan.

Yakshanba kuni mana shu tarixiy kunda Litva va Latviya aholisi Belarus xalqiga hamdardlik sifatida yana ko’chalarga chiqdi. Estoniya va Pragada ham namoyishlar o’tkazilishi rejalangan.

Litvada yakshanba kungi mitingda 50 mingga yaqin odam qatnashgani aytilmoqda. Latviyada esa yuzlab odamlar Belarus chegarasi bo'ylab yurdi, deya xabar beradi Fransiya axborot agentligi.

Saylovdan keyin Litvaga qochgan va 60-70% ovoz olganini da'vo qilgan muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskayaning aytishicha, belarusliklar o'z huquqlari uchun kurashishi kerak va Lukashenkoning mamlakat harbiy tahdid ostida ekani haqidagi da'volaridan chalg'imasliklari lozim.

Shuningdek, shanba kuni AQSh davlat kotibining o'rinbosari Stiven Bigun kelasi hafta Belarusdagi vaziyatni muhokama qilish uchun Litva va Rossiyaga tashrif buyurishi kutilyapti.

Tixanovskaya jamoasi shanba kuni Bigun bilan Litvada uchrashishi rejalangan.

Nyu-Yorkda namoyish: Aleksandr Lukashenko ketsin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG