Breaking News

Pokistonda Tolibon delegatsiyasi bilan muloqot o'tkazildi


Pokistonga tashrif buyurgan Tolibon delegatsiyasi, Islomobod, 2020-yil, 25-avgust

Pokiston rasmiylari Afg’onistonda uzoq yillik qonli mojaroni tugatish bo’yicha tomonlar o’rtasidagi muzokaralar tezroq boshlanishi va ijobiy yakun topishidan umidvor ekanini bildirdi.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy seshanba kuni Islomobodda Tolibon isyonchilar guruhining siyosiy masalalar bo'yicha rahbari Mulla Abdul G'ani Birodar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvdan keyin e’lon qilingan Pokiston bayonotida aytilishicha, yig’indan maqsad to'xtab qolgan afg'on tinchlik jarayonini davom ettirish.

29-fevral kuni AQSh va Tolibon o’rtasida tuzilgan tinchlik bitimi asosida 2021-yil o'rtalarigacha AQSh qo'shinlari Afg’onistondan olib chiqib ketilishi hamda rasmiy Kobul va isyonchi guruh o’rtasida to’g’ridan to’g’ri muzokaralar boshlanishi kerak.

"Tashqi ishlar vaziri AQSh-Tolibon tinchlik bitimi to'liq bajarilishi lozimligini ta’kidladi va shu bilan Afg'oniston ichidagi muzokaralarni imkon qadar tezroq boshlash uchun yo'l ochdi", - deyiladi bayonotda.

Qurayshiyning ta'kidlashicha, Tolibon rahbarlari afg'on urushiga siyosiy yechim topish uchun AQSh bilan tuzilgan kelishuvga sodiq qolishlarini aytgan.

"Bugungi muzokaralarimiz, Xudo xohlasa, oldinga borish yo'lini topishda yordam beradi, deb umid qilaman", - dedi Pokiston tashqi ishlar vaziri.

Mahbus almashish

Afg’onlararo muloqotning boshlanishi Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasida mahbuslar almashinuvi to’liq tugashiga big’liq.

AQSh bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, Kobul hibsdagi barcha Tolibon vakillarini ozod qilishi kerak. Tolibon ham o’z navbatida hukumat asirlarini qo’yib yuborishi lozim.

Tolibon barcha asirlarni ozod qilgan, ammo Kobul ixtiyorida hanuz 320 ga yaqin tolib hibsda qolayotgani ma’lum.

Afg'on rasmiylari xavfsizlik yuzasidan xavotir va chet el hukumatlarining qarshiligi tufayli qolgan mahbuslarni ozod qilish kechikayotganini aytgan. Rasmiylarga ko’ra, hanuz qamoqda qolayotgan mahbuslar tinch aholi va chet elliklarga qarshi qonli xurujlarda qatnashgan.

Hukumat, shuningdek, Afg'oniston bo'ylab Tolibon hujumlarining to’xtamagani mahbuslarni ozod qilish ortga surilayotganining yana bir sababi ekanini aytadi.

Tolibon esa mahbuslar to’liq ozod qilinmaguncha muzokaralarni boshlamasligini va hujumlarni to’xtatish masalasi faqat muzokaralar boshlangandan keyingina ko’rib chiqilishini ta’kidlamoqda.

Pokiston razvedkasining ishtiroki

Vashington barcha tomonlardan tinchlik yo’lidagi qolgan to'siqlarni bartaraf etib, iloji boricha tezroq muloqotni boshlashni talab qilmoqda.

Seshanba kuni Islomobodda bo'lib o'tgan muzokaralarda Pokistonning Xizmatlararo razvedka boshqarmasi boshlig'i general-leytenant Fayz Hamid ham ishtirok etdi.

Josuslik agentligi, tanqidchilarga ko'ra, Afg'onistondagi turli qurolli guruhlar, jumladan, Tolibon bilan uzoq yillardan beri yaqin aloqaga ega va sobiq Sovet Ittifoqi 1980-yillarda Afg’onistonda urush boshlagandan beri mintaqada faol.

Agentlik o'z ta'siridan foydalanib, Tolibonni muzokaralar stoliga olib kelishda muhim rol o’ynashi mumkinligi aytiladi.

Tolibon hujumlari

Bu orada Afg’oniston bo’ylab hukumatga qarshi Tolibon hujumlari to’xtamayapti. Seshanba kuni bir necha hududda yuz bergan xurujlarda kamida 20 kishi halok bo’lgan, o’nlab odam yaralangan.

Afg'oniston rasmiylariga ko'ra, xudkush-terrorchi portlovchi moddalar bilan to'ldirilgan yuk mashinasini seshanba kuni ertalab Balx viloyati shimolidagi armiya qo'mondonlik punkti oldida portlatgan. Natijada kamida uch kishi o'lgan, 40 dan ortiq odam jarohat olgan.

Viloyat qo'mondoni general Haybatulloh Alizayning aytishicha, halok bo'lganlar orasida kamida bir armiya zobiti bor.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulloh Mujohid da’vosiga ko’ra esa, hujumda 61 afg’on askari o’ldirilgan.

Shu kuni Go’r viloyatining Shahrak tumanida ham toliblar politsiya postiga hujum qilib, sakkiz xavfsizlik xodimini o'ldirgan va olti kishini jarohatlagan.

Tuman hokimi Muhammad Saxi Saburyarning aytishicha, isyonchilar afg'on kuchlari tomonidan to’xtatilgunga qadar bazani egallab olgan.

Tolibon yakshanba kuni G'azni viloyatidagi tuman politsiya boshqarmasi binosi oldida yuz bergan portlash uchun ham mas’uliyatni o’z zimmasiga oldi. Portlash ortidan isyonchilar binoga hujum qilgan.

Afg'on rasmiylari xurujda kamida uch xavfsizlik xodimi o'ldirilganini tasdiqladi. Isyonchilar esa 28 hukumat askari halok bo'lganini da'vo qildi.

Seshanba kuni noma'lum qurolli shaxslar Kobulda sobiq akstrisa va hozirda politsiyachi bo’lib ishlayotgan Saba Saharni ishga ketayotgan paytda o’qqa tutgan. Rasmiylar Saharning kasalxonaga olib ketilganini aytdi, ammo uning ahvoli haqida qo’shimcha ma’lumot berilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG