Breaking News

Tolibon Afg’oniston shimolida hujumlarni oshirmoqda


Afg’oniston shimoli tobora beqaror
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:10 0:00

So’nggi paytlarda Afg’onistonning shimoliy viloyatlarida qonli to’qnashuvlar soni ortgan. Qunduz, Tahor, Badaxshon, Saripul va Faryobda janglar shiddati kuchaygani kuzatilmoqda. Sharhlovchilar nazarida Tolibon hujumlari bundan-da oshishi mumkin.

Shimoliy viloyatlardagi xavfsizlik holatini o’rganish uchun Mozori Sharifga kelgan NATO kuchlarining Afg’onistondagi bosh qo’mondoni Skott Miller toliblarni zo’ravonliklarni kamaytirishga chaqirmoqda.

“Afg’onistondagi vaziyatni kuzatib turibmiz. Afg’on xalqi nima xohlayotganini yaxshi bilamiz, ularga tinchlik kerak. Toliblardan zo’ravonliklar ko’lamini cheklash talab qilinmoda. Afg’on harbiylari bilan hamkorlik masalasi ham muhokamada”, - deydi Miller.

Hukumat xavfsizlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab kelsa-da, vaziyat zudlik bilan yumshashidan umid qilish qiyin.

“Agar Tolibon hujumlarni davom ettirsa, ularga qarshi janglar boshlaymiz. Xalqimiz va qonunlarimizga qarshilik bildirayotgan muxoliflarga nisbatan jiddiy yondashamiz”, - deydi afg’on milliy armiyasining 209-Shohin korpusi qo’mondoni Haybatulla Alizay.

Faryob - janglar kuchaygan viloyatlardan biri. Hukumatga ko’ra, ikki kunda 58 tolib halok bo’lgan. To’qnashuvlar natijasida tinch aholi vakillari ham jon bergani ta’kidlanmoqda.

Mahalliy hukumat bir necha yildan beri toliblar nazoratida bo’lgan Faryob-Juzjon trassasini tozalashga urinmoqda. Bunday operatsiya avval bir necha bor sinab ko’rilgan. Hech qanday natija chiqmagan.

“Andhuy hududlarida ham amaliyotlar yaqin kunlarda boshlanadi. Bu safargi operatsiyalar boshqalaridan farq qiladi. Bu gal ko’p sondagi kuchlar bilan, aniq reja asosida ishlayapmiz. Toliblar hech qanday qonunga bosh egmaydi, ular tinch aholidan qalqon sifatida foydalanmoqda. Shuning uchun amaliyotlarimiz past sur’atlarda ketmoqda”, - deydi Faryob viloyati politsiyasi so’zlovchisi Muhammad Karim Yurush.

Afg’onistonning shimoliy viloyatlarida davom etayotgan beqaror vaziyat uchun hukumat ayblanmoqda. Tahlilchi Asadullo Nadim nazarida, viloyatlardagi faol siyosiy guruhlar o’rtasidagi ziddiyatlar ham vaziyatga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Hukumatda ishlab yurgan ayrim odamlar ham toliblarga yordam bermoqda, deydi u.

“Markaziy hukumat hech qanday e’tibor bermayapti. Janubiy, sharqiy va g’arbiy viloyatlar bilan taqqoslasak, harbiylar soni shimolda juda oz”, - deydi Nadim.

Shuningdek, mas’uliyatini hech bir guruh o’z zimmasiga olmayotgan xurujlar ham sodir etilmoqda. Xususan, 20-avgust kuni Balx viloyatining Hayraton tumani hududida “O’zbekiston Temir yo’llari” tarkibidagi “So’g’diyona trans” kompaniyasi xodimlari nishonga olingan edi.

O’zbekistonning Mozori Sharifdagi siyosiy vakolatxonasiga ko’ra, qurolli hujumda kompaniyaning afg’onistonlilk qo’riqchilaridan biri jon bergan. O’zbekiston fuqarosi bo’lgan bir shaxs yaralangan.

AQSh-Tolibon kelishuvi asosida ozod qilingan Tolibon mahbuslarining shimoliy viloyatlardagi janglarda qatnashayotgani ham kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG