Breaking News

Tramp va Bayden iqtisodiyot bo'yicha bahslashmoqda


Pandemiya tufayli yopilgan do'kon, Mayami-Bich, Florida

Tramp ma'muriyati va Bayden kampaniyasi yaqinlashayotdan prezidentlik saylovlari arafasida AQSh iqtisodiyoti ahvoli yuzasidan bahsga kirishdi.

Moliya vaziri Stiven Mnuchin avgust oyida ishsizlik darajasi 8,4 foizga pasaygani va 1,4 million yangi ish o'rni yaratilganini dunyoning eng yirik iqtisodiyoti bo’lgan Amerikada hayot izga tusha boshlaganining dalili sifatida keltirdi.

"Bizda uchinchi chorakda yalpi ichki mahsulot favqulodda darajada o’sadi", - dedi Mnuchin "Fox News Sunday" dasturiga bergan intervyusida.

Ammo u AQSh iqtisodiyoti mart oyidagi darajaga yetish uchun yana 7,5 million yangi ish yaratilishi zarurligini tan oldi. Koronavirus pandemiyasidan oldin mamlakatda ishsizlar soni so'nggi o'n yillikning eng past darajasi - 3,5% ni qayd etgan edi.

AQSh bo’ylab millionlab fuqaro hanuz ishsiz; ish beruvchilar esa ko’plab ish o’rinlarini butunlay yopgan. Mamlakatda 50 milliondan ortiq odam pandemiya boshlangandan beri ishsizlik nafaqasi olgan.

"Amerika iqtisodiyoti tiklanmoqda, - dedi Mnuchin. - Iqtisodiyot tiklanishda davom etmoqda va biz hammasi joyiga tushguncha ishlashdan to’xtamaymiz”.

Ammo Trampning saylovdagi demokrat raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden bu fikrga qo’shilmaydi. Bayden hamkori sifatida vitse-prezidentlik uchun kurashayotgan senator Kamala Harrisga ko’ra, Tramp pandemiyaga qarshi kurashda mutlaqo noqobillik qildi va ishni eplay olmadi.

Harrisning “CNN”ga aytishicha, Tramp faqatgina "boylarning ahvoliga qarab" iqtisodiyotning qanchalik yaxshilanganini baholaydi.

“Vaholanki, har beshinchi ona 12 yoshgacha bo'lgan bolalari och ekanligini aytmoqda”, - deydi u.

Mnuchinning aytishicha, respublikachilar nazorati ostidagi Senat tez orada iqtisodiyotni ko’tarish va ishsizlarga yordam berish bo’yicha yangi yordam dasturini qabul qilishga hozirlanmoqda.

Ammo respublikachilar va demokrat qonunchilar ishsizlarga beriladigan yordam miqdori hamda iqtisodiyot uchun ajratiladigan mablag’ qancha bo’lishi yuzasidan kelisha olmayapti.

Iyul oyining oxirigacha pandemiya tufayli ishini yo’qotganlar haftasida 600 dollardan ishsizlik nafaqasi oldi. Ushbu dastur nihoyasiga yetgach, Tramp haftasiga 400 dollar qo'shimcha to'lov beriladigan qarorga imzo chekdi, ammo shtat hukumatlari bu yordamni o’z vaqtida yetkazish ishlarini paysalga solmoqda. Ba’zi shtatlar yordam miqdori bo’yicha federal hukumat bilan kelisha olmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG