Breaking News

Tramp Amerikaga xos farovonlikni asrashga so'z bermoqda


Oq uy, Vashington, 27-avgust, 2020

Donald Tramp ikkinchi bor Respublikachilar partiyasi tomonidan prezidentlikka ko'rsatilar ekan, Amerikaga xos hayot tarzi, xavfsizlik va erkinlikni himoya qilishga so'z berdi.

Oq uyning respublikachilar qurultoyi va saylov kampaniyasi sahnasi sifatida qo'llanilgani keskin tanqid ostida. Davlat idoralari saylovoldi targ'iboti uchun ishlatilmasligi lozim, deydi norozi tomon, davlat xizmatidagilar esa kampaniyaga aralashmasligi zarur. Muxolifat Trampni Amerikadagi yana bir metin qoidani buzganlikda ayblamoqda.


Partiyaning saylovoldi qurultoyida xalqqa qayta-qayta aytilgan gap shu bo'ldiki, Amerikani hozir Trampdek inson boshqarishi kerak.

"Yaxshigina hayotimni ortda qoldirib, xalqim va davlatim uchun eng yuqori lavozimdan turib xizmat qilishga qaror qildim. Saylana olmaydi deya meni jiddiy qabul qilishmadi. Sizning ovozingizni oldim. Prezidentlikka saylandim. Va'dalarimning ustidan chiqayapman", - deydi Tramp.

Bu paytda esa Oq uy yaqinida yuzlab amerikaliklar prezident siyosatiga qarshi namoyishlar qilayotgan edi.

Tramp deydiki, u Amerika jamiyatining barcha qatlamlari xizmatida.

Bu bilan prezident "irqchi" va "oq tanlilar prezidenti" degan tanqidlarga javob bermoqda. Oq uy bunday dashnomlarni qoralab keladi.

Shu bilan birga Tramp ma'muriyati Amerikada irqchilik sistematik muammo degan qarashlarni ham inkor etadi.

Oq uy yaqinida Tramp siyosatiga qarshi namoyishlar, Vashington, 27-avgust, 2020
Oq uy yaqinida Tramp siyosatiga qarshi namoyishlar, Vashington, 27-avgust, 2020

Vashingtonda siyosiy karyera qilgan, umrida biror biznesni boshqarmagan yoki nohukumat sektorda ishlamagan Jo Bayden davlat tepasiga aslo yaqinlashmasligi kerak, deydi respublikachilar.

"Amerikaning kelajagi porloq va biz bunday istiqbol sari har kuni qadam tashlayapmiz", - deydi Tramp.

"Davlatimiz hech kimning oldida bosh egmaydi. Biz hamisha o'z manfaatlarimizni himoya qila olamiz".

Tramp o'z tashqi siyosatini yuqoridagi so'zlariga asoslagan holda olib borayotganini ta'kidlar ekan, global tinchlik uchun Oq uy barcha chorani ko'radi, deydi.

Koronavirus 200 mingga yaqin amerikalikni hayotdan olib ketganini fojia deya tilga olar ekan, Tramp pandemiya albatta yengiladi, vaksina chiqadi va AQSh iqtisodi joyiga tushadi, xalq normal hayotga qaytadi, deya ishonch bildirdi.

Prezident deydiki, u Oq uyga qayta saylansagina Amerika bunday umid bilan yashay oladi. Aks holda, deydi Tramp, mamlakat jar yoqasi tomon yo'naladi.

Demokratlarga ko'ra esa Tramp qayta saylansa, mamlakat shunday vaziyatga tushadi.

“Biz o'tgan to'rt yilni Jo Bayden singari siyosatchilar 47 yil davomida keltirgan zararni tuzatishga sarfladik", - deydi prezident.

"Saylovchi bu yurtda hozirgidek bir-biridan o'ta boshqacha partiya nomzodlarini ko'rmagan. Biz ikki xil kelajak, maqsadlar va mafkura taklif qilmoqdamiz".

"Jo Bayden qutqaruvchi emas, vayron qiluvchi siyosatchi", - deydi prezident raqibining uzoq yillar Kongress a'zosi va saylovchiga va'dalar berishga o'rgangan inson sifatida tasvirlar ekan.

Demokratlar dasturi, deydi Tramp, Amerikani tamoman egri yo'lga yetaklaydi.

Bayden prezident bo'lsa, AQSh bedarvoza hududga aylanadi; huquq-tartibot buzilib, qonun ustuvor bo'lmaydi, soliqlar oshadi; hukumat amerikaliklarga noqonuniy majburiyatlar qo'ya boshlaydi degan ogohlantirishlar yangrar ekan, demokratlar bular yolg'on va safsata deya javob qilmoqda.

Tramp va uning tarafdorlari nazarida Bayden radikal so'lchilar lideri. Bayden va uning tarafdorlari esa Trampni milliy tahdid deya baholaydi.

”Respublikachilar partiyasi birdam va shaxdam harakat qiladi. Demokratlar, mustaqil saylovchilar, Amerika buyukligiga ishongan har kim bizga qo'shilishi mumkin", - deydi Tramp.

Vitse-prezidentlikda qolishdan umidvor Mayk Pens fikricha, bugungi Amerikaning kuchli prezidenti bor. Shunday ekan, deydi u, saylovchi Donald Trampni albatta qayta saylashi lozim.

Pens deydiki, o'tgan to'rt yil ichida mamlakat iqtisodiyotida misli ko'rilmagan o'sish kuzatildi. Demokratlarning qarshiligiga qaramasdan, "biz dunyodagi eng qudratli iqtisodiy tizimni yana oyoqqa turg'azdik", deydi vitse-prezident.

Demokratlarga ko'ra esa Amerika iqtisodi Barak Obama prezidentligi davrida kengaya boshlagan va Tramp uni tezlashtirmagan.

Obama Oq uyni respublikachiga topshirganida iqtisodiy o'sish 2,3 foiz edi. Tramp prezidentligida o'sish uzog'i bilan 2,5 foiz bo'ldi.

2016-yilning kuzida Amerikada ishsizlik su'rati 4,7 foiz edi. Byudjetdagi kamomad ozayishni boshlagan edi, deya eslatadi Baydenning tarafdorlari.

Tramp boshqaruvida ko'rsatkichlarda salmoqli o'zgarish bo'lmadi. Keyin esa pandemiya keldi va gurkiragan iqtisod susaya boshladi.

O'tgan hafta bir million amerikalik ishsizligini aytib, davlatdan yordam so'ragan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG