Breaking News

Afg'oniston tinchligi yo'lida Tojikiston nima qila oladi?


Afg'onistonning Badaxshon viloyati, Tojikiston bilan chegaradosh hudud

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishida mintaqadagi davlatlar, jumladan, Tojikistonning oʻrni toʻgʻrisida fikrlar turlicha. Gap faqat ikki davlatning qoʻshni ekanligida emas. Yana bir kuchli omil: Afgʻoniston aholisining katta qismi tojiklardan iborat. Dushanbe bu faktorlarga qanchalik ahamiyat qaratmasin, amalda ko'p kuchga ega emas, deydi mahallliy tahlilchilar.

Tojikiston ham fuqarolar urushini boshdan oʻtkazgan. Din bu nizoda muhim rol o'ynagan. Mojaro muzokara va bitim bilan barham topgan.

Afgʻonistonda barqarorlikka erishilishi yo'lida Dushanbening oʻrni qanday? Qo'sh davlat shimolida kuzatilayotgan notinchliklar Tojikiston tinchligiga qanchalik xavf solmoqda?

Joriy yilning bahorida AQSh rahbari Donald Tramp Prezident Emomali Rahmonga Navroʻz bayrami munosabati bilan yoʻllagan tabriknomasida Afgʻonistonga ham alohida toʻxtalib, jumladan, “Bu kunlar siz va Tojikiston xalqi Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash va osuda hayotga erishish yoʻlida muhim oʻrin tutasizlar”, - deya qayd etgan edi.

Oʻtgan yili Qoʻshma Shtatlarning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Dushanbeda Prezident Rahmon bilan uchrashganida ham shunga urg'u bergan edi.

Yaqinda Prezident Rahmon Afgʻonistonning shimoliy mintaqalari bilan uzun chegaraga ega boʻlgan Togʻli Badaxshon muxtoriyatiga safari paytida qoʻshni davlat tojiklari bilan muloqot qilib, ularning hayotiga befarq emasligini bildirdi.

“Suv, elektr energiyasi va biz yaratayotgan boshqa imkoniyatlar sizlar uchun ham. Kelgusida bu imkoniyatlardan sizlar ham foydalanishlaring rejalashtiriladi. Sizlar mashaqqat chekib yoʻl qurdilaring. Yaqin kelajakda biz energiya bilan taʼminlaymiz. Biz Togʻli Badaxshonda GES quryapmiz. Bizga qoʻshni, doʻst boʻlgan Afgʻoniston davlatida imkon qadar tezroq tinch va osoyishta hayot hukmron boʻlishini orzu qilib qolaman. Bizning bordi-keldimiz, iqtisodiy, ilmiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorliklarimiz mustahkamlanishini istaymiz”, - dedi Prezident Rahmon.

Tojikiston rahbariyati qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishini istashi tabiiy. Ammo masalaning muhim jihati, bu yoʻlda Tojikiston nimadir qila olishida. Qolaversa, oxirgi paytlar Afgʻoniston shimolida vaziyat tang. Hududning bir qismi Kobul nazoratida boʻlsa, yana bir qismi toliblar ixtiyorida va uchinchi qismi uchun kurash davom etmoqda. Bu Tojikistonning ichki tinchligiga ham xatar solishi mumkinmi?

Tojikistonlik tahlilchilar Rustam Gʻiyosov va Sherali Rizoyon nazarida, mintaqadan chiqqan jangarilar va ekstremistik guruhlar davlatlar uchun jiddiy muammo boʻlib qolmoqda.

Prezident Rahmon aytganidek, “vaziyat har tarafga oʻzgarishi mumkinligiga tayyor boʻlish lozim”.

Vohan: Tojikiston va Afg'oniston chegarasi
Vohan: Tojikiston va Afg'oniston chegarasi

Afgʻonistonning shimoliy viloyatlari - Panjsher, Badaxshon va Tahorning bir qismi toliblarga jiddiy qarshiliklar koʻrsatib keldi va butun Afgʻonistonni egallab olish imkoniyatini bermadi. Tahlilchilar deydiki, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya 2001-yilning kuzida Afg'onistonga kirganidan keyin mintaqada nisbiy barqarorlik hukm surdi.

Ammo 2010-yilda NATO qoʻshinlari chiqib ketishi eʼlon qilinganidan soʻng, turli ichki va tashqi omillar taʼsirida Afgʻonistonning shimoli toliblar va turli xorijiy jangarilar makoniga aylana boshladi. Markaziy Osiyodan chiqqan jangarilar ham mintaqada faollashdi.

“Umuman olganda, yillar davomida hukumat kuchlari va qurolli jangarilar oʻrtasida kichik qishloqlarda, shuningdek, borish qiyin boʻlgan togʻli joylarda muntazam janglar davom etmoqda. Afgʻoniston shimolining alohida geosiyosiy ahamiyati shundan iboratki, bu yerda Rossiya, Xitoy, Pokiston, Hindistonning doimiy va hayotiy manfaatlari bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ular Afgʻonistonda davom etayotgan siyosiy jarayonlarga alohida taʼsir koʻrsatmoqda”, - deydi Rustam Gʻiyosov.

“Afgʻonistonning shimoliy viloyatlari, xususan, chegaradosh viloyatlarning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hozirgi mavqei “barqaror beqarorlikka” ega va qoʻshnilar uchun jiddiy tashvish tugʻdirmoqda. Badaxshon, Tahor, Qunduz, Juzjon, Faryob va boshqa mintaqalarning ayrim hududlari tez-tez hukumat kuchlaridan toliblar va boshqa xorijiy jangarilarga va aksincha, oʻtmoqda”, - deydi Sherali Rizoyon.

Tahlilchilarga ko'ra, Tojikiston Afgʻoniston shimolidagi voqealarga befarq bo'la olmaydi. Tojikiston rahbariyati uzoq yillardan beri Afgʻoniston muammosini xalqaro minbarlardan ham koʻtarib keladi. Dushanbe qo'shni davlatda tinchlik oʻrnatilishini istaydi. Ammo masalaga real qaraydigan boʻlsak, bu jarayonga taʼsir oʻtkazish uchun Tojikiston iqtisodiy va boshqa turdagi qudratga ega emas.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG