Breaking News

Prezidentligining to'rtinchi yilida AQSh Mirziyoyevga qanday baho bermoqda?


Daniel Rozenblum O'zbekistonda AQSh elchisi sifatida ish boshlaganiga bir yildan oshdi

Daniel Rozenblum, bir yildan oshibdiki, Toshkentda AQShning favqulodda va muxtor elchisi. Prezident Shavkat Mirziyoyev to'rt yil oldin, boshqaruvga kelganidan sal o'tmay, sistematik islohotlar boshlayotganini e'lon qilib, xalqaro hamjamiyatning, xususan AQShning kuchli quvvatlovini qozongan edi. Rozenblum bugungi vaziyatni qanday baholaydi? Koronavirus AQShning O'zbekistondagi maqsadlarini qanchalik o'zgartirdi? "Amerika Ovozi" bilan suhbatda elchi boshqa ko'plab savollarga ham javob berdi.

Navbahor Imamova: Biz bilan muloqot qilayotganingiz uchun katta rahmat, elchi janoblari.

Ambassador Rozenblum: Juda mamnunman, sizga ham rahmat.

Navbahor Imamova: O'tib ketgan Mustaqillik kuni bilan!

Elchi Rozenblum: Rahmat, sizni ham Mustaqillik bayramingiz bilan tabriklayman.

Navbahor Imamova: Sizni ham tabriklaymiz. Siz bilan muhokama qiladigan mavzular talay, bilasiz. Pandemiya, albatta, kunning eng dolzarb masalasi. O'zbekiston hukumati bilan bu davrda ishlar qanday kechmoqda? Pandemiya boshlanganidan beri, deylik.

Elchi Rozenblum: Logistik masalalarda oson kechmadi. Mart oyidan beri yuzma-yuz uchrashuvlar qila olmadik. Bir necha hafta oldin Tashqi ishlar vaziri [Komilov] bilan ko'rishdim. Hozirgina esa Sarmoyalar va tashqi savdo vaziri Umurzoqov bilan uchrashuvdan keldim. Olti oydan beri yuzma-yuz ko'rishmagan edik.

Bu albatta ishimizga ta'sir qildi. Diplomatik faoliyatga ta'sir qildi. Diplomatik qabullar va tadbirlar o'tkazmayapmiz. Ularning ishimiz uchun ahamiyati katta. Biroq hukumat bilan muloqotdamiz. Texnologiya va telefon orqali faoliyatimiz to'xtamadi va to'xtamaydi.

Navbahor Imamova: Demak, pandemiya sharoitida ham hukumatning muhim organlari bilan aloqa uzilmadi?

Elchi Rozenblum: Aslo, umuman uzilmadi. Nafaqat Tashqi ishlar vazirligi, balki boshqalar bilan ham. Bir necha hafta oldin Senator Norboyeva bilan internet orqali video muloqot qildik. Boshqa vazirlar bilan ham onlayn uchrashuvlar qilib turibmiz. Kommunikatsiya to'xtamagan. O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi Vahobov bilan ham muntazam gaplashib turamiz, video orqali.

AQSh koronavirusga qarshi kurashda O'zbekiston bilan hamkor. Shu kungacha Vashington Toshkentga bu borada qariyb 9 million dollarga teng yordam ko'rsatdi. O'tgan 20 yil mobaynida Amerika O'zbekistonga sog'liqni saqlash yo'lida 122 million dollarlik ko'mak uzatgan.
AQSh koronavirusga qarshi kurashda O'zbekiston bilan hamkor. Shu kungacha Vashington Toshkentga bu borada qariyb 9 million dollarga teng yordam ko'rsatdi. O'tgan 20 yil mobaynida Amerika O'zbekistonga sog'liqni saqlash yo'lida 122 million dollarlik ko'mak uzatgan.
Vaziyatga nisbatan chora ko'rish uchun yangi tizimlar zarur edi, ularni yaratishdi.

Navbahor Imamova: So'rayotganimning sababi, hukumatning bu davrda qanday ishlashi yanayam muhim. Bilasiz, bu - o'ta markazlashgan tizim. Qarorlar bir joyga borib taqaladi - Prezident Mirziyoyevga. Pandemiyadek murakkab vaziyatda sistema tabiatida, uning harakatida qanday o'zgarishlarni kuzatdingiz? Qanchalik moslasha oldi favqulodda holatga?

Elchi Rozenblum: Ha, judayam to'g'ri, bu - o'ta markazlashgan sistema. Vaziyatga nisbatan chora ko'rish uchun yangi tizimlar zarur edi, ularni yaratishdi. Koronavirusga qarshi kurash komissiyasi tuzildi. Pandemiya boshlanar ekan, ko'plab masalalar bu organ orqali hal qilindi. Biz ham ulardan yo'riqlar kutdik. Amaliy masalalarda faoliyatimizni ular berayotgan ma'lumotlarga qarab belgiladik, xususan transport va harakatlanish borasida.

Biroq hozirga kelib, oylar o'tib, qaror qilish va kommunikatsiya hamda boshqa funksiyalar bo'yicha ham hukumat ancha moslashib oldi. Bu vaqt oldi, yangicha talablarga o'rganish kerak bo'ldi. Aytganimdek, o'tgan olti oyda, vaziyat qanchalik qiyin bo'lmasin, aloqamiz uzilmadi. Gaplashishimiz kerak bo'lgan odamlar va idoralar bilan rishtalarda o'zgarish yo'q.

Navbahor Imamova: Pandemiya Mirziyoyev rahbariyati uchun hozirgacha eng katta sinov bo'ldi, shunday emasmi, eng og'ir inqiroz?

Elchi Rozenblum: Bu dunyo bo'ylab rahbarlar va hukumatlar uchun og'ir sinov bo'ldi aslida. So'zda tasvirlash qiyin bo'lgan imtihon.

Navbahor Imamova: Ammo Prezident Mirziyoyev uchun aynan, chunki u prezidentlikka kelganidan beri Vashingtonda va boshqa joylarda u haqda gapirishganida bir narsaga alohida urg'u berishar edi: Qilayotgan ishlarini olqishlaymiz, ayrim harakatlari tahsinga sazovor, islohotlar tomon qadam tashlayotgani yaxshi, biroq hali real sinovlardan o'tgani yo'q. Inqiroz holatida qanday ishlashiga, favqulodda vaziyatlarda davlatni qanday boshqarishiga qarab, bilamiz va baholaymiz. Hozircha butun nazorat uning iznida, lekin inqirozda qanday yo'ldan borishi muhim... deb kelishdi. To'g'ri, bu hamma liderlarning boshiga kelgan imtihon, biroq O'zbekiston uchun, unga 13 yil bosh vazirlik qilgan, biroq bu rolda kam ko'ringan va deyarli tahlil qilinmagan inson uchun, bu misli ko'rilmagan sinov emasmi? Mirziyoyevning pandemiyaga nisbatan siyosati va umuman bu davrdagi boshqaruvini qanday baholaysiz?

AQSh shu kunlarda O'zbekistonga ventilyatorlar, 200 dona sun'iy nafas oldiruvchi tibbiy vositalar taqdim etdi
AQSh shu kunlarda O'zbekistonga ventilyatorlar, 200 dona sun'iy nafas oldiruvchi tibbiy vositalar taqdim etdi

Birinchi karantindan erta chiqildimi, bu hamon muhokamada. Balki hech qachon aniq xulosa qila olmaymiz. Nima bo'lganda ham infeksiya hollari ko'paydi.

Elchi Rozenblum: Fikrimcha, boshida tashlangan qadamlar, ilk infeksiya holatidan keyin qabul qilingan tezkor va qat'iy qarorlar, sog'liqni saqlash nuqtai nazaridan to'g'ri bo'ldi. Xususan, karantin e'lon qilinishi, o'quv dargohlari va bizneslarni yopish. Bu qarorlar oqibatida vaziyat ancha nazorat ostiga olindi. Virusni yuqtirish darajasi bir maromda, yuqorilamagan tarzda ushlab turildi. Aks holda mart va aprel oylarida vaziyat izdan chiqib, sog'liqni saqlash tizimiga juda og'ir tushgan bo'lar edi.

Keyin esa qanday qilib barqarorlikka erishish mumkin degan masala bilan yuzlashildi. Karantindan qachon, qanday chiqamiz? Bu faqat O'zbekiston emas, butun dunyo oldidagi savol bo'ldi. Barcha rahbarlar oldidagi jumboq va hamma o'ziga xos qarorlar qildi. Turli davlatlarda turlicha yondashuv. Birinchi karantindan erta chiqildimi, bu hamon muhokamada. Balki hech qachon aniq xulosa qila olmaymiz. Nima bo'lganda ham infeksiya hollari ko'paydi. Iyulda ayniqsa va avgust oyining katta qismida shunga guvoh bo'ldik. Virusni yuqtirganlar soni oshib ketdi.

Ikkinchi karantindan ham chiqdik, ikki haftacha oldin, va bunda ham balki cheklovlar erta bekor qilinyapti deb o'yladik. Shaxsan o'zim ham shunday o'yladim. Infeksiya ko'lami keng ekan, ochilish to'g'rimi? Lekin bilaman, hukumat ko'plab xorijiy ekspertlardan va mahalliy mutaxassislardan maslahat olmoqda. Shunday ekan, qachon va qanday ochilish borasida yetarlicha asoslari bor edi. Iqtisod, tirikchilik, ish - o'ta muhim omillar.

Buyog'oga ko'ramiz endi. Karantindan keyin infeksiya hollari yana ko'payadimi? Hozircha, bunga guvoh emasmiz. Umuman olganda, hukumat va Prezident Mirziyoyev koronavirusga nisbatan har sohada a'lo darajada chora ko'rdi, demayman. Biror davlatda bunday deya olmaymiz.

Umuman olganda, hukumat va Prezident Mirziyoyev koronavirusga nisbatan har sohada a'lo darajada chora ko'rdi, demayman.

Navbahor Imamova: Hukumatdan tez-tez eshitayotganimiz shuki, hozir har kungi vaziyatga qarab ishlashyapti. Har narsaga tayyor turish kerak. Pandemiya davrida boshqa rahbarlarni va organlarni yaxshiroq taniy boshladik. Sog'liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, masalan. Ularning ishini kuzatib, qanday xulosalar qilayapsiz? Har kuni brifinglar, jonli efir. O'zbekistonda oldin bunchalik jonli efir bo'lmagan. Progressmi bu, sizningcha?

Elchi Rozenblum: Ishlashyapti, shunday emasmi? Aytganingizdek, hukumat har kungi vaziyatga qarab qarorlar qilmoqda, moslashishga urinmoqda. Hukumat va prezident bu borada sezilarli darajada oshkoralik va ochiqlikka intilayotganini ko'rayapman, xususan brifinglar, axborot berish va xalq bilan aloqada. Juda yaxshi. Odamlar albatta tanqid qilishadi, nolishadi va buning uchun o'z asoslariga ega. Lekin pandemiya davridagi o'zgarishlarga qarab, kommunikatsiya va axborot yetkazish bobida ijobiy ishlar qilindi, deb hisoblayman.

Men uchun yana bir muhim indikator, hukumat, jumladan Sog'liqni saqlash vazirligi xorijdagi hamkorlar bilan yaqindan ishlayotgani; ochiq muloqotlar, chet eldan berilayotgan tavsiya va maslahatlarni hisobga olgan holda ishlash. Har hafta yangi bir tomon bilan bog'lanishadi. Koreya, Xitoy, Rossiya, Germaniya, AQShdan va boshqa davlatlardan. Aslida hukumat bir paytning o'zida juda ko'p tomonlarni eshitishi ham osonmas. Barcha tavsiyalarni tinglash, inobatga olish qiyin. Lekin, umuman olganda, ijobiy qadamlar.

AQShning O'zbekistondagi prioritetlarida o'zgarish yo'q, deydi Rozenblum, biroq hozirgi eng dolzarb masala koronavirusga qarshi kurash
AQShning O'zbekistondagi prioritetlarida o'zgarish yo'q, deydi Rozenblum, biroq hozirgi eng dolzarb masala koronavirusga qarshi kurash
Odamlar albatta tanqid qilishadi, nolishadi va buning uchun o'z asoslariga ega. Lekin umuman olganda, pandemiya davridagi holatga qarab, kommunikatsiya va axborot yetkazish bobida ijobiy ishlar qilindi, deb hisoblayman.

Navbahor Imamova: O'zbekiston hukumati bundan ham oshkora va ochiq bo'lishini istaymiz, albatta. Pandemiyaga qarshi kurash bois shu paytgacha qo'l urilmagan islohotlar qilinishi kerak, deyishadi. Islohotlar susaymasin, aksincha jadallashsin, deyishadi. Jumladan, matbuot erkinligi, axborot erkinligi borasida. Karantin paytida "Facebook" bloklandi, bilasiz. Muammolar ko'p. Xalqaro maydonda ham, O'zbekistonning o'zida ham xavotirlar kuchaydi, orqaga qaytilyaptimi, degan. Siz ham xavotirdamiz?

Elchi Rozenblum: Yaqinda bo'lgan ayrim ishlardan xavotirdaman. Ogohmiz, albatta. Va fikrimcha bu hollarga dunyo va tabiiyki, O'zbekistonning o'zi diqqat bilan qarashi kerak. Matbuot haqida gapirdingiz. Blogerlar va jurnalistlarning ishi uchun hibsga olinishi, ularning bosimga uchrashi, tazyiqlar.

E'tiborga tushgan ishlardan biri ikki-uch hafta oldin Bobomurod Abdullayevning qo'lga olinib, Qirg'izistondan ekstraditsiya qilingani bo'ldi. Bugun Abdullayev bilan uchrashdim, shu yerda, Toshkentda. U erkin, qamoqda emas. Lekin muammo shuki va bu masalani hukumat a'zolari bilan bevosita ko'tardik, ish mavhum bir holatda. Tergov davom etmoqda, Abdullayevga nisbatan gumonlar bor. Biroq nimada va qanday ishlarda ayblanishi mumkin? Qilgan ishi biror narsa chop etgani yoki yozganimi? U yozmagan materiallari uchun ayblanishi mumkin.

Shu bois xavotirdamiz va masala oydinlashib, ijobiy barham topishini istar edik. Unga nisbatan gumonlar yoki ayblovlar bekor qilinib, Abdullayev haqiqatda erkin bo'lishini tilaymiz. Mana bugun ko'rishdik. Kayfiyati yaxshi, kelajakdan xavotirlansa-da. Hibsda emas, uyda oilasi va yaqinlari bilan ekanidan xursand. Biz diqqat bilan kuzatishda davom etamiz.

Yaqinda bo'lgan ayrim ishlardan xavotirdaman. Yaqindan kuzatayapmiz, albatta. Va fikrimcha bu hollarga dunyo va tabiiyki, O'zbekistonning o'zi diqqat bilan qarashi kerak.

Navbahor Imamova: Siz Bobomurod Abdullayev ishi haqida tvit qilganingizda Davlat departamenti ham masalaga e'tibor qaratdi. Qator xalqaro tashkilotlar ham masalani ko'tardi. Keyin esa u ozod etildi. Toshkentga ekstraditsiya qilindi, lekin bir necha soat o'tib, qo'yib yuborildi. Va shunday xulosa qilindi: xalqaro undov va chaqiriqlardan naf bo'ldi. Toshkent xalqaro hamjamiyatga quloq tutmoqda. AQSh singari hamkorlari nima deyayotganiga befarq emas. Siz qanday fikrga bordingiz Abdullayev ozod etilganini eshitib?

Elchi Rozenblum: Juda xursand bo'ldim. Quvondim. Bilasiz, bu uning uchun birinchi ish emas. Ikki-uch yil oldin ham qamalgan edi, keyin sudlangan. Shu bois uning uchun shaxsan mamnun bo'ldim. Bu ish yuzasidan nega shunday qaror qilindi, bu bosim mahsulimi yoki yo'q, bu borada taxminlarga berilmayman. Muhim masalalar borasida lozim bo'lganida o'z munosabatimizni bildiramiz. Bu holatda ham shunday qildik.

Kuzatuvlarimga tayanib, ikki jihatni aytmoqchiman. Birinchidan, Prezident Mirziyoyev va hukumat xalqaro munosabatga e'tibor beradi va o'z reputatsiyasi haqida jiddiy qayg'uradi. Chunki, bilishadiki, bu xorijdan sarmoya jalb etishda va xalqaro hamjamiyat bilan samarali ishlashda chuqur ahamiyat kasb etadi. Ikkinchidan, Prezident Mirziyoyev o'tgan ikki yildagi nutqlarida demokratik islohotlar va bu boradagi maqsadlarga urg'u berib kelmoqda. O'tgan dekabrda Konstitutsiya kunidagi ma'ruzasida prezident mustaqil matbuot, so'z erkinligi va ularning taraqqiyot, iqtisodiy rivojlanish uchun qanchalik zarurligi haqida gapirdi. Prezidentning so'zlari, tilga olayotgan maqsadlari mamlakat istiqboli uchun nihoyatda muhim. Bular jurnalistlar va boshqalarga nisbatan pirovardida qilinayotgan qarorlar ortidagi muhim omil, deb bilaman.

AQSh shu kunlarda O'zbekistonga ventilyatorlar, 200 dona sun'iy nafas oldiruvchi tibbiy vositalar taqdim etdi
AQSh shu kunlarda O'zbekistonga ventilyatorlar, 200 dona sun'iy nafas oldiruvchi tibbiy vositalar taqdim etdi

Bu ish yuzasidan nega shunday qaror qilindi, bu bosim mahsulimi yoki yo'q, bu borada taxminlarga berilmayman. Muhim masalalar borasida lozim bo'lganida o'z munosabatimizni bildiramiz. Bu holatda ham shunday qildik.

Navbahor Imamova: Bugungi O'zbekistonda sizni eng ko'p tashvishga soladigan masala nima? Bormi shunday masala? Matbuot erkinligi, inson huquqlari va demokratik islohotlarga undab kelasiz. Biror salbiy yo'nalishlar sizni bezovta qilyaptimi? Nimalarda ko'rasiz ularni?

Elchi Rozenblum: Ikki-uch soha bor va ular O'zbekistonda progress davomiy bo'lishi uchun juda muhim. Majburiy mehnatga qarshi kurash, odam savdosiga qarshi kurash va diniy erkinlik. O'tgan yillar ichida bu yo'nalishlarda salmoqli progress bo'ldi. Hukumat bilan ular yuzasidan muntazam muloqotdamiz. Rahbariyatning eng yuqori pog'onasida bu masalalarga e'tibor jiddiy, muammolarni hal etish uchun harakat bor, bunga shubham yo'q.

Shunchalik va balki bundan-da ko'proq e'tibor talab qiladigan masala bor. Bu borada ham oldinga qadamlar tashlanishi kerak. Fuqaro jamiyatini rivojlantirish. Nohukumat tashkilotlar, mustaqil muassasalar erkin ishlay olishi, osonroq ro'yxatdan o'tib, qonunan faoliyat yuritishi va jamiyat ravnaqi uchun hissa qo'sha olishi kerak. Ularning ishi shu va allaqachon qator tashkilotlar ishlamoqda, xususan ijtimoiy yo'nalishlarda yoki ayollar haq-huquqlari va manfaatlari yo'lida. Nohukumat tashkilotlar uchun sharoitni yaxshilash borasida ko'p ishlar qilsa bo'ladi.

Yana bir masala bor va bu haqda prezidentning o'zidan ham tez-tez eshitib turibmiz. Qonun ustuvorligi va korrupsiya. Hukumat korrupsiyaga qarshi kurashni prioritet deb belgilagan. Biz buni olqishlaymiz. Masalan, korrupsiyaga qarshi agentlik tuzilganini. Qonunchilikda bu borada siljishlar bor. Lekin O'zbekiston aholisi korrupsiyaga qarshi real progressdan naf ko'radi, ya'ni bu muammoga nisbatan real, salmoqli qadamlardan. Korrupsiyaga qarshi real kurash va fuqaro jamiyati taraqqiy etishi uchun sharoitni yaxshilash - mana shu ikki yo'nalish O'zbekiston uchun ko'p narsani hal qiladi.

Prezident Mirziyoyev va hukumat xalqaro munosabatga e'tibor beradi va o'z reputatsiyasi haqida jiddiy qayg'uradi.


Navbahor Imamova: Fuqaro jamiyatini qayd etdingiz. Amerikadan bir necha tashkilotlar ro'yxatdan o'tishga qiynalmoqda. Masalan, AQSh yuristlari uyushmasi. Taraqqiyot masalalari bilan shug'ullanuvchi boshqa tashkilotlar ham bor. Ular O'zbekistonda ishlash uchun ruxsat olib, aynan islohot dasturidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun yordamga tayyor ekanini aytadi. Siz o'zingiz bu tashkilotlarga oid jarayonlar bilan qanchalik shug'ullanayapsiz? Adliya vazirligi va boshqa idoralar bilan gaplashayapsizmi bu masalada?

Elchi Rozenblum: Yaqindan shug'ullanayapman. Biz uchun ularning ro'yxatdan o'tishi juda muhim, chunki biz O'zbekistonga texnik yordamni aynan shunday tashkilotlar orqali ko'rsatamiz. Qonun ustuvorligi, adliya, matbuot, ta'lim sohasidagi islohotlar va odam savdosiga qarshi kurash - mazkur tashkilotlar bu yo'nalishlarda katta tajriba va malakali mutaxassislarga ega. Aynan shu sohalarda ishlaydigan bir necha tashkilot o'tgan ikki yildan beri registratsiya qilinolmay xunob. Qiynalishyapti bu borada.

Shunday ekan, biz Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan masalalarni muhokama qilib, bu tashkilotlarga ruxsat berilishi uchun harakatdamiz. O'tgan hafta bir xushxabar oldik: RTI International, Shimoliy Karolina shtatida asoslangan nohukumat tashkilot ro'yxatdan o'tkazilibdi. Ular AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi bilan hamkor va ta'lim sohasida uzoq yillik dasturlarni yuritadi, islohotlarda yordamlashishga shay. Nihoyat registratsiya qilinganidan juda xursandmiz. Yana kamida 4-5 tashkilot bor. Ularni ham ro'yxatdan o'tkazib olishimiz kerak va bunga erishamiz degan umiddamiz.

Toshkent metrosi, 29-avgust, 2020
Toshkent metrosi, 29-avgust, 2020
Korrupsiyaga qarshi real kurash va fuqaro jamiyati taraqqiy etishi uchun sharoitni yaxshilash - mana shu ikki yo'nalish O'zbekiston uchun ko'p narsani hal qiladi.


Navbahor Imamova: O'zbekiston rasmiylari bilan gaplashar ekanmiz, ular tizimni himoya qilishadi. Biror muammoga qarab, orqaga qadam tashlanmoqda, deya baholanganida mutasaddilar buni butun tizimni qoralash uchun asossiz deb biladi. U yoki bu holat butun sistemani aks ettirmaydi, deyishadi. Vaziyatni oq va qora ranglarda ko'rishlarini istashmaydi. Ularga ko'ra, sistema qattiq ishlayapti, o'zgarishlar katta va islohotlarga ishonch bor, yondashuv jiddiy.

Nafaqat hukumatda, balki xususiy sektorda ham shunday fikrlarni eshitamiz. Ularning nazarida ham matbuot bugungi manzara va masalalarni ochib bera olmayapti. Ya'ni, biror sarmoya loyihasi ish bermagani yoki biror tashkilotning ishlay olmayotganiga qarab xalqaro hamjamiyat va matbuot O'zbekistonda ishlar chatoq, mamlakat orqaga ketayapti, deya baholashi adolatdan emasmish. Yutuqlarni ham hisobga oling, deydi ular. Sizningcha, qanday yutuqlarga erishildi O'zbekistonda, o'tgan bir yil ichida?

Elchi Rozenblum: Bizning asosiy e'tiborimizdagi va ko'proq mehnat talab qiladigan yo'nalishlar bor. Texnik yordamimiz, qator loyiha va dasturlarimiz ham ular bilan bog'liq. To'rttasini tez-tez eslatib turaman: qonun ustuvorligi va adliya sohasida islohotlar, ta'lim, qishloq xo'jaligi va salomatlik. Biz mablag' va resurslarni O'zbekiston shu sohalarda oldinga siljishi uchun sarflayapmiz va diqqatimiz ularda.

Elchi sifatida Toshkentda ish boshlaganimga, aytgancha, 15 oy bo'ldi va bu yerdagi hayotimdan va faoliyatimdan juda mamnunman. Yuqorida tilga olingan yo'nalishlar bo'yicha o'tgan davr mobaynida ozmi-ko'pmi ijobiy qadamlar tashlandi. Ayrim hollarda harakat juda sust. Ta'lim sohasida islohotlar jadal, degan bo'lardim. Xalq ta'limi vazirligi va Oliy ta'lim vazirligi bilan ishlayapmiz. Bu sohalarda o'zgarish qilish qanchalik qiyin ekanini, ko'zlangan maqsadlarga erishish oson emasligini bilamiz. Masalan, maktabni bitirganda yoshlar ingliz tilini bemalol gapira olishi. Yana boshqa murakkab vazifalar belgilangan.

... qonun ustuvorligi va adliya sohasida islohotlar, ta'lim, qishloq xo'jaligi va salomatlik. Biz mablag' va resurslarni O'zbekiston shu sohalarda oldinga siljishi uchun sarflayapmiz va diqqatimiz ularda.

Progress kuzatayapmiz, nisbiy. Koronavirus, pandemiya jarayonlarni susaytirdi. Bu vaziyatda biz ham dasturlarimizni amalga oshirishimiz qiyin. Lekin mana sog'liqni saqlash tizimida ko'p o'zgarishlar ko'rayapmiz. Faqat koronavirusga qarshi emas, sil kasaliga qarshi ham ko'p ishlar qilinmoqda. Islohot dasturlari o'sha-o'sha, siyosatdan qaytilmagan va biz ham yordamga shaymiz.

Qishloq xo'jaligida ham, aytishim kerak, ayrim hollarda transformatsion jarayonlar ketmoqda. Bu yil paxta yetishtirish tizimida ilk bor kvota tayinlanmagan. Kvota tizimidan voz kechildi va buni amalda ko'rishimiz kerak. Paxta yetishtirish xususiylashtiriladi, deya qaror qilingan. Bu ulkan maqsad. Albatta hali bunga erishilgani yo'q. Lekin siyosiy irodaga asoslangan harakat bor.

Eng oz progress, nazarimda, qonun ustuvorligini ta'minlash borasida. Balki bu islohotlarning eng qiyin yo'nalishlaridan biridir. Eski odatlardan, ish uslubidan voz kechish, ulardan qutulish qiyin. Vaqt talab qiladi. Adliya tizimini yangicha ishlashga o'rgatish, yangi qonun-qoidalarga moslashish... Sovet davrida va mustaqillik yillarida ham davom etgan illatlardan biri - sudlangan odam aksariyat hollarda aybdor deb topilgan. Siz begunoh bo'lishingiz mumkinligi, ayblov asossiz bo'lishi mumkinligi ustida ko'p bosh qotirilmagan. O'zgarishlar sekin bo'lsa-da, bor, lekin yondashuv va qarashlarni yangilash kerak.

Aytganimdek, biz bu masalalarda yordamlashishga harakat qilayapmiz. Progress bor, buni ko'rayapmiz, lekin sekin. O'zbekistonda hozircha nisbiy progress bo'ladi deb o'ylayman, ya'ni maqsad sari astalik bilan qadam tashlash. Men bu yerda elchilik qiladigan davrimda bundan ortiq yutuq kutmayman. Ko'zlangan maqsadlarga yetish uchun ko'proq harakat va vaqt kerak.

Namangan, 26-iyul, 2020
Namangan, 26-iyul, 2020
Progress bor, buni ko'rayapmiz, lekin sekin. O'zbekistonda hozircha nisbiy progress bo'ladi, deb o'ylayman.

Navbahor Imamova: O'zbekistonda tizimda, siz aytayotgan islohotlar uchun mas'ul doiralarda asosan uch toifa borligini kuzatayapmiz. Bir guruhda islohot tarafdorlari - ular qattiq ishlayapti, o'zgarishlar qila olishiga ishonadi, maqsadlarga jiddiy qaraydi va Prezident Mirziyoyevning quvvatlovini olgan. Ikkinchi guruh o'zgarishlarga qa'tiyan qarshi. Bu toifadagilar nazarida O'zbekiston bu yo'ldan bormasligi kerak. Ularga ko'ra, islohotlar tahdidli yo'l, davlat o'z qadr-qimmatini yo'qotishi mumkin. Hukumat nazoratni qanchalik qattiq ushlab tursa, fuqaro unga shunchalik hurmat bilan qaraydi va bosh egadi, deb hisoblashadi. Erkinlik kengaysa, odamlar haddidan oshadi va davlatni oyoqosti qila boshlaydi, deb ishonishadi. Bu guruhdagilar deyarli 30 yil mobaynida, ya'ni mustaqillikdan beri davlat qanday ishlab kelganini oqlashga harakat qiladi va o'sha paytdagi siyosatni to'g'ri deb biladi.

Uchinchi toifa esa mayli, sekin bo'lsa-da, o'zgarish sari harakat qilaveraylik, deydi. Ayrim hollarda jadal, ayrim hollarda sust bo'lsa-da, to'xtamaylik, deydi. Qay sur'atda bo'lsa ham islohotlar tarafdori. Siz yuqorida aytganingizdek, ular ham o'zgarishlarni nisbiy deya tahlil qiladi. Bu guruhdagilarga ko'ra, ko'zlangan buyuk maqsadlarga kelasi besh yilda, hatto 10 yilda ham erishish qiyin bo'ladi. Lekin harakat qilaverish kerak, deydi.

Siz qanday ko'rasiz ichki kurashni? Islohotlarga qarshilar bor, deb aytgan edingiz menga. Siz aytgan qonun ustuvorligi yo'lida, adliya tizimida islohotlar qilinishiga nisbatan, masalan. Matbuot erkinlashishiga qarshilar ham bor. Ular fikricha, jurnalistlarga ko'p erkinlik berib yubormaslik kerak. Qarang, mana blogerlar nima qilayapti, deya xavotirlanishadi. Ular nazarida, o'zgarish degan narsaga juda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.

Kundalik faoliyatimda men gaplashadigan va men bilan ishlaydigan odamlar islohotlarni amalga oshirish bilan band. Ular harakatlari foyda berishini istaydi. Islohotlarga qarshi taraflar bilan aloqada emasman.

Elchi Rozenblum: Juda qiziq va dolzarb masalani ko'tardingiz. Prezident Mirziyoyev islohotlar boshlaymiz deganidan beri, deyarli to'rt yildan beri bu borada gapirib kelishadi. Tizimdagilar o'zi islohotlar haqida qanday fikrda, qanchalik birdam, degan savol. Islohot xohlaydigan va islohotga qarshilar... Men buni tahlil qila olmayman va ochig'i, bu - ichki debat. Tizimdagi qarama-qarshi tomonlar, balki. Men ishimni to'laqonli bajara olishim uchun bu masaladan naridaman. Chunki bu O'zbekistonning o'z ishi, hukumatning o'zi shug'ullanadigan mavzu. Bizning rolimiz yo'q. Biroq bizga Prezident Mirziyoyev belgilagan islohot rejasi ma'qul. Shu bois yordam berishga bel bog'laganmiz va quvvatlab kelayapmiz. Kundalik faoliyatimda men gaplashadigan va men bilan ishlaydigan odamlar islohotlarni amalga oshirish bilan band. Ular harakatlari foyda berishini istaydi. Islohotlarga qarshi taraflar bilan aloqada emasman.

Bir narsaga urg'u bergan bo'lardim: faol qarshilik bor, passiv qarshilik bor. Qarshi tomon deganda yangicha ishlashni xohlamaydigan, eski odatlardan qutulishi qiyin bo'lgan taraf tushuniladi, menimcha. Ularning hayoti, olgan ta'limi bu insonlarni shunday ishlashga o'rgatgan. Muayyan shaxslar haqida gapirmayapman. Umuman olganda, deyapman. Menimcha, ko'p hollarda maqsad prezidentning ishini sabotaj qilish emas, balki vazifani o'zlari o'rgangan shaklda bajarish.

Vaholanki, fundamental o'zgarishlar qilish haqida gap ketmoqda. Masalan, prezident tez-tez eslatib turganidek, xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak. Ko'p yangraydi, lekin chuqur ma'no bor bu so'zlarda. Hukumatning rolini tubdan o'zgartiradigan tushuncha. O'zbekistonda hukumatning barcha pog'onalarida, markazda va viloyatlarda rahbarlar buni tushunib, anglab, yangicha ishlay boshladi, deya olmaymiz, to'g'rimi? Ular islohotlarga qarshimasdir balki, biroq o'rganganidek, odatlanganidek ishlashda davom etmoqda. Albatta, islohotlarga qa'tiyan qarshilar borligiga ham shubha qilmayman. Ular to'sqinlik qilishga ham harakat qilmoqda. Biroq asosiy muammo fikrlashning va yondashuvning o'zgarmaganligida, ya'ni azaliy illatlardan qutulish kerak.

Menimcha, ko'p hollarda maqsad prezidentning ishini sabotaj qilish emas, balki vazifani o'zlari o'rgangan shaklda bajarish.

Navbahor Imamova: Qarshi tomonlar islohotlar astalik bilan, ehtiyotkorlik bilan qilinsin, deydiganlar davlat nufuzini saqlashga urinayotganini aytadi. Ularga ko'ra, eng qudratli narsa davlat va uni boshqarayotganlar bo'lishi kerak. Rahbariyatni tanqid qilish cheklanishi kerak. Ular so'z va matbuot erkinligi kengayishini siyosiy barqarorlikka tahdid deb biladi.

Shunda Amerika tilga olinadi, bu davlat demokratiyasi yuzasidan fikrlar aytiladi. AQSh dunyo bo'ylab nimalar qilayotgani, qanday qadriyatlarni targ'ib qilayotgani tilga olinadi, xususan e'tiqod erkinligi, tanlash huquqi, so'z va fikr erkinligi, rahbarlarni erkin saylash huquqi. Shuning uchun sizdan bu haqda so'rayapman. "Xalq davlatni hurmat qilishi kerak, shuni boy bermaslik kerak. Usiz davlat davlat emas, hukumatni ushlab turish qiyin" deydiganlarga nima deysiz?

Elchi Rozenblum: Mohiyatan juda chuqur savollar berayapsiz. Bu masalalar ayni damda dunyo bo'ylab bahs-tortishuvlar markazida. Men bu savollarga a'lo javoblarni bera olmayman. O'zbekistonda kimdir menga savollarni bersa, ularni aksincha o'ylashga ishontira olmasam kerak. Lekin aytadiganlarim bor. Birinchidan, mamlakat borki, demokratik jamiyatni o'ziga xos ravishda quradi, boshqacha bo'lishi mumkin emas. Hamma bir tarzda bir yo'ldan bormaydi. Biz (AQSh) hech qachon bizning yo'ldan boring, deb aytmaganmiz. Yoki bu yerdagi diplomatik hamjamiyatning boshqa a'zolari bunday demaydi. Fransuz yoki yapon modelini tanlang, deyishmaydi. Chunki O'zbekiston o'z modelini yaratadi. Boshqalardan saboq va tavsiya oladi, jahon tajribasini o'rganadi, lekin nimaiki shakllansa, buni O'zbekistonning o'zi qiladi.

O'zbekistonning o'zi siz aytayotgan murakkab omillar orasida muvozanatni hal qiladi. Erkinlik va tartib orasidagi balansni, masalan. Erkinlikning cheki qayerda? Tartibning-chi? Qachon yetadi, deya olamiz? Biror davlatda bu savollarga aniq javob yo'q, deb o'yayman. Qo'shma Shtatlar eng zo'ri va hamma undan o'rgansin, deyayotganimiz ham yo'q.

O'zbekiston o'z modelini yaratadi... O'zbekistonning o'zi siz aytayotgan murakkab omillar orasida muvozanatni hal qiladi.

Biroq inson huquqlari bo'yicha umumbashariy deklaratsiya bor. Boshqalar qatori O'zbekiston ham unga rioya qilishni o'z zimmasiga olgan. Bu hujjat tizimni qanday shakllantirish haqida emas, inson huquqlari xususida. Davlat qanday vakolatga ega, fuqaro qanday huquqlarga ega, buni har bir davlat o'z qonunlarida belgilaydi va amalda ta'minlash hamma joyda qiyin. Murakkab masala. O'zbekistondagi maqsadlar haqida Prezident Mirziyoyev aniq aytgan. Shu yo'lda oldinga intilaveradi degan umiddamiz. Dunyo tajribasiga qarab, muvaffaqiyatli misollarni hisobga oling, balki O'zbekistonga qo'l kelar.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo shu yilning 3-fevralida Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo shu yilning 3-fevralida Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi

Navbahor Imamova: COVID-19 AQShning O'zbekistondagi prioritetlarini qanchalik o'zgartirdi?

Elchi Rozenblum: COVID-19 sabab biz, tabiiyki, salomatlikka ko'proq e'tibor berayapmiz. O'tgan olti oy ichida tibbiyot sohasida yordamni oshirdik. Shu kunlarda mana 200 ta ventilyator taqdim etdik. Koronavirusga chalinganlar nafas olishi va tuzalishida madadkor bo'lsin, dedik. Sog'liqni saqlash vazirligi ularni mamlakat bo'ylab kasalxonalarga tarqatmoqda.

Prioritetlar, umuman olganda, o'zgarmagan va boshqa masalalar bilan qanchalik shug'ullanmaylik, eng ko'p vaqt va kuchimiz COVID-19 bilan kurashga ketmoqda.

Shuningdek, salomatlik va pandemiyaga nisbatan choralar bo'yicha texnik maslahatlar berayapmiz. AQSh Kasallikni nazorat qilish markazi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi. Laboratoriyadagi testlar, umuman koronavirus testi borasida yordamlashayapmiz. O'tgan yarim yilda koronavirusga qarshi kurash birlamchi maqsadga aylandi va prioritetlarimizdagi asosiy o'zgarish shu.

Lekin O'zbekiston bilan uzoq muddatli maqsadlarimizdan ham qaytganimiz yo'q. Odam savdosiga qarshi kurashni yanayam kuchaytirish, toki mamlakat bu boradagi ro'yxatlarda ham o'z maqomini yaxshilasin. O'zgarishlar qilindi va respublika sal ildamladi, biroq hozirgi o'rnidan ham tuzukroq maqomda bo'la oladi. Biz hukumatdagi tegishli irodalar bilan, shuningdek, Senat raisi Norboyeva bilan muloqotdamiz. Norboyeva odam savdosiga qarshi komissiyaga ham raislik qiladi.

Prioritetlar, umuman olganda, o'zgarmagan. Boshqa masalalar bilan qanchalik shug'ullanmaylik, eng ko'p vaqt va kuchimiz COVID-19 bilan kurashga ketmoqda.

Navbahor Imamova: O'zbekiston bilan nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy aloqadasiz. Masalan, C5+1 formatida Markaziy Osiyoning besh respublikasi va siz, AQSh, o'tgan bir yil ichida kamida uch marotaba uchrashdingiz. Lekin nimaga erishildi? Qanday konkret natijalar borki, mana hamkorlik mahsuli, deya ko'rsata olasiz?

Elchi Rozenblum: Aytganingizdek, C5+1 formatida o'tgan bir yilda juda faol bo'ldik. Bu platformaga 2015-yilda asos solinganida o'zim ishtirok etganman...

Navbahor Imamova: Eslaymiz... Prezident Karimov [delagatsiyangizni] shlyapada kutib olgan.

Elchi Rozenblum: Xuddi kechagidek yodimda... Boshidan bu format ustida ishlaganim uchun hozirgacha erishilgan progress bilan faxrlanaman. Tez-tez, muntazam uchrashuvlar ayni muddao. Lekin siz so'raganingizdek, nima meva berdi bu muloqot? Kamida ikki yo'nalishda ish bermoqda. Birinchisi, siyosiy jihatdan davlatlar bir-biriga yaqinlashdi. Bir-birining maqsadlarini yaxshiroq biladi. O'zaro va guruh sifatida muammo va rejalarni vaqtida muhokama qilib turibmiz. Buning mintaqaviy ta'siri katta. Regional masalalarni bu davrada bemalol ko'tarishga o'rgandik.

C5+1 doirasida... siyosiy jihatdan, davlatlar bir-biriga yaqinlashdi. Bir-birining maqsadlarini yaxshiroq biladi.

Ikkinchidan, C5+1 doirasidagi yakdillik mevasi o'laroq savdo jadallashdi. USAID bu loyihani yuritmoqda. Maqsad - regional tijoratni oshirish. Pandemiya bu boradagi harakatlarni susaytirdi, lekin harakatdamiz. C5+1 loyihalari qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarini oshirmoqda. Bojxona va chegaradan o'tish bo'yicha o'zgarishlar qilinmoqda. Tizimlar bir tartibda samarali ishlashi kerak.

C5+1 doirasida xavfsizlik bilan bog'liq hamkorlik ham jadallashdi. Besh davlat va AQSh, masalan, mojaro hududlarida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarishga muvaffaq bo'ldi, Suriya va Iroqdagi jangarilarning oilalari olib kelindi. Sobiq terrorchilar qaytishi va jamiyatga qo'shilishi borasida qanday ishlash haqida ham kelishib olganmiz. 2019-yilda, esingizda bo'lsa, Qozog'iston katta sonlarda, shuningdek, O'zbekiston va Tojikiston ham o'z fuqarolarini urush maydonidan olib kelgan edi. Biz mana shu muhim masalada ham yakdil harakat qilayapmiz.

Yana boshqa misollar keltirishim mumkin, ammo bu dialog mintaqaviy birdamlik yo'lida katta qadam. Maqsadlarimiz va tajribamizni baham ko'rayapmiz. Shuning o'zi bilan ham bu doira ahamiyatli.

Navbahor Imamova: Vaqtingizni bizdan ayamay uzun suhbat qilayotganingiz uchun minnatdormiz. Yana bir savolim bor. AQShda ikki oydan keyin saylovlar. Saylov kampaniyasi borgan sari qizg'in tusga kirmoqda. Bilaman, siz diplomat sifatida saylovlarga aralashmaymiz va biror tarafning yonini olmaysiz. Sizning qanday diplomat ekaningizni bilamiz. Lekin muxlislarimizdan ko'p tushadigan savol shuki, bu saylovlar natijasi mintaqa uchun, O'zbekiston uchun qanday ahamiyatga ega? Kim yutsa, nima bo'ladi? Savol ortidagi omillar - siyosat davomiyligi va o'zgarish. AQShda prezident saylovlaridan keyin nima o'zgaradi? Yangi prezident kelsa, nima bo'ladi? Amaldagi prezident qayta saylanib, yangi muddatini boshlasa-chi? Amerika tashqi siyosati qanchalik o'zgaradi? Odatda qanday burilishlar bo'ladi? O'zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar nimalar kutishi mumkin va nimalarga tayyor bo'lishi kerak?

Elchi Rozenblum: Ajoyib savol va juda o'rinli. Saylovlar haqida bu yerda mendan ko'p so'rashadi. Karyeramda bir necha prezidentlarni va prezidentlik muddatlarini ko'rdim. Davlat departamentida ish boshlaganimda, Klinton prezidentligining ikkinchi muddati edi. 1990-yillar oxiri. To'rt yil Klinton ma'muriyati, keyin sakkiz yil Jorj Bush ma'muriyati, keyin esa sakkiz yil Barak Obama ma'muriyati va mana to'rt yil, Tramp ma'muriyati.

Navbahor Imamova: Shunga aytdim, sizni bilamiz, deb. Ko'p o'zgarishlarni ko'rgansiz.

Elchi Rozenblum: Shunday va bir narsaga qayta-qayta guvoh bo'lganman. Bu yillar davomida men asosan sobiq sovet davlatlari bilan ishladim va ularga nisbatan siyosat davomiy bo'ldi, ya'ni katta o'zgarishlarsiz. AQSh maqsadlari va strategiyasi o'zgarmadi. Suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni quvvatlab keldik. Mintaqaga nisbatan ham shu asosda yondashamiz. O'zgarmay keladi.

... asosan sobiq sovet davlatlari bilan ishladim va ularga nisbatan siyosat davomiy bo'ldi, ya'ni katta o'zgarishlarsiz.

Yana bir kuzatuvim shuki, saylov natijasida administratsiya o'zgarsa, uning to'liq ishga tushishi vaqt oladi. Albatta biz hozir kim yutib-yutqazishi haqida hech narsa deya olmaymz. Ayrim hollarda xorijdagi hamkorlarga e'tibor pasaygandek tuyuladi. Lekin aslida Vashingtonda mutasaddilar yangilanayotgan bo'ladi. Ichki muhokamalar va o'zgarishlar.

Lekin olti-to'qqiz oy o'tib, balki bir yil, hamma narsa yana joyiga tusha boshlaydi. Oldingisidan uncha farq qilmaydi. Men shuni ko'rganman. Bu safar ham shunday bo'ladi. Administratsiya o'zgarsa, o'rnashib olish uchun vaqt kerak. Prezident Tramp qayta saylansa, uncha ko'p o'zgarishlar bo'lmaydi, faqat yangi odamlar tayinlanishi mumkin, turli vazirliklarga va jumladan Davlat departamentiga ham.

Yaxshi tomoni, karyerist elchi sifatida men o'rnimda qolaman, chunki tartib shunday. O'zbekiston bilan aloqalarimiz bir maromda davom etishi uchun iloji boricha harakat qilaman.

Navbahor Imamova: Vashingtonda Markaziy Osiyo bilan ishlaydiganlar ham asosan karyerist diplomatlar, azaldan mintaqada yoki mintaqa bilan ishlab keladigan mutaxassislar. Elchi janoblari, muloqot uchun katta rahmat. Siz bilan gaplashib, juda xursand bo'ldik.

Elchi Rozenblum: Bajonidil. Men ham mamnunman, Navbahor. Rahmat sizga. Qiyin savollar berasiz, lekin har doim muhim savollar.

Navbahor Imamova: O'zbekiston haqida uzoq gaplashsak bo'ladi va yana suhbatlashamiz. Toshkentda tez orada ko'rishguncha!

Elchi Rozenblum: Umidvormiz, juda yaxshi.

Navbahor Imamova: Rahmat!

Elchi Rozenblum: Omad!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 900 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG