Breaking News

Terrorizmga qarshi urush 59 million odamni boshpanadan ayirgan


Kobul, Afg'oniston

2001-yilning kuzida boshlangan global urush, ya'ni Amerika boshchiligida olib borilgan global harbiy harakatlar dunyo bo'ylab millionlab odamlarni uy-joyidan ayirgan. AQShning Braun universiteti bu borada katta tahlilnoma chop etdi.

Ilmiy izlanishda Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqdagi sakkiz davlat yaqindan o'rganilgan. Unda asosan sakkiz yirik mojaro va uning oqibatlariga nazar tashlanadi, xususan Al-Qoida terror tizimiga nisbatan siyosiy-harbiy choralar tahlil qilinadi.

Tahlilnoma xulosalariga ko'ra, 2019-yilda boshpanasiz qolganlar soni keskin ko'tarilgan. Birgina Iroqning o'zida 9,2 million odam qochqinga aylangan. Suriyada 7 milliondan ziyod, Afg'onistonda esa kamida 5,3 million kishi shu holga tushgan.

O'rganilgan davlatlar - Suriya, Liviya, Filippin, Yaman, Pokiston, Iroq va Afg'oniston. Boshda davlatlardan boshpana so'rab murojaat qilganlar, qochqinlar lagerlarini to'ldirganlar va sarson sargardon insonlarning aksariyati shu mamlakatlardan.

Ikkinchi jahon urushidan beri jahonda bunday katta sonda qochqinlar bo'lmagan. Hozirgi boshpasizlar bir necha davlatning aholidan ham ko'proq.

“Bu muammoda biz faqat AQShni aybdor deb hisoblamaymiz. Masala ortida bir necha siyosiy, harbiy va norasmiy taraflar bor", - deyiladi hisobotda.

“Bu mamlakatlarda aholi azaldan qashshoqlik, adolatsizlik, tengsizlik, notinchlik va zo'ravonlik changalida yashab kelgan".

Hisobotda Afrikaning qator davlatlaridagi mojarolar tilga olinmaydi. Burkina Faso, Kamerun, Markaziy Afrika Respublikasi, Chad, Kongo Demokratik Respublikasi, Mali, Niger va Tunis ham yillardan beri beqaror.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG