Breaking News

AQShda pandemiya davrida oilaviy zo'ravonlik ko'lami oshgan


Koronavirus davrida Amerikaning kamida 14 yirik shahrida oilaviy zo'ravonliklar borasida shikoyat oshgan. AQShda jabrlanuvchilarni himoya qiluvchi qonunlar ko'p, ammo bu muammoga qarshi kurashga asosan nohukumat tashkilotlar yetakchilik qiladi. Statistikaga ko'ra, bu mamlakatda ayollarning chorak qismi hayotida kamida bir marotaba o'z yaqini tomonidan do'pposlangan, jarohatlangan yoki boshqa o'g'ir azobni boshdan kechirgan.

“Nega bosh ko'tarib ketmading, deyishadi. Yoki balki o'ziga ham shu kerakdir, balki o'ziga ham shu yoqar, deyishadi. Bilishmaydiki, bu bir charxpalak".

Oilaviy zo'ravonlikdan jabr chekkanlardan birining nolasi.

“Portlash arafasida turgan bomba ustida yashayotgandeksiz", - deydi jabrlanuvchilardan biri.

Qochib qutulish aytishga oson, amalda nihoyatda qiyin.

"Oxiri tushundimki, agar ketmasam, ajrashmasam, bir yildan uzoq yashay olmas edim. U meni o'ldirgan bo'lar edi. Yo o'zimni o'ldirar edim. Yoki asablarim ishdan tamoman chiqib, aqldan ozar edim yoki biror davosiz kasallikka uchrab, nobud bo'lar edim".

Bu gaplar pandemiyadan oldin aytilgan. Ishxona, hamkasblari va yaqinlari uni zulmdan sal bo'lsa-da uzoqda saqlar edi. Yordam istasa, kimdir kelib holidan xabar olar edi.

Koronavirus davrida madad istash yanayam qiyinlashdi.

“Zo'ravon tomon virusni qo'lidagilarni yanada ezish uchun qo'llay boshladi", - deydi Amanda Katz, mahalliy nohukumat tashkilot rahbari.

"Jabrlanuvchilar ko'chaga chiqa olmaydi. Zo'ravon tomon chiqarmaydi ham. Chiqsang, qaytmaysan, deydi".

"Hozir yordam so'rab kelayotganlar ko'paygan. Tahdid darajasi oshgan. Kimdir qattiq bo'g'ilgan. Kimdirni qurol bilan o'ldirmoqchi bo'lishgan. Nafrat, g'azab, shafqatsizlik darajasi oshgan", - deydi Tomas Manion, Merilend shtatidagi maxsus boshpana rahbari.

Ishsizlar ko'paygan hududlarda muammo ko'lami yanada keng.

"2019-yilda yordam so'rab telefon qilganlar bilan bu yilgilarini qiyosladik. Mart, aprel va may oylarida 7,5 foizga oshgan. Demografik omillarga e'tibor qaratdik. Yangi oilalarda vaziyat ayniqsa murakkab ekanini aniqladik", - deydi Emili Lezli, olima.

Huquq tartibot organlariga ko'ra, ezilayotganlar orasida bolalar ko'p.

"Oldinlari yosh avlod maktabga borganida, ko'chaga chiqqanida kimgadir dardini aytishi mumkin edi. Muallimlar, do'stlar xabar topardi. Hozir bechora bolalar uyiga tiqilib qolgan. Muammo haqida uyidagilardan boshqa hech kim bilmaydi", - deydi Merilend politsiya bo'limidan Debbi Faynstayn.

Biroq madad beriladi, agar so'ralsa.

Jabrlanuvchilar maxsus nomerlarga telefon qilishi kerak. Himoya choralari qo'llanadi. Terapevtlar bor. Onlayn yordam yo'lga qo'yilgan.

"Jabrlanayotganlarga vaziyatdan qanday chiqish mumkinligi haqida maslahat beramiz. O'zini himoya qilish usullari, zo'ravonlikdan qochish va ehtiyotkorlik haqida gaplashamiz. Oson emas hech biriga", - deydi Natali Ueyd, virtual xizmat ko'rsatuvchi tashkilot rahbari.

Zo'ravonlar changalidan qutulganlar ko'p. Hammasi o'ziga xos murakkab jarayonlardan omon chiqqan.

"Inson ruhan barbod bo'ladi. O'zingizga ishonchingiz chilparchin, umidsizlik, qadrsizlik. Odam kimligini ham unutadi. Ezilayotganlarga aytamanki, o'zingizni shundan asrang. Inson ekanimizni, hech kimga kerak bo'lmagan bir narsa emasligimizni unutmasligimiz kerak. Kimdir sizni ursa yoki azoblasa, o'zingizni aybdor his qilmang. Vaziyatdan chiqish, o'zingizga kelish juda qiyin, ammo chiqish mumkin, hayotni tiklash mumkin", - deydi yangi sahifa ochib, oldinga harakat qilayotgan ayol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG