Breaking News

BMT qo’mitasi O’zbekistonga tugallanmagan islohotlarni eslatdi


BMT Inson huquqlari qo’mitasi tahlilicha, O’zbekistonda panjara ortida qiynoqlar to'xtamagan va mamlakatda poraxo’rlik sur’ati yuqori. Propiska tizimi haligacha bekor qilinmagan. “Human Rights Watch” (HRW) tashkiloti chiqargan bayonotda ham bu borada qayd etiladi.

Qo’mita Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri ilk bor O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni o’rganib chiqdi. Xulosalar islohot va’dalarining katta qismi hali amalga oshmaganini ko’rsatmoqda.

“BMT tekshiruvidan ma’lumki, O’zbekiston huquq ahvoli og’ir avtoritar davlat bo’lib qolyapti”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Hyu Vilyamson.

Qo’mitaning yakuniy hisobotida korrupsiyaga qarshi kurash, ayollarga nisbatan zo’ravonlikni kamaytirish, sud tizimi islohoti va paxta sanoatida majburiy mehnatni yo’q qilish bobida ijobiy qadamlar tashlangani qayd etiladi. Biroq ozodlikdan mahrum etilgan odamlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo’lish hamda e’tiqod, so’z va tinch uyushish erkinligiga nisbatan cheklovlar muammoligicha qolmoqda.

BMT organi nazarida ayni paytda O’zbekiston Jinoyat kodeksida “qiynoq” ta’rifi xalqaro me’yorlarga javob bermaydi va u o’zgartirilishi lozim. Qiynoq qo’llaganlikda aybdor topilganlar amnistiyaga tushayotgani ham tanqid ostida.

Mamlakatda ozodlikdan mahrum etilganlarni xo’rlash, ularga nisbatan noinsoniy munosabat, jumladan jinsiy zo’rlash, holatlari davom etmoqda, deyiladi hujjatda. Sudda qiynoq asosida qo’lga kiritilgan dalillardan foydalanish man etilishi, nohaq ayblanganlar o’zini oqlashi uchun mexanizmlar yaratilishi darkor.

Bundan tashqari, “tuhmat, prezidentni haqorat qilish va yolg’on ma’lumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik davom etayotgani ham tashvishga molik”.

Hisobotda qayd etilgan boshqa masalalar:

  • Oilaviy zo’ravonlik va er xotinni zo’rlashi haligacha jinoyat deb belgilanmagan. Jabrdiydalar uchun psixologik, ijtimoiy, huquqiy va reabilitatsion xizmatlar yetarli emas.
  • “Ekstremizm”, “ekstremistik faoliyat” va “ekstremistik materiallar” tushunchalari keng talqin qilinishi bois bu boradagi qonunchilik fuqaro huquqlarini cheklashda qo’l kelishi mumkin.
  • Siyosiy sabablar bilan qamalgan ayrim shaxslar ozod etilgan bo’lsa-da, qamoqxonalarda ular soni hanuz ko’p. Jinoyat kodeksining 221-moddasi qo’llanib, ularning jazo muddati uzaytirilmoqda.

Inson huquqlari qo’mitasi 2005-yildagi Andijon voqealarida yuzlab qurolsiz odamlarning o’ldirilishi yuzasidan hanuz adolat ta’minlanmaganini ham hukumatga eslatmoqda.

HRW O’zbekiston hukumatini BMT tavsiyalarini bajarishga da’vat etadi. O’zbekistonning xalqaro sheriklari, jumladan Yevropa Ittifoqi, ijobiy aloqalar inson huquqlari sohasida konkret qadamlar tashlanishiga bog’liq ekanini uqtirsin, deydi tashkilot.

“Nohaq qamalganlar ozod etilmaguncha, Jinoyat kodeksidan asossiz moddalar olib tashlanmaguncha, ayrim shaxslar o’tmishdagi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilmaguncha, O’zbekistonda islohotlar tugamasdan qolaveradi”, - deydi HRW vakili Hyu Vilyamson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG